§. To’lov balansi, uni tuzish tamoyillari asosiy bo’limlari
To’lov balansi - xalqaro hisob-kitob balanslarida markaziy o’rinni egallaydi. U mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalarining masshtabi, tarkibi va xususiyati to’g’risida miqdor va sifat tavsifini beradi. To’lov balansi - aniq bir vaqt mobaynidagi chet eldan kelgan tushumlar va chet elga qilingan to’lovlar miqdorining nisbatidir.
To’lov balansi davrli va fursatli bo’ladi. Davrli to’lov balansi aniq bir vaqt (yil, oy, chorak) oralig’ida tushumlar va to’lovlarning o’zgarishini va davlatning tashqi iqtisodiy faoliyati sohasidagi o’zgarishlar va iqtisodning holati, rivojlanishini ifodalaydi. Fursatli (aniq bir muddatdagi) to’lov balansi statistik ko’rsatkichlarni chop etish shaklida e’lon qilinmasa ham, ma’lum bir vaqtda bajarilishi lozim bo’lgan kunlik to’lov va tushumlar nisbatini ifodalaydi.
Agar valyuta tushumlari to’lovlardan oshsa balans aktiv, aks holda passivdir. Hisob-kitob balansi va to’lov balansi orasidagi farqlar quyidagidir:
to’lov balansida mamlakatning valyuta tushumlari va to’lovlari o’z ifodasini topadi, hisob balansida esa, davlatning tashqi iqtisodiy aloqalar bo’yicha talab va majburiyatlari hisobga olinadi;
to’lov balansi faqat real tushum va to’lovlarni ifodalaydi, hisob-kitob balansi esa hali to’lanmagan qarz va majburiyatlarini ham o’z ichiga oladi;
to’lov balansida hisob-kitob balansida o’z ifodasini topgan xali «uzilmagan» berilgan va olingan kreditlar hisobga olinmaydi;
to’lov va hisob-kitob balanslarining oxirgi saldolari-aktiv yoki passiv bo’lishi mohiyati jihatdan mos kelmaydi va qarama-qarshidir. Chunki kreditor davlatlarning hisob-kitob balanslari asosan aktiv, to’lov balanslari esa passiv (AQSh, GFR, Yaponiya va boshqalar) bo’lishi mumkin. Qarzdor mamlakatlarda esa passiv hisob- kitob balansi saldosi ba’zi vaqtlarda aktiv to’lov balansi saldosiga to’g’ri keladi;
to’lov balansi faqat to’langan eksport va importni o’z ichiga oladi, hisob-kitob balansi esa hali to’lanmagan, kreditga berilgan tovaroobortni ham o’z ichiga oladi.
Shunday qilib, to’lov va hisob-kitob balanslari orasidagi farq xalqaro kredit munosabatlarining rivojlanishi bilan aniqlanadi. E’lon qilinuvchi to’lov balanslari operatsiyalari xususiyatiga ko’ra ikki asosiy bo’limni o’z ichiga oladi:
- bo’lim - joriy operatsiyalar bo’yicha to’lov balansi:
tashqi savdo operatsiyalaridan tushumlar va savdo balansi;
xizmatlar (xalqaro yuk tashishlar, fraxt, sug’urta va boshqalar) va notijorat (patentlar bo’yicha hisob-kitoblar, texnik yordam) balansi, investitsiya bo’yicha daromad va to’lovlar.
-bo’lim - kapital va kredit harakati balansi (qisqa va uzoq muddatli operatsiyalar).
Tarixan tashqi savdo xalqaro iqtisodiy aloqalarni olib borish va rivojlantirishning boshlang’ich nuktasi hisoblangan . Shuning uchun ham tashqi savdo to’lov balansida asosiy o’rinni egallaydi. Tovarlarni eksport va import qilish jarayoni tashqi savdo balansida o’z ifodasini topadi. Alohida olingan davlatning tashqi savdo balansi aktiv yoki passiv bo’lishi mumkin. Bu hol mamlakatning tashqi iqtisodiy aloqalarining rivojlanish darajasiga mamlakatning jahon bozoridagi mavqeiga, uning eksport qudratiga va boshqa sabablarga bog’liq bo’ladi. Ba’zi Yaponiya, Germaniya kabi rivojlangan mamlakatlarning tashqi savdo balansining aktiv qoldikka ega bo’lishi bu davlatlarning boshqa xorijiy mamlakatlar zaminida iqtisodining rivojlanishiga asos bo’lmoqda.
Xizmatlar balansi yuklarni etkazib berish, sug’urtalash, elektron, telegraf, telefon, aloqaning boshqa turlari,xalqaro turizm, tajriba almashish, diplomatik xizmatlar, ilm-madaniyat sohasida anjumanlarni o’tkazish, yarmarka, reklamalar o’tkazish va boshqalar bilan bog’liq bo’lgan xizmatlar bo’yicha bo’ladigan chet el valyutasidagi to’lovlarni va tushumlarni o’z ichiga oladi.
Kapital va kreditlar harakati balansi davlat va xususiy kapitalning kirib kelishi va chiqib ketishi hamda xalqaro kreditlar berish va olish bilan bog’liq bo’lgan operatsiyalarni ifoda qiladi. O’zining muddatliligiga qarab kapital va kreditlar oqimi qisqa muddatli va uzoq muddatli bo’lishi mumkin.
