I.O‘zbekiston Respublikasining qonuni Mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish to‘g‘risida 1-modda. Asosiy tushunchalar Mazkur Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar ishlatilmoqda:
«sertifikatlashtirish milliy tizimi» — davlat miqyosida amal qiladigan, sertifikatlashtirish o‘tkazishda o‘z tartib va boshqaruv qoidalariga ega bo‘lgan tizim;
«mahsulotlarni sertifikatlashtirish» (matnda bundan keyin «sertifikatlashtirish» deb yuritiladi) — mahsulotlarning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlashga oid faoliyat;
«muvofiqlik sertifikati» — sertifikatlangan mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash uchun sertifikatlashtirish tizimi qoidalariga binoan berilgan hujjat;
«muvofiqlik belgisi» — muayyan mahsulot yoxud xizmat aniq standartga yoki boshqa normativ hujjatga mos ekanligini ko‘rsatish uchun mahsulotga yoxud ko‘rsatilgan xizmatga doir hujjatga qo‘yiladigan, belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan belgi;
«mahsulotlarni (ishlarni, xizmatlarni) sertifikatlashtirish tizimi» — ayni bir xil standartlar va qoidalar qo‘llaniladigan muayyan mahsulotlar, ishlar yoki xizmatlarga taalluqli sertifikatlashtirish tizimi;
«sifat bo‘yicha ekspert-auditor» — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda attestatsiyadan o‘tkazilgan, muvofiqlikni baholash sohasidagi ishlarni olib borish uchun tegishli malakaga ega bo‘lgan mutaxassis;
«sertifikatlashtirish bo‘yicha inspeksiya organi» — qonun hujjatlarida belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan, sertifikatlashtirilgan mahsulotlar ustidan sertifikatlashtirish organlarining topshirig‘iga ko‘ra inspeksiya nazoratini amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
«sertifikatlashtirilgan mahsulotlar ustidan inspeksiya nazorati» — sertifikatlashtirilgan mahsulotlarning sertifikatlashtirilayotganda belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida amalga oshiriladigan sertifikatlashtirilgan mahsulotlarni davriy takroriy baholash tartib-taomili.
2-modda. Sertifikatlashtirishning maqsad va vazifalari Sertifikatlashtirish:
odamlarning hayoti, sog‘lig‘i, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki hamda atrof muhit uchun xavfli bo‘lgan mahsulotlar realizatsiya qilinishini nazorat etib borish;
mahsulotlarning jahon bozorida raqobat qila olishini ta’minlash;
mamlakat korxonalari, qo‘shma korxonalar va tadbirkorlar xalqaro miqyosdagi iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlikda va xalqaro savdo-sotiqda ishtirok etishlari uchun sharoit yaratish;
iste’molchini tayyorlovchining (sotuvchining, ijrochining) vijdonsizligidan himoya qilish;
mahsulot tayyorlovchisi (sotuvchisi, ijrochisi) ta’kidlagan sifat ko‘rsatkichlarini tasdiqlash maqsadlarida amalga oshiriladi.
Sertifikatlashtirish majburiy va ixtiyoriy tusda bo‘ladi.
3-modda. Sertifikatlashtirish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari Sertifikatlashtirish sohasidagi munosabatlar mazkur Qonun va unga muvofiq chiqariladigan O‘zbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari bilan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa — Qoraqalpog‘iston Respublikasining qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
4-modda. Xalqaro shartnomalar va bitimlar Basharti, xalqaro shartnoma yoki bitimda sertifikatlashtirish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan o‘zgacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, u holda xalqaro shartnoma yoki bitimning qoidalari qo‘llaniladi.
5-modda. O‘zbekiston Respublikasining sertifikatlashtirish organlari O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi (bundan buyon matnda «O‘zstandart» agentligi deb yuritiladi) O‘zbekiston Respublikasining milliy sertifikatlashtirish organidir.
«O‘zstandart» agentligi mazkur Qonunga muvofiq:
sertifikatlashtirish sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi, sertifikatlashtirish o‘tkazish yuzasidan umumiy qoidalarni belgilaydi, ular to‘g‘risida rasmiy axborotlar e’lon qilib boradi;
sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish dasturlarining loyihalarini ishlab chiqadi hamda ularni Hukumat muhokamasiga taqdim etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda sertifikatlashtirishning xalqaro tizimlariga qo‘shilish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi, shuningdek sertifikatlashtirish natijalarini o‘zaro e’tirof etish to‘g‘risida bitimlar tuzadi, sertifikatlashtirish masalalari bo‘yicha boshqa davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarda va xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘radi;
majburiy ravishda sertifikatlanadigan mahsulotlarning ro‘yxatini belgilaydi va uni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdig‘iga kiritadi;
sertifikatlashtirilgan mahsulotlarning, attestatsiyadan o‘tkazilgan sifat bo‘yicha ekspert-auditorlarning davlat reestrlarini yuritadi;
majburiy sertifikatlashtirish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi;
sertifikatlashtirish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari normalari buzilganligi uchun muvofiqlik sertifikatlarining va muvofiqlik belgilarining amal qilishini to‘xtatib turadi hamda ularni bekor qiladi.
