1.3. Sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash bo‘yicha me’yoriy hujjatlar
Muvofiqlikni baholash jarayonlarining dunyo miqyosida uyg‘unlashuvi, xalqaro savdo–sotiqni kengaytirish uchun istiqbolli imkoniyatlarni ochib beradi. Mamlakatlararo savdoni amalga oshirish uchun asosiy to‘siqlardan biri shundan iboratki, eksportyorlar mahsulotlarning turli qimmat narxli sinovlari va sertifikatlashlarini o‘tkazishga majburlar. Muvofiqlikni baholashning noshaffof yoki haq-huquqni cheklovchi jarayonlari o‘zaro savdoda “texnik to‘siq” bo‘lishi mumkin.
Xalqaro talablarga muvofiq muvofiqlikni baholash bo‘yicha organlar (sertifikatlashtirish organlari, sinov va kalibrlash laboratoriyalari, inspeksiya organlari) akkreditatsiyadan o‘tkaziladi.
Muvofiqlikni baholash bo‘yicha organlarni akkreditatsiyalash Akkreditatsiya bo‘yicha organ tomonidan amalga oshiriladi.
ISO/MEK 17000 «Muvofiqlikni baholash. Lug‘at va umumiy prinsiplar» standartiga muvofiq, akkreditatsiyalash - muvofiqlikni baholashga tegishli bo‘lgan, muvofiqlikni baholash bo‘yicha muayyan vazifalarni bajarish uchun uning kompetentligining rasmiy isboti bo‘lib xizmat qiluvchi, uchinchi taraf tomonidan muvofiqlikni tasdiqlashdir (1.4-rasm).
Boshqacha qilib aytganda, akkreditatsiyalash - Akkreditatsiya bo‘yicha organ tomonidan Muvofiqlikni baholash bo‘yicha organni belgilangan talablarga muvofiqligini baholash va ijobiy hollarda uning belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash jarayonidir.
Muvofiqlikni baholash bo‘yicha organlarga qo‘yilgan talablar Standartlashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilot (ISO)ning tegishli standartlarida belgilangan. Masalan: mahsulotlarni sertifikatlashtirish organlariga qo‘yilgan talablar ISO/MEK 65, sinov va kalibrlash laboratoriyalariga qo‘yilgan talablar ISO/MEK 17025, inspeksiya organlariga qo‘yilgan talablar ISO/MEK 17020 standartlarida belgilangan. Akkreditatsiya bo‘yicha organga qo‘yilgan talablar esa ISO/MEK 17011 standartida belgilangan.
1.4-rasm. Sertifikatlashtirish va muvofiqlikni baholash sohasidagi me’yoriy hujatlar tuzilmasi
Akkreditatsiya bo‘yicha organ muvofiqlikni baholash bo‘yicha organlarning vakolatini baholaydi. Akkreditatsiya bo‘yicha organ akkreditlangan muvofiqlikni baholash bo‘yicha organlarning muvofiqlikni baholash natijalarini xalqaro miqyosda tan olish yo‘li bilan savdoga ko‘maklashishi mumkin. Bunday baholash, agar bir xil mezonlar bo‘yicha o‘tkazilgan va Akkreditatsiya bo‘yicha organ bilan o‘zaro tan olish bitimiga a’zo bo‘lsa, nufuzli bo‘ladi (1.5-rasm).
Muvofiqlikni baholash bo‘yicha organlar mahsulot, xizmat va jarayonlarning belgilangan talablarga muvofiqligini baholaydi. Xaridorlar belgilangan talablarga muvofiq bo‘lgan mahsulotni (shu jumladan xizmatlarni) oladi yoki o‘zlari ham ma’lum talablarga muvofiq bo‘lgan yetkazib beruvchilardan sotib oladi.
Texnik reglamentlar muvofiqlikni baholashda asosiy boshqaruv qo‘llanmasi bo‘lib hisoblanadi. Shunga asosan, bir mamlakatda boshqa mamlakatlar talablaridan jiddiy farq qiladigan keraksiz qoidalar yoki texnik reglamentlarni yoki uning alohida talablarini amalga kiritish o‘zaro savdoda yangi texnik to‘siqlarga paydo qilish ehtimolini oshiradi. Import qiluvchi mamlakatda xorijiy organlarning muvofiqlikni baholash natijalarini qabul qilish uchun asos bo‘lmagan taqdirda, bunday to‘siqlar yanada murakkablashadi.
Akkreditatsiya bo‘yicha xalqaro Forum (IAF) va laboratoriyalarni akkreditatsiya qilish xalqaro Tashkiloti (ILAC) juda ko‘plab milliy akkreditatsiya organlari a’zo bo‘lgan taniqli xalqaro tarmoqlardandir. IAF va ILAC milliy akkreditatsiya tizimlari orqali sertifikatlashtirish organlari va sinov va o‘lchash laboratoriyalari natijalarini xalqaro darajada tan olishni o‘z maqsadlaridan biri sifatida ko‘radi.
Muvofiqlikni baholash sohasidagi umumiy prinsiplar, akkreditatsiyalovchi idoralarga, sinov va kalibrlash laboratoriyalari omilkorligiga, sifat tizimlarini sertifikatlashtirish idoralariga, turli xildagi nazorat idoralari faoliyatining umumiy mezonlariga hamda mutaxassislarni sertifikatlashtirish idorlariga qo‘yilgan umumiy talablarni o‘z ichiga olgan xalqaro standartlar O‘zbekiston davlat standartlari sifatida qabul qilindi.
O’z DSt ISO/IEC 17000 «Muvofiqlikni baholash. Lug‘at va umumiy prinsiplar»;
O’z DSt ISO/IEC 17011 “Muvofiqlikni baxolash idoralarini akkreditatsiyalovchi idoralarga qo‘yilgan umumiy talablar”;
O’z DSt ISO/IEC 17025 «Sinov va kalibrlash laboratoriyalari omilkorligiga qo‘yilgan umumiy talablar»;
O’z DSt ISO/IEC 17021 «Sifat tizimlari auditini o‘tkazish va sertifikatlashtirish idoralariga qo‘yilgan umumiy talablar»;
O’z DSt ISO/IEC 17020 «Turli xildagi nazorat idoralari faoliyatining umumiy mezonlari»;
O’z DSt ISO/IEC 17024 “Xodimlarni sertifikatlashtirish idorlariga qo‘yilgan umumiy talablar”
Xalqaro standartlardan foydalanish bilan bir qatorda, xalqaro amaliyotlarni respublikamizga tadbiq etish va shu orqali muvofiqlikni baholash faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha agentlik tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.