Kapital va kredit oqimi balansiga «xatolar va hisobga olinmagan» moddasi biriktiriladi. U qisqa muddatli kapitalning hisobga olinmagan harakatini ifodalaydi. Valyuta zaxiralarining o’zgarishi Markaziy banklarning Xalqaro valyuta operatsiyalarini belgilaydi, ular to’lov balansini tenglashtirish va milliy valyuta kursini ushlab turish bilan bog’liqdir. AQShda joriy to’lov balansi «doimiy» passivdir. Manfiy saldo 1988-94 yillari 100 mln. dollar (yiliga) atrofida bo’ldi, Tashqi qarzning tabiiy to’planishi yuz bermokda. Shu bilan birgalikda AQShda boshqa mamlakatlarning majburiyatlari yig’ilmoqda. Bir qator davlatlarda (GFR, Yaponiya, Shveytsariyada) aktiv saldo ko’zga tashlanadi. Shu davr ichida yillik sof aktiv GFRda 51 mln. dollar, Yaponiyada 40,8 mln. dollardir. Shimol-Janub moliyaviy o’zaro aloqalari natijasida «uchinchi dunyo» mamlakatlarining qarzi 90- yillar boshida 1,5 trln. dollarga etdi.
To’lov balansining saldosi aniqlanganda, uning moddalari asosiy va balanslovchilariga bo’linadi. Asosiy moddalarga to’lov balansi saldosiga ta’sir etadigan va nisbiy mustaqillikka ega operatsiyalar kiradi:
joriy operatsiyalar va uzoq muddatli kapital harakati.
Balanslovchi moddalarga mustaqillikka ega bo’lmagan, yoki cheklangan mustaqillikka ega operatsiyalar kiradi. Bular to’lov balansi saldosini tugatish manbalari va vositalari:
valyuta zaxiralari harakati;
qisqa muddatli aktivlarning o’zgarishi;
xorijiy yordamning ba’zi bir turlari;
tashqi davlat zayomlari va boshqalar.
Asosiy va balanslovchi moddalarning yakuniy ko’rsatkichlari bir-birini qoplaydi, ya’ni to’lov balansi rasman muvozanatlashadi.
Agar to’lovlar tushumlardan oshsa, defitsitni qoplash muammosi paydo bo’ladi. Buning uchun an’anaviy manbalar va usullar, ya’ni zayom va tadbirkorlik kapitalini kiritishdan foydalaniladi. Bu vaqtinchalik usuldir. Chunki qarzdor davlat foiz, devidend va zayom summasini to’lab berishi lozim.
Passiv saldo balansini qoplashning yangi usuli Markaziy banklarning milliy valyutada beradigan svop kelishuvi bo’yicha qisqa muddatli kreditidir.
To’lov balansining vaqtinchalik defitsitini qoplash uchun XVF a’zo davlatlarga rezerv (shartsiz) kreditini beradi(kvotaning 25% chegarasida).
Rivojlanagan davlatlar o’z to’lov balansi defitsitini qoplash uchun bank konsortsiumlari kreditlari, obligatsiyali zaemlardan foydalanadi.
To’lov balansi defitsitini vaqtinchalik qoplash usullariga shuningdek «xorijiy yordam» liniyasidan olingan imtiyozli kreditlar kiradi.
To’lov balansini balanslashning oxirgi usuli bu rasmiy oltin valyuta zaxiralardan foydalanishdir.
To’lov balansini yakuniy balanslashning asosiy usuliga chet el konvertirlanadigan valyuta zaxirasi kiradi.
70-yillardan boshlab to’lov balansi defitsitini qoplash uchun xorijiy valyutani sotib olishda SDR dan foydalanila boshladi.1979 yildan boshlab EVT davlatlari bu maqsadda EKYu dan ham foydalanadi. to’lov balansi defitsitini qoplashning oxirgi vositasi subsidiya va in’omlar tarzidagi xorijiy yordam hisoblanadi.
To’lov balansini muvozanatlashning yordamchi usullariga chet el va milliy qimmatli qog’ozlarni chet el valyutasiga sotish kiradi.
Masalan, AQSh passiv saldoni qoplash maqsadida xazina oblagatsiyalarini xorijiy davlatlar Markaziy banklarida saqlaydi.
To’lov balansini tuzish uslubi.
Xalqaro iqtisodiy aloqalar natijasini baholash va ko’lamini hisoblashga o’rinishlar XIV asr oxirlariga to’g’ri keladi.
XX asr boshlarida AQSh va Angliyada to’lov balansini tuzish usullari keng rivoj topdi. 1923 yilda AQShda 1922 yilgi ko’rsatkichlar natijalari bo’yicha to’lov balansini tuzish va uni e’lon qilishga urinish bo’lgan. 1943 yili amerika iqtisodchisi X.Leri AQShning 1919-1939 yilgi to’lov balansini tuzdi. Uning asosida ikkinchi jahon urushidan keyin to’lov balansi tuzildi. 1946 yildan boshlab chorak va yillik to’lov balanslari hisobotlari AQSh savdo Vazirligi jurnali «Servey of karrent biznes»da chop etila boshladi.
1947 yili BMT hujjati sifatida to’lov balansi sxemasi yaratildi. U XVFning to’lov balansini tuzish shakllari va tamoyillarini ishlab chiqishiga asos bo’ldi. XVF «to’lov balansi bo’yicha qo’llanma» chiqarib rivojlantirishni davom ettirdi. Ular o’z sxemalarini universallashtirishga harakat qilishadi, chunki bu rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar balanslarini solishtirish imkonini beradi. Joriy ma’lumotlarni qayta ishlab XVF ekspertlari aniqliklar kiritadi, norasmiy ma’lumotlardan foydalanishadi, to’lov balanslari moddalarini qayta guruhlashadi va boshqa ishlarni bajarishadi. Bu tekshirilaetgan jarayonni kulami to’g’risida fikr yuritish imkonini beradi.