BOB. KREDITNING ZARURLIGI, MOYOIYATI VA
FUNKTSIYALARI
1-§. Fondlarning aylanishini o’ziga xos xususiyatlari va kreditning
zarurligining boshqa omillari
O’zining tarixiy rivojlanishida kredit bir necha bosqichlami bosib o’tgan.
Birinchi shakllanishi. Bu bosqichning asosiy belgisi ssuda kapitali bozorida maxsus vositachilarning yo’qligi edi. Kredit munosabatlari, bo’sh pul mablag’larning egasi va qarz oluvchi o’rtasida bevosita amalga oshirilar edi. Bu erda kredit sudxo’rlik kapitali sifatida namoyon bo’ladi. Uning xarakterli belgilari sifatida quyidagilarni belgilab o’tish mumkin:
qarz beruvchi va qarz oluvchi o’rtasidagi, to’g’ridan-to’g’ri kelishuvga asoslangan qarz munosabatlarining to’liq markazlashmaganligi;
mablag’larni taqsimlashning cheklanganligi;
qarz mablag’laridan foydalanganligi uchun juda yuqori foiz normalarining belgilanganligi va boshqalar.
Bu bosqichning tugallanishi ishlab chiqarish maqsadlari uchun moliyaviy qarz resurslariga bo’lgan ehtiyojning keskin oshishiga olib kelgan kapitalistik ishlab chiqarish usuli bilan bog’liq. Alohida olingan sudxo’rlarning individual kapitallari ko’rsatilgan talablarni qondirish uchun etarli emas edi. Bu esa ba’zi mulkdorlar tomonidan boshqa mulqdorlar pul mablag’larini jalb qilish hisobidan o’z faoliyatini olib borishga majbur qilardi.
Tarkibiy jihatdan rivojlanish. Kredit rivojlanishining bu bosqichi ssuda kapitali bozorida kredit-moliya tashkilotlari ko’rinishidagi maxsus vositachilarining paydo bo’lishi bilan xarakterlanadi.
Katta sudxo’rlik va sarroflik idoralari zaminida vujudga kelgan dastlabki banklar o’z zimmasiga ko’pchilik kredit institutlariga keyinchalik an’nanaviy bo’lib qolgan, eng kerakli funktsiyalarni oldi. Bular:
bo’sh moliyaviy mablag’larni foiz bilan vaqtida to’lash majburiyati asosida qarz oluvchiga berishiga asoslanib jamg’arish;
yuridik va jismoniy shaxslar uchun har xil to’lov va hisob-kitoblar bo’yicha xizmat ko’rsatishi (keyinchalik davlat uchun ham);
qator maxsus moliyaviy operatsiyalarni o’tkazish (masalan, veksel munosabati mexanizmi bo’yicha xizmat ko’rsatish va boshqalar).
Maxsus vositachilarga ssuda kapitali bozorida bo’lgan talab, shuningdek, foydaning yuqori normasi bank tizimining boshqa faoliyat sohalaridan keladigan kapital oqimi hisobiga rivojlanishini aniqlab beradi (yangi vujudga kelayotgan kredit tashkilotlarining tuzuvchilari sudxo’r va sarroflar bo’lmay, balki sanoat va savdo kapitalistlari edi). Rivojlanish bosqichida ssuda kapitali bozoridagi munosabatlar ma’lum darajada shakliy xarakter ola boshladi, kreditlashning malum bir turdagi jarayonlari o’rnatildi, ssuda kapitalining o’rtacha regional va o’rtacha milliy normalari o’rnatildi va h.k. Biroq kredit tashkilotlarning faoliyati haligacha markazlashmagan edi. Bu esa ssuda kapitali bozorining rivojlanishiga to’sqinlik qilardi va iqtisodiyotning tsiklik rivojlanish sharoitlarida moliyaviy bozorning boshqa bo’g’inlarida nomutanosibliklarni keltirib chiqardi.
Yoozirgi ahvoli. Bu bosqichning asosiy belgisi - iqtisodiyotda kredit munosabatlarini davlat tomonidan markazlashgan holda boshqarilishidir. Davlat miqyosida kredit munosabatlarining markazlashuvi har bir davlatning Markaziy banki yordamida amalga oshiriladi. Dastlabki umumilliy davlat kredit institutlarining paydo bo’lishi naqd pulsiz hisob-kitoblarni olib borish uchun qo’l keldi hamda tijorat banklarining operatsiyalari va xizmat ko’rsatish ko’lamining kengayishiga olib keldi, masalan, fond bozoriga xizmat ko’rsatish bo’yicha. Keyinchalik Markaziy banklar faoliyati bozor iqtisodiyotini barqarorlashtirishning samarali omili bo’lgan kredit dastaklarini ishlatish bo’yicha yo’naltirildi. Bu esa davlatniki bo’lmagan kredit tashkilotlarini nazorat qilishni kuchaytirishni talab qildi. Shuningdek, iqtisodiyotda informatsion
texnologiyaning rivojlanishi, global bank tarmoqlarining kompyuter kommunikatsiyalari va ma’lumotlar bazalarining shakllanishi kredit munosabatlarini yangi sifatli darajaga, ya’ni mijozga xizmat ko’rsatish bilan birga ularning moliyaviy faoliyatining hamma jabhalariga, shuningdek, xalqaro bozorga ham tarqalishiga olib keldi.
