Таълим ва инновацион тадқиқотлар (2022 йил № 2) ISSN 2181-1709 (P) 166 Education and innovative research 2022 y. №2
jarayonidir. Bu orqali bo‘lajak nutqiy muloqotga zamin hozirlanadi. Kattalar bilan bo‘ladigan
hissiy muloqotda bola tovush xususiyatlari, so‘zlarning talaffuz etilish ohangiga munosabat
bildiradi. Ushbu muloqotda nutq, kattalar faoliyatiga qo‘shimcha tarzda, faqat o‘zining tovush
jihati bilan ishtirok etadi. Biroq, nutq yoki so‘z doimo tamoman aniq xatti-harakat (tur, o‘tir),
muayyan buyum (piyola, koptok), unga oid aniq xususiyatlarni ifodalaydi. Kattalar bolaning
hatti-harakatlarini rag‘batlantirar yoki taqiqlar ekanlar, buyumlar, ularning xususiyatlari, turli
harakatlarni aniq ko‘rsatmasdan turib, ularni boshqara olmaydilar. Hissiy muloqot jarayonida
kattalar va bolalar bir-birlariga nisbatan umumiy munosabatlar: mamnunlik yoki noroziliklarini
ifodalaydilar. 6 oylikdan keyin bolaning hissiy olami kengayib kattalar bilan munosabatlari
ko‘lami boyiydi. Ularning hatti-harakatlari murakkablashib, bilish imkoniyatlari rivojlanadi va
muloqot doirasi kengayadi. Bu davrda bolaga ularni o‘rab turgan ko‘plab qiziq narsalar haqida
so‘zlab berish zaruriyati paydo bo‘ladi. Buni hissiyotlar yordamida amalga oshirish imkonsizdir.
Kattalar bilan nutqiy muloqotga kirishish ehtiyojining paydo bo‘lishi natijasida bolalar so‘zlarni
o‘rgana boshlaydilar.
Bola nutqidagi erkinlik, so‘zlarni tanlash, o‘z o‘rnida qo‘llash layoqatini shakllantirish
uning mantiqiy izchilligini ta’minlaydi. Masalan, maktabgacha yoshdagi bola bormoq –
ketmoq – qadam tashlamoq – oyog‘ini sudramoq ma’nodosh so‘zlar qatoridagi dastlabki ikki
so‘zdan faol foydalana oladi, lekin ushbu so‘zlarning barchasini tushuna oladi. Agar bolada fikr
ifodalash ehtiyojiga bog‘liq tarzda so‘zlarni tanlash va qo‘llash layoqati shakllanmagan bo‘lsa,
ularni taxminan qo‘llaydi. Agar bolada so‘zlarni tanlab qo‘llash layoqati shakllangan bo‘lsa,
fikr ifodalash ehtiyojiga mos tarzda ularni tanlab qo‘llaydi. Buning uchun bolada so‘zlarni
o‘z o‘rnida qo‘llash ko‘nikmasini shakllantirish kerak. Bola fikr ifodalayotganda o‘z lug‘atida
mavjud bo‘lgan so‘zlardan faqat bittasinigina qo‘llaydi. Biroq, bola o‘z so‘z zaxirasida bo‘lgan
barcha so‘zlardan birday faol foydalanish imkoniyatiga ega emas. Bola fikr ifodalash ehtiyoji
bilan bog‘liq tarzda o‘z zaxirasida mavjud bo‘lgan so‘zlardan foydalanadi. Masalan, bormoq
so‘zini emas, oyog‘ini sudramoq so‘z birikmasini qo‘llashi mumkin. Murakkab grammatik
(sintaktik) konstruksiyalarni faollashtirish ustida ishlashda ham xuddi shunday usuldan
foydalanish mumkin. Shu tariqa bog‘lanishli nutq tilning barcha imkoniyatlaridan unumli
foydalanishni taqozo qiladi. Shuning uchun ham bolalarga tilning tovush xususiyatlari, so‘z
boyligi, grammatik imkoniyatlarini izchil tarzda o‘rgatish talab etiladi.
Maktabgacha ta’lim muassasalarida nutq ustida ish olib borishning umumiy tizimida lug‘at
zahirasini boyitish, uni mustahkamlash va faollashtirish katta o‘rin tutadi. Bolaning lug‘at
zahirasini kengaytirmay turib, nutq muloqotini takomillashtirib bo‘lmaydi. Shu bilan birga,
bola yangi o‘zlashtirayotgan tushunchalarini ifodalovchi, olayotgan bilim va tasavvurlarini
mustahkamlovchi yangi so‘zlarni o‘zlashtirmay turib, uning bilimlari, tushunchaga oid
tafakkurini rivojlantirish mumkin emas. Shunga ko‘ra, maktabgacha ta’lim muassasalarida
lug‘at ustida ish olib borish bolalarning bilishga oid tushunchalarini rivojlantirish bilan uzviy
bog‘liqdir. Ushbu aloqadorlik doirasida lug‘at ustida ishlashning ahamiyatini ta’kidlab,
so‘zlar va ularning ko‘p ma’noliligini o‘rgatish ustida ish olib borishning muhimligini alohida
ko‘rsatib o‘tish kerak. Masalan, bolalarni atrofdagi narsalarning nomi, xususiyatlari, sifatlari
bilan tanishtirish sharoitida yangi so‘zlar kiritiladi: ko‘k (rangni ifodalash uchun), yangi
(«hozirgina tayyorlangan» ma’nosida) va h.k. Bu o‘rinda yangi so‘zlar narsalarning nomlari
va xususiyatlaridan kelib chiqqan holda o‘rgatilishi lozim. Bu bolaning nutqini o‘stirish nuqtai
nazaridan juda muhimdir. Bu jarayonda bolalar turli tushunchalarni ifodalovchi so‘zlarning
mazmun-mohiyatini anglaydilar hamda o‘zbek tilining so‘z boyligini izchil o‘zlashtiradilar. Har
bir so‘zning til nuqtai nazaridan tavsifi, ko‘p ma’noliligini hisobga olgan holda dastlab ularning
asosiy ma’nolari bolalar ongiga yetkaziladi.
Maktabgacha ta’lim jarayonida bolalarning nutqini rivojlantirish ustida ishlash davomida
tovush tomoniga alohida e’tibor qaratish muhim ahamiyatga ega. Nutqning tovush tomonini