4Cs+O2→2Cs2O
Seziyning suv bilan ta’sirlashuvidan esa seziy gidroksidi hosil bo‘ladi va jarayonda vodorod ajralib chiqadi. Reaksiyada portlash yuz beradi:
2Cs+2H2O→2CsOH + H2
Seziy muz bilan (hatto −120℃ haroratda ham), oddiy spirtlar bilan, galogenoorganik birikmalar bilan, og‘ir metallarning galogenidlari bilan, kislotalar va quruq muz bilan ham reaksiyaga kirishadi. Seziy elementning faolligi uning yuqori darajadagi manfiy elektrokimyoviy potensiali bilan birga, shuningdek, erish va qaynash haroratlarining ham ancha past ekani bilan ham uzviy bog‘liqdir.
Seziy tuzlari suvda va qator organik eritmalarda favqulodda oson eriydi va perxloratlarda nisbatan qiyin eriydi. Nisbatan faol metall bo‘lishiga qaramay, litiydan farqli o‘laroq, seziy oddiy sharoitlarda azot bilan reaksiyaga kirishmaydi va kuchli qizdirilganda ham seziy azotli birikmalar hosil qilmaydi.
O‘ta faol elementligi sababli, seziyni faqat maxsus, bardoshli materialdan tayyorlangan idishlarda va argon, yoki, vodorod atmosferasi ichidagi muhitda saqlanadi.
Olinishi
Seziy asosan pollutsit mineralidan xlorid yoki, sulfat vositasida ochish usuli bilan, turli birikmalar ko‘rinishida ajratib olinadi. Jarayonda, mineralga xlor kislotasi bilan ishlov beriladi va qaynoq suvda, yoki, ammiak eritmasida yuvib tashlanib, yakunda seziy xloridi CsCl olinadi. Sulfat bilan ishlov berilganda esa, yakuniy natijada seziyning alyuminiy bilan birikmasi ko‘rinishidagi achchiqtosh CsAl(SO4)2·12H2O olinadi.
Sof seziy olish uchun uni vakuumda ko‘p marotaba rektifikatsiya qilinadi. Sof holdagi seziy olish masalasi metallurgiyadagi eng dolzarb masalalardan biri sanaladi. Chunki, seziy metalliga ehtiyoj mavjud sohalarda odatda uning 99,9 – 99,999 % darajadagi sof metalli zarur bo‘ladi. Bunday soflikka ega seziy olish esa o‘ta murakkab texnologik jarayonlarni talab qiladi. Jarayonda xom-ashyo mineralga xlor yoki, sulfat bilan ishlov berilgach, metallokeramik filtrlarda uni turli mexanik aralashmalardan tozalash, vodorod, azot va kislorod qoldiqlaridan xalos qilish uchun getterlarda qizdirish, hamda, ko‘p marotaba takror-takror bir necha bosqichli kristallashdan o‘tkaziladi. Amaldagi seziy olish usullarining barchasi murakkab va qiyin bo‘lib, juda qimmat jarayonlardir.
Asosiy konlari
Seziy elementning jahon zaxiralari taxminan 70000 tonna atrofida deb baholangan (2012-yilgi ma’lumot). Asosiy seziy konlari Kanadada joylashgan. Bu mamlakatning Tanko nomli kon hududida, dunyo seziy zahirasining taxminan 70% qismi markazlashgan. Shuningdek, seziyli minerallarni Zimbabve va Namibiyada ham qazib olinadi. Bundan tashqari, Qozog‘iston va Mo‘g‘ulistonda, hamda Italiyaning Elba orolida ham seziy minerallariga ega konlar aniqlangan. Lekin, bu konlarda seziy miqdori o‘ta kamligi tufayli, ularni qazib olishning iqtisodiy jihatdan foydasi yo‘q.
Jahon bo‘ylab yillik sof metall seziy olish miqdori taxminan 9 tonna atrofida. Tahlilchilarning fikriga ko‘ra, seziyga bo‘lgan talab va taklif orasidagi tafovut 8 barobarga farq qiladi va ishlab chiqaruvchilar bozor talablarini hech qachon qondira olmaydi.
Fizik xossalari
Seziy yumshoq metall bo‘lib, erish harorati nisbatan past bo‘lgan uchun, odatda, xona haroratida erishga yaqin turgan yarim suyuq holda bo‘ladi (Seziyning erish harorati 28,6 ℃). Moos shkalasiga ko‘ra seziyning qattiqlik ko‘rsatkichi 0,2 ga teng.
Metall seziy tashqi ko‘rinishi oltinga o‘xshash, lekin yanada yarqiroq tusga ega bo‘ladi. Erigan holatda esa u kumush rangiga kiradi va bu juda harakatchan suyuqlikka aylanadi. Suyuq seziy yorug‘likni yaxshi akslantiradi. Seziy bug‘lari esa yashil-moviy rangda bo‘ladi. Bu element boshqa ishqoriy metallar bilan oson eruvchan qotishmalar hosil qiladi. Seziyning kaliy va natriy bilan qotishmalari −78℃ darajadayoq eriydi.
Izotoplari
Seziy monoizotop element bo‘lib, tabiatda uning yagona izotopi 133Cs tarqalgan xolos. Shuningdek yadroviy reaksiyalarda seziyning o‘ta beqaror bo‘lgan radioaktiv izotoplari aniqlangan bo‘lib, ularning massa soni 112 dan 151 gacha bo‘lishi mumkin va bunda yadrodagi protonlar soni 55 ta, neytronlar soni esa 57 tadan 96 tagacha o‘zgarishi mumkin. Bundan tashqari seziy elementining 22 xil yadroviy izomeri ham aniqlangan.
Seziyning radioaktiv izotoplari orasida eng uzoq yashovchani bu 135Cs bo‘lib, uning yarim yemirilish davri taxminan 2,3 million yilni tashkil qiladi. Undan keyingi nisbatan uzoq yarim yemirilish davriga ega radioaktiv seziy izotopi esa 137Cs bo‘lib, u ≈30,17 yilda yarim parchalanadi.
Seziyning radioaktiv izotoplari eng ko‘p uchraydigan radioaktiv ifloslantiruvchi moddalar sirasiga kiradi. Birinchi navbatda, bu 137Cs radioaktiv seziy izotopi bo‘lib, yadroviy sinovlarda va avariyalarda biosferaga tarqalishi, natijada esa, keyingi 30 yil mobaynida zarar keltirishi mumkin. Seziy-137 beta-yemirilish orqali parchalanadi va natijada barqaror bo‘lgan bariy-137 izotopi hosil bo‘ladi.
Biologik ro’li
Tirik organizmlarda – o‘simlik va hayonlarda seziy doimiy mavjud bo‘ladigan mikroelement hisoblanadi. Masalan, dengiz suvo‘tlarida har bir gramm qurigan o‘t uchun 0,01-0,1 mkg seziy mavjud bo‘ladi; hayvonlar tanasiga seziy suv va ozuqa orqali tushadi. Bo‘g‘imoyoqlilar organizmda taxminan 0,067-0,5 mkg/gramm seziy bo‘ladi. Sudralib yuruvchilarda bu raqam 0,04 mkg/gramm, sut emizuvchilarda esa 0,05 mkg/gramm atrofida bo‘ladi.
Seziy elementi nisbatan past toksik modda bo‘lib, uning o‘simlik va hayvonlar organizmidagi biologik ahamiyati to‘liq o‘rganilmagan.
Dostları ilə paylaş: |