4) jamlovchi son bir turdagi predmetlarning miqdorini jamlab, to`dalab ko`rsatadi.
Jamlovchi son miqdor songa quyidagi affikslarni qo`shish bilan hosil qilinadi:
a) miqdor songa –ov affiksini (ikkidan yettigacha bo`lgan sonlarga) qo`shish bilan: ikkov, uchov, to`rtov, beshov, oltov, yettov kabi. Ba’zan o`nsonidan ham yasaladi o`novi kabi. Bu affiks bilan yasalgan son otlashgan holda kelib, doimo egalik affikslari bilan birga (I shaxs birlik egalik affiksidan tashqari) qo`llanadi, ya’ni ular ko`pchiligi predmetning miqdoriga ko`ra belgisini ko`rsatmaydi, miqdor ma’nosi bilan birga predmetlik ma’nosini anglatadi: Ular ikkovi birining og`zidan biri olib, Qobilni past urib, Anvarni maqtab ketdilar (A.Qodiriy). Maqsud akaning qaytganini eshitganimiz hamon Oybek men Mirtemir uchchovimiz suyunib yugurdik (Z.Saidnosirova). b) miqdor songa –ala affiksini qo`shish bilan yasaladi: ikkala, uchala, to`rtala, beshala kabi. Olti va yetti sonlariga ham qo`shiladi. (Ikki va olti sonlariga qo`shilganda negiz oxiridagi i unlisi tushib qoladi). Teshaboy ikala otni jilovidan ushlab tolning naryog`iga olib o`tib ketdi (S.Ahmad). d) miqdor songa –ovlon affiksini qo`shish bilan yasaladi: ikkovlon, uchovlon. Bu affiks ham ikkidan yettigacha bo`lgan sonlarga qo`shiladi: Oltovlon ola bo`lsa og`zidagin oldirar, to`rtovlon tugal bo`lsa tepadagin endirar (Maqol). Otga bog`lanib kelgan jamlovchi son sifatlovchi aniqlovchi vazifasida keladi: Haqiqat uchun, Vatan uchun jonini ayamagan ikala pahlavon sal o`tmay jangda mardona halok bo`ldi. (SHukrullo)
Lekin jamlovchi son gapda ko`pincha ega, to`ldiruvchi, qaratqich-aniqlovchi, kesim vazifasida keladi: Ikkovlari kech salqinda adir tagida bitta-bitta yurib ketishyapti (S.Ahmad.). Uchalasining maqsadi bir. Talabalarning beshoviga ham mukofot topshirildi.
5) taqsim son predmetlarning miqdor jihatdan teng taqsimlanishini, guruhlanish miqdorini anglatadi.
Taqsim son quyidagicha yasaladi:
a) miqdor son negiziga –tadan affiksini qo`shish bilan: Azim har yelkasiga to`rttadan odam sig`adigan yigit bo`libdi (A.Qahhor). 2. Donalik anglatadigan sonni takrorlash yo`li bilan: bitta-bitta, uchta-uchta kabi. Ba’zan so`nggi qismga –dan chiqish kelishigi affiksi qo`shilishi ham mumkin: bitta-bittadan, uchta-uchtadan kabi.
3. Miqdor sonlarning takrorlanishi bilan yasaladi: ikki-ikki, uch-uch kabi.