Jamiyat faoliyatining o’ta muhim jihati - bu ishlab chiqarishdir. Ishlab chiqarish jarayonida iqtisodiy resurslar ishlatiladi, mahsulotlar va xizmatlardan iborat hayotiy ne’matlar yaratiladi.
Ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini moddiy va mehnat omillari ta’minlaydi. Ishlab chiqarishning bu omillar bilan bir tekisda ta’minlanishi muammodir.
Bu muammo o’z echimini kredit orqali topadi.
Kredit tovar-pul munosabatlari mavjud sharoitdagi takror ishlab chiqarish jarayonining ajralmas bir qismi bo’lib, tovar ishlab chiqarish kredit munosabatlari vujudga kelishining tabiiy asosi hisoblanadi. Kreditning vujudga kelishini nafaqat ichki iste’mol uchun tovar ishlab chiqarish doirasidan emas, balki asosan yuridik jihatdan mustaqil, bir-biriga mulkdor sifatida qarama-qarshi turuvchi va iqtisodiy munosabatlarga kirishishga tayyor tovar egalari faoliyat ko’rsatayotgan muomala doirasidan qidirish kerak.
Ishlab chiqarish fondlarining doiraviy aylanishidagi va fondlarning bir marta aylanishidagi qiymatning harakati kredit munosobatlari paydo bo’lishining iqtisodiy asosidir.
Bizga ma’lumki, korxonalarning ishlab chiqarish fondlari (qiymat shaklidagi mehnat vositalari va predmetlari) muayyan bir muddatda pul (P), ishlab chiqarish va tovar (T) shakllarida bo’lishi mum kin. Korxona ishlab chiqarish fondlarining doiraviy aylanishini quyidagi formula orqali ifodalash mumkin:
P - T ... Ishlab chiqarish ... T
I - P
I
Fondlar doiraviy aylanishining birinchi bosqichida (P-T) pul fondlarining ishlab chiqarish fondlariga aylanishi sodir bo’ladi. Bunda mavjud pul mablag’lariga mehnat predmetlari va vositalari sotib olinadi.
Fondlar aylanishining ikkinchi bosqichida (... Ishlab chiqarish ...) ishlab chiqarish jarayoni sodir bo’lib, bunda tayyor mahsulotni yaratish ro’y beradi, mahsulot ko’rinishi tovar ko’rinishini oladi, ishlab chiqarish vositalari qiymatiga yangi qiymat qo’shiladi.
Uchinchi bosqichda (T
I - P
I) tayyor mahsulot sotiladi. Tovar o’zining boshlang’ich pul shakliga o’tadi., lekin bunda tovar ham, pul ham o’zining ishlab chiqarish jarayonidan oldingi holatiga nisbatan qiymat jihatdan va miqdor jihatdan ortgan holda bo’ladi.
Mahsulotni sotgandan keyin olingan pul fondlari o’z navbatida yana xarajat qilinadi, yani yangi ishlab chiqarish jarayoni uchun yangi ishlab chiqarish
vositalari sotib olinadi, ish xaqi to’lanadi va boshqa xarajatlarga sarflanadi. Shunday qilib, aylanma mablag’larning aylanishi qayta-qayta takrorlanaveradi va fondlarning doiraviy aylanishi vujudga keladi. Fondlarning har bir individual doiraviy aylanishi ijtimoiy takror ishlab chiqarishning bir qismi sifatida boshqa doiraviy aylanishlar bilan
uzviy bog’langan.
Ma’lumki 1-bo’lim korxonalari tomonidan yaratilgan mahsulot 2-bo’lim korxonalari va noishlab chiqarish sohasi tomonidan iste’mol qilinadi. O’z navbatida 2-bo’lim mahsuloti nafaqat o’z istemolchilari ehtiyojini, shuningdek, 1-bo’lim istemolchilarining ham ehtiyojini qondirish uchun ishlatiladi.
Bularning hammasi oborot fondlarining doiraviy aylanishi uzluksizligidan va fondlarning individual aylanishlari o’rtasida uzviy bog’liqlik mavjudligidan dalolat beradi.
Asosiy fondlar qiymati harakati jarayonida resurslarni ishlab chiqarishdan bo’shatilishi ko’zga tashlanadi. Ma’lumki, ishlab chiqarish vositalari ishlab chiqarish jarayonida uzoq muddat xizmat qiladi va ularning qiymati tovar mahsuloti qