Muqanna haqida Abu Rayhon Beruniy maʼlumotlari[tahrir | manbasini tahrirlash]
Buyuk olim Abu Rayhon Beruniy (973—1048) oʻz davri taqozosiga koʻra asarlarini arab tilida bitgan. Beruniyning birinchi yirik asari „Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“ kitobidir. Asarning arabcha nomi „Al-osor al-boqiya an-qurun al-xoliya“ boʻlib, Yevropada „Xronologiya“, oʻzbek sharqshunosligida „Osor al-boqiya“ nomi bilan mashhurdir. Beruniy „Osor al-boqiya“ni muhojirlik davrida yoza boshlagan va milodiy 1000-yili yozib tamomlagan. Bu asar katta shuhrat qozonib, Beruniy 27 yoshidayoq yirik olim sifatida eʼtirof etildi. „Osor al-boqiya“ning „Paygʻambarlik daʼvo qilgan kishilar va ularning aldangan ummatlari — ularga olamlar egasining laʼnati boʻlsin — tarixlari ustida soʻz“ bobida islomdan oldingi zamonlar va islom davrida paygʻambarlik yoki xudolik daʼvo qilgan kishilar haqida maʼlumot berilgan. Asarning Muqannaga bagʻishlangan qismi qisqacha. Chunki Beruniy Muqanna va uning tarafdorlari haqidagi batafsil maʼlumotlarni bundan oldin yozilgan „Oq kiyimlilar va karmatiylar haqida xabarlar“ kitobida bayon etganini taʼkidlaydi. Afsuski, bu asar bizgacha etib kelmagan.
Abu Rayhon Beruniyning „Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“ asari arabshunos olim Abdufattoh Rasulov tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilinib, 1968-yilda Toshkentda „Fan“ nashriyotida chop etilgan. Quyida keltirilgan parcha mazkur nashrdan olindi. Abu Rayhon Beruniy „Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar“dan
Paygʻambarlik daʼvo qilgan kishilar va ularning aldangan ummatlari — ularga olamlar egasining laʼnati boʻlsin — tarixlari ustida soʻz … Undan keyin Muqanna nomi bilan mashhur boʻlgan Hoshim ibn Hakim Marvda Kovakimardon nomli qishloqda yuzaga keldi. U bir koʻzli boʻlganidan yuziga koʻk shoyidan niqob tutgan edi. Muqanna oʻzining xudo ekanini daʼvo qildi va jasadga kirganini, chunki jasadga kirmasdan oldin birov unga qaray olmaganini aytdi. U Amudaryo orqali Kesh va Nasaf tomonlariga oʻtdi. Xoqonga xat yozib, undan yordam soʻradi, oq kiyimlilar va turklar uning atrofiga yigʻildilar, Muqanna ularga (boshqalarning) mollari va xotinlarini halol qildi, qarshilik koʻrsatganlarni oʻldirdi va Mazdakning barcha (yoʻl-yoʻrigʻini) ularga qonun qilib berdi, al-Mahdiy qoʻshinini sindirdi va oʻn toʻrt yil hukmronlik qildi. Nihoyat u hijriy bir yuz oltmish toʻqqizinchi yili qamal qilindi va oʻldirildi. Muqanna oʻrab olingach, jasadi yoʻq boʻlib ketishi va tobelari uning (yuqoridagi) gapiga ishonishlari uchun oʻzini olovga tashlagan edi. Uning kuyamanu yoʻq boʻlib ketaman (degan) moʻljali muyassar boʻlmadi, balki (uning jasadi) tanurdan topildi. Uning kallasi olinib, oʻsha kunlarda Halabda boʻlgan amir al-moʻʼminin al-Mahdiyga yuborildi.
Muqannaning Movarounnahrdagi tobelari koʻrinishda islom dinida boʻlsalar ham, ammo yashirin ravishda uning diniga amal qiladilar. Uning haqidagi xabarlarni forschadan arabchaga tarjima qildim va ularni „Oq kiyimlilar va karmatiylar haqida xabarlar“ (nomli) kitobimda toʻla bayon etdim[2].