«O‘zstandart» agentligining sertifikatlashtirish sohasidagi faoliyatini moliyaviy ta’minlash manbai -O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti mablag‘i, shuningdek «O‘zstandart» agentligi ko‘rsatayotgan xizmat uchun olinadigan haqdan iborat.
Mahsulotlarni sertifikatlashtirishga akkreditatsiya qilingan organlar:
mahsulotlarni sertifikatlashtirish tizimlarini tuzadilar va ularning amal qilishini ta’minlaydilar;
sertifikatlashtirishni tashkil etadilar va o‘tkazadilar;
milliy muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtiradilar, beradilar yoki chet el muvofiqlik sertifikatlarini e’tirof etadilar;
sertifikatlangan mahsulotlar ustidan nazoratni amalga oshiradilar.
Tegishli sertifikatlashtirish tizimi belgilagan tartibda akkreditatsiya qilingan sinov tajribalari (markazlari) muayyan mahsulotlarning sinovini yoki muayyan sinov turini amalga oshiradilar hamda sertifikatlashtirish maqsadlari uchun bayonnomalar beradilar.
«O‘zstandart» agentligi o‘z vazifalarining bir qismini mahsulotlarni sertifikatlashtirish organlariga va sinov tajribalariga (markazlariga) o‘tkazishga haqlidir.
6-modda. Sertifikatlashtirish ob’ektlari va sub’ektlari Mahsulotlar, shu jumladan dasturiy va boshqa ilmiy-texnikaviy mahsulotlar sertifikatlashtirish ob’ektidir.
«O‘zstandart» agentligi, akkreditatsiya qilingan sertifikatlashtirish organlari, sinov tajribalari (markazlari), sertifikatlashtirish bo‘yicha inspeksiya organlari, sifat bo‘yicha ekspert-auditorlar, muvofiqlikni baholash faoliyatida ishtirok etadigan xodimlar, shuningdek mahsulotlari sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan yuridik va jismoniy shaxslar sertifikatlashtirish sub’ektlaridir.
Sertifikatlashtirish sub’ektlari—yuridik shaxslar sertifikatlash-tirish milliy tizimi doirasida sertifikatlashtirish tizimlari tuzishlari mumkin. YUridik shaxslarning sertifikatlashtirish tizimlari «O‘zstandart» agentligi belgilagan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi shart.
II- BOB. SERTIFIKATLASHTIRISH FAOLIYATIGA DOIR UMUMIY TALABLAR 7-modda. Muvofiqlik sertifikati va muvofiqlik belgisi Mahsulotning belgilangan talablarga muvofiqligi tasdiqlangani taqdirda sertifikatlashtirish organi muvofiqlik sertifikati beradi, tayyorlovchi ana shu sertifikat asosida muvofiqlik belgisini ishlatish huquqiga ega bo‘ladi.
Sertifikatlashtirish tizimida foydalaniladigan muvofiqlik sertifikatlarining, namunalari, milliy muvofiqlik belgisining shakllari va hajmlari «O‘zstandart» agentligi tomonidan tasdiqlanadi.
Muvofiqlik sertifikatlari, muvofiqlik belgilari, sertifikatlashtirish organlari va sinov tajribalarining (markazlarining) akkreditatsiya qilinganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari «O‘zstandart» agentligi tomonidan belgilangan tartibda Davlat reestridan o‘tkazilishi shart.
Davlat reestrida ro‘yxatdan o‘tkazilmagan muvofiqlik sertifikatlari, muvofiqlik belgilari, sertifikatlashtirish organlari va sinov tajribalarining (markazlarining) akkreditatsiya qilinganlik to‘g‘risidagi guvohnomalari haqiqiy emas.
Muvofiqlik sertifikatidan, muvofiqlik belgisidan foydalanish huquqini arizachi boshqa yuridik yoki jismoniy shaxsga berishi man etiladi.
