8-MAVZU. FALSAFIY ANTROPOLOGIYA (INSON FALSAFASI) 114
8-MAVZU. FALSAFIY ANTROPOLOGIYA (INSON FALSAFASI) REJA: 1.
Sharq va G‘arb falsafasida inson muammosi.
2.
Falsafiy antropologiyaning paydo bo‘lishi va rivojlanishi, predmeti va vazifalari.
3.
Insonga introvertiv va ekstrovertiv yondashuvlar, biologizatorlik va sotsiologizatorlik
konsepsiyalari.
4.
Hayotning mazmuni va unda insonning vazifasi.
5.
Inson borlig‘ida o‘zlikni anglashning namoyon bo‘lishi.
Tayanch tushunchalar: Inson, shaxs, individ, antropologiya, inson — biologik mavjudot, inson —
ijtimoiy mavjudot, inson faolligi, inson qadri, introvertiv, ekstrovertiv, inson ehtiyojlari,
manfaatlari,maqsadi, ideallari, inson huquqi, barkamol inson, praksiologiya, faoliyatning atributlari.
Inson falsafiy muammo sifatida. Falsafa tarixida insonga murojaat etmagan, inson
moddiy va ma’naviy borlig‘ining turli tomonlarini bevosita yoki bilvosita tahlil qilmagan
faylasuf yoki falsafiy yo‘nalishni topish deyarli mumkin emas. Aksariyat falsafiy va diniy
tizimlar, katta olam yoki makrokosmga zid o‘laroq, insonga mikrokosm yoki kichik Koinot
sifatida qarab, uni butun olamni tushunish kaliti, deb hisoblaganlar. Faylasuflar inson sirining
tagiga etish borliq jumbog‘ining tagiga etish bilan barobar ekanligini qayta-qayta anglab
etganlar. Zero, Forobiy aytganidek, «Odamlar o‘zlarining xos xususiyatlariga va tabiiy
ehtiyojlariga ko‘ra jamiyat tuzadilar. Ularning harakat va fe’llarini dastavval bora-bora odatlarga
aylanadigan tabiiy qobiliyatlar belgilaydi»
1
. O‘z-o‘zingni angla va shu orqali dunyoni anglaysan.
Dunyoni insonning teran qatlamlariga kirmasdan, sirtdan bilishga bo‘lgan barcha
urinishlar,narsalar haqida faqat yuzaki tasavvur hosil qilish imkonini beradi. Insondan sirtga
qarab harakat qiladigan bo‘lsak, narsalar mohiyatini hech anglay olmaymiz, zero, bu mohiyat
insonning o‘zida mujassamlashgan. Bu fikr qadimgi mutafakkirlargayoq yaxshi ma’lum bo‘lgan.
Unga turli ko‘rinishlarda Sharqda ham, Yunon-rim falsafiy an’anasida ham duch kelish mumkin.
Xususan, antik davrda Delfidagi Apollon ibodatxonasiga kiraverishda ustunga o‘yib yozilgan,
rivoyatlarga qaraganda, Suqrot takrorlashni yaxshi ko‘rgan «O‘z-o‘zingni angla», degan ibora,
ayniqsa, mashhur bo‘lgan. Ajablanarlisi shundaki, oradan ikki yarim ming yil vaqt o‘tgach, hozir
ham bu fikr o‘z ahamiyatini yo‘qotgani yo‘q. U nafaqat narsalar dunyosini, balki inson
borlig‘ining mohiyatini, inson va ijtimoiy munosabatlarning asl tabiatini tushunishga harakat
qilayotgan har bir odam uchun o‘z-o‘zini anglashga chorlovchi fikr bo‘lib qolmoqda. Buni faqat
shu bilan izohlash mumkinki, ayni holda har bir yangi avlod o‘z davri hamda tabiiy-ilmiy va
falsafiy tasavvurlarning tegishli darajasi nuqtai nazaridan echishga harakat qiladigan o‘ta
murakkab, «boqiy» falsafiy masala lardan biri to‘g‘risida so‘z yuritiladi. Tarixga boshqa ko‘p
sonli iboralar ham ma’lum bo‘lib, ular vaqt, madaniyat va diniy e’tiqoddan qat’i nazar, inson
barcha zamonlarda butun dunyo mutafakkirlarining diqqat markazida bo‘lgani va hozir ham
shunday ekanligi, tayanch nuqtasi va hatto bilish mezoni bo‘lib xizmat qilishidan dalolat beradi.
Xususan, qadimgi xitoy faylasufi Lao Szi fikriga ko‘ra, «boshqalarni biluvchi –oqil, o‘zini
biluvchi –donishmanddir». Protagorning: «Inson barcha narsalar mezonidir», degan fikri ham
juda mashhur. «Tangri saltanati bizning ichimizdadir», deb o‘rgatgan Iso Masih.
Buddaviylarning: «O‘zligingga nazar tashla,sen Buddasan», degan chorlovi ham yuqoridagi fikr
bilan hamohangdir. Islomda «Kimki o‘zini bilsa, u Allohni ham bilgaydir», deyiladi. Demak,
inson o‘zini dunyodan oldinroq va ko‘proq biladi, ayni shu sababli, u dunyoni o‘zidan keyin va
o‘zi orqali anglab etadi. Falsafa dunyoni inson orqali ichdan bilishdir, fan esa insondan
tashqaridagi dunyoni yuzaki bilish demakdir. Insonda mutlaq borliq, insondan tashqarida esa –
nisbiy borliq namoyon bo‘ladi.
1
Ал-Фараби. Философия политики. –М.: 1989 г. с. 529.