8-modda. Sertifikatlashtirish faoliyatini amalga oshirish Mahsulotlarni sertifikatlashtirishga akkreditatsiya qilingan organlar va sinov tajribalari (markazlari) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda berilgan akkreditatsiya to‘g‘risidagi guvohnoma asosida sertifikatlashtirish faoliyatini hamda sertifikatlashtirish maqsadida sinovlar o‘tkazish faoliyatini amalga oshiradilar.
Mahsulotlar sertifikatlashtirilayotganda arizachiga sertifikatni yoki muvofiqlik belgisini qo‘llash huquqi muvofiqlik sertifikatini bergan akkreditatsiya qilingan tegishli sertifikatlashtirish organi bilan tuzilgan bitim asosida beriladi.
9-modda. Sertifikatlashtirish to‘g‘risida axborot «O‘zstandart» agentligi tayyorlovchilarni (ijrochilarni), sotuvchilarni, iste’molchilarni va boshqa manfaatdor shaxslarni sertifikatlashtirishning amaldagi tizimlari, ularning organlari, sinov tajribalari (markazlari), ekspertlar to‘g‘risida, shuningdek muvofiqlik sertifikatlari, muvofiqlik belgilari va ularni qo‘llash qoidalari to‘g‘risida xabardor etib boradi.
Sertifikatlashtirish organlari arizachiga uning talabiga binoan mahsulotni sertifikatlashtirish uchun kerakli axborotni berishlari shart.
Arizachi sertifikatlashtirish organining talabiga binoan sertifikatlashtirish bilan bog‘liq axborotni taqdim etishi shart, tijorat siri hisoblangan ma’lumotlar bundan mustasno.
III- BOB. MAHSULOTLARNI MAJBURIY VA IXTIYORIY SERTIFIKATLASHTIRISH 10-modda. Majburiy sertifikatlashtirishni joriy etish Majburiy sertifikatlashtirishni o‘tkazish ishlarini tashkil etish «O‘zstandart» agentligi zimmasiga yoki uning topshirig‘iga binoan boshqa sertifikatlashtirish organlariga (ularni albatta akkreditatsiya qilgan holda) yuklatiladi.
Sertifikatlashtirilishi shart bo‘lgan mahsulotlarning ro‘yxatini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydi.
Odamlarning hayoti, sog‘lig‘i, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga hamda atrof muhitga zarar etkazishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarni tayyorlash, ulardan foydalanish, ularni tashish yoki saqlash xavfsizligini ta’minlovchi talablar bo‘lmagan taqdirda, «O‘zstandart» agentligi davlat boshqaruvining tegishli organlari bilan birgalikda bunday talabnomalarning kechiktirmay ishlab chiqilishi va amalga kiritilishini ta’minlaydi.
11-modda. Majburiy sertifikatlashtirishni o‘tkazish shartlari Majburiy sertifikatlashtirish ishlab chiqarishni tekshirishni, mahsulot xususiyati normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash uchun uni sinashni, sertifikatlashtirilgan mahsulotlar ustidan inspeksiya nazoratini o‘z ichiga oladi.
Sinovlar akkreditatsiya qilingan sinov tajribalari (markazlari) tomonidan tegishli normativ hujjatlarda belgilangan usullarda, bunday hujjatlar bo‘lmagan taqdirda esa tegishli sertifikatlashtirish organlari ishlab chiqqan usullarda amalga oshiriladi.
Majburiy sertifikatlashtirish ishlari uchun arizachi qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan tartibda haq to‘laydi.
Arizachi o‘z mahsulotini majburiy sertifikatlashtirishdan o‘tkazishga sarflagan mablag‘lar summasi shu mahsulot tannarxiga qo‘shiladi.
Majburiy sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan, ammo muvofiqlik sertifikatiga ega bo‘lmagan mahsulotni targ‘ib qilish man etiladi.
12-modda. Majburiy sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan mahsulotlarga qo‘yiladigan talablar Majburiy sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan mahsulotlar quyidagi hollarda:
sertifikatlashtirishga taqdim etilmagan bo‘lsa;
sertifikatlashtirish talablariga muvofiq emasligi sababli sertifikatlashtirishdan o‘tmagan bo‘lsa;
agar sertifikatning amal qilish muddati tugagan yoki uning amal qilishi to‘xtatib qo‘yilgan (bekor qilingan) bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasi hududida realizatsiya qilinishi mumkin emas.
Qonunga xilof tarzda muvofiqlik belgisi bosilgan mahsulotlarni realizatsiya qilish man etiladi.
13-modda. Tayyorlovchilarning (tadbirkorlarning) mahsulotlarni majburiy sertifikatlashtirish vaqtidagi majburiyatlari Majburiy sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan mahsulotlarni realizatsiya qiluvchi tayyorlovchilar (tadbirkorlar):
majburiy sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan mahsulotni sertifikatlashtirishga taqdim etishlari;
sertifikatlangan mahsulotni sertifikatlash organlarining o‘zi yoki ular e’tirof etgan organlar bergan sertifikat mavjud bo‘lgan taqdirdagina realizatsiya qilishlari va uning normativ hujjatlar talablariga mos bo‘lishini ta’minlashlari;
sertifikatlangan mahsulotni, basharti, u normativ hujjat talablariga muvofiq kelmasa, shuningdek sertifikatning amal qilish muddati tugagan yoxud uning amal qilishi sertifikatlashtirish organining qarori bilan to‘xtatib qo‘yilgan yoki bekor qilingan bo‘lsa, realizatsiya qilishni to‘xtatib qo‘yishlari yoki tugatishlari;
majburiy sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan mahsulotni sertifikatlashtiruvchi va sertifikatlangan mahsulotni nazorat qiluvchi organlarning mansabdor shaxslari o‘z vakolatlarini moneliksiz bajarishlari uchun sharoit yaratishlari;
sertifikatlangan mahsulot ishlab chiqarishning texnikaviy hujjatlariga yoki texnologik jarayoniga kiritilgan o‘zgartishlar haqida sertifikatlashtirish organini belgilangan tartibda xabardor etishlari;
ilova qilingan texnik hujjatda mahsulot muvofiq kelishi lozim bo‘lgan sertifikatlashtirish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni hamda normativ hujjatlarni ko‘rsatishlari va bu ma’lumotlar iste’molchi (haridor, buyurtmachi) e’tiboriga etkazilishini ta’minlashlari shart.
14-modda. CHetdan olib kelinadigan va chetga olib chiqib ketiladigan mahsulotlarni majburiy sertifikatlashtirish Majburiy sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasiga etkazib berish uchun tuziladigan kontraktlar (shartnomalar) shartida mahsulotlarning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlovchi, «O‘zstandart» agentligi tomonidan berilgan yoki e’tirof etilgan muvofiqlik sertifikatlari va muvofiqlik belgilari bo‘lishi nazarda tutilishi kerak.
Milliy muvofiqlik sertifikatlari va muvofiqlik belgilari yoki boshqa davlatlarning «O‘zstandart» agentligi tomonidan e’tirof etilgan muvofiqlik sertifikatlari va muvofiqlik belgilari bojxona yuk deklaratsiyasi bilan birgalikda arizachi (mahsulot etkazib beruvchi) tomonidan bojxona organlariga taqdim etiladi hamda ushbu hujjatlar mahsulotni tegishli bojxona rejimiga joylashtirish uchun asos bo‘ladi.
Olib kirilayotgan mahsulotning xavfsizligini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmagan taqdirda, bojxona organlari uni sertifikatlashtirishdan o‘tkazish to‘g‘risidagi masala hal etilguniga yoki chet el sertifikati milliy sertifikatlashtirish tizimi qoidalariga muvofiq e’tirof etilmaguniga qadar bunday mahsulotni tegishli bojxona rejimiga joylashtirishga yo‘l qo‘ymaydi, bundan vaqtincha saqlash va bojxona ombori bojxona rejimlari mustasno.
Sertifikatlashtirilishi shart bo‘lgan mahsulotlarni O‘zbekiston Respublikasi hududidan olib chiqish tartibini O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydi.
15-modda. Majburiy sertifikatlashtirish ishlarining davlat tomonidan moliyaviy ta’minoti Quyidagi ishlar:
sertifikatlashtirishni rivojlantirishning istiqbollarini, uni o‘tkazish qoidalari va tavsiyalarini ishlab chiqish;
sertifikatlashtirish sohasida rasmiy axborotlar bilan ta’minlash;
xalqaro (mintaqaviy) sertifikatlashtirish tashkilotlari ishida qatnashish hamda chet el milliy sertifikatlashtirish organlari bilan birgalikda ishlar o‘tkazish;
sertifikatlashtirish yuzasidan xalqaro (mintaqaviy) qoidalar va tavsiyalar ishlab chiqish hamda ularni ishlab chiqishda qatnashish;
sertifikatlashtirish yuzasidan umumdavlat ahamiyatiga molik ilmiy-tadqiqot ishlari va boshqa ishlar olib borish;
majburiy sertifikatlashtirish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshirish ishlari davlat tomonidan moliyalashtirilishi kerak.
16-modda. Majburiy sertifikatlashtirish talablariga rioya etilishi ustidan davlat nazorati Majburiy sertifikatlashtirish talablariga tayyorlovchilar (tadbirkorlar, sotuvchilar, ijrochilar) tomonidan rioya etilishi ustidan davlat nazoratini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda «O‘zstandart» agentligining davlat inspektorlari amalga oshiradi.
161-modda. Nazorat yusinidagi tekshiruv Sertifikatlashtirilgan mahsulotlar ustidan inspeksiya nazorati muvofiqlik sertifikatini bergan sertifikatlashtirish organlari yoki sertifikatlashtirish bo‘yicha inspeksiya organlari tomonidan amalga oshiriladi.
17-modda. Ixtiyoriy sertifikatlashtirish Har qanday mahsulot normativ hujjatlarning talablariga muvofiq ekanligini tasdiqlash uchun u yuridik va jismoniy shaxsning tashabbusi bilan ixtiyoriy sertifikatlashtirishdan o‘tkazilishi mumkin.
18-modda. Ixtiyoriy sertifikatlashtirishni amalga oshiruvchi sub’ektlar Ixtiyoriy sertifikatlashtirishni «O‘zstandart» agentligi belgilab qo‘ygan tartibda akkreditatsiya qilingan yuridik va jismoniy shaxslar amalga oshirishga haqlidir.
19-modda. Ixtiyoriy sertifikatlashtirish tizimlari
Sertifikatlashtirish qoidalari va tartibini belgilovchi ixtiyoriy sertifikatlashtirish tizimlarini akkreditatsiya qilingan organlar «O‘zstandart» agentligi bilan kelishgan holda belgilaydilar.
IV-BOB. NIZOLARNI QARAB CHIQISH. SERTIFIKATLASHTIRISH TO‘G‘RISIDAGI QONUN HUJJATLARINI BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK 20-modda. Mazkur Qonunni qo‘llash bilan bog‘liq nizolarni qarab chiqish Mazkur Qonunni qo‘llash bilan bog‘liq nizolar sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan tartibda qarab chiqiladi.
21-modda. SHikoyatlarni qarab chiqish Sertifikatlashtirish natijalaridan norozi bo‘lgan taqdirda manfaatdor tomon «O‘zstandart» agentligining SHikoyatlarni qarab chiqish kengashiga murojaat etishga haqlidir.
SHikoyatlarni qarab chiqish kengashi to‘g‘risidagi nizomni «O‘zstandart» agentligi ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
«O‘zstandart» agentligining SHikoyatlarni qarab chiqish kengashi sertifikatlashtirish organlari va sinov tajribalarining (markazlarining) qarorlari ustidan berilgan shikoyat arizalarini qarab chiqadi.
SHikoyat arizalari ikki hafta ichida qarab chiqiladi.
«O‘zstandart» agentligining, SHikoyatlarni qarab chiqish kengashining qarorlari ustidan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda sudga shikoyat qilish mumkin.
22-modda. Sertifikatlashtirish organlarining va sinov tajribalarining (markazlarining) javobgarligi Sertifikatlashtirish organi:
muvofiqlik sertifikatini asossiz va qonunga xilof tarzda berganlik uchun;
arizachiga nisbatan qonunga xilof xatti-harakatlar qilganlik uchun;
arizachining tijorat siri hisoblangan ma’lumotlarni oshkor etganlik uchun javobgar bo‘ladi.
Akkreditatsiya qilingan sinov tajribasi (markazi) sertifikatlashtirish organiga sinovlarning natijalari haqida noto‘g‘ri ma’lumot berganlik uchun javobgar bo‘ladi.
Sertifikatlashtirish organlari va sinov tajribalari (markazlari) mazkur moddada aytib o‘tilgan xatti-harakatlar natijasida arizachiga etkazilgan zararning o‘rnini qonun hujjatlarida belgilangan tartibda to‘la hajmda qoplashlari shart.
23-modda. Tayyorlovchilarning (tadbirkorlarning) majburiy sertifikatlashtirish qoidalarini bo‘zganlik uchun javobgarligi Tayyorlovchilar (tadbirkorlar) majburiy sertifikatlashtirish qoidalarini bo‘zganlik uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladilar.
Majburiy sertifikatlashtirilishi lozim bo‘lgan sertifikatlash-tirilmagan mahsulotni realizatsiya qilganlik uchun tayyorlovchining (tadbirkorning) mansabdor shaxslari, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkor — tayyorlovchilar ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganligi tayyorlovchilarni (tadbirkorlarni) majburiy sertifikatlashtirishni o‘tkazishdan ozod qilmaydi.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV Toshkent sh.,1993 yil 28 dekabr,1006-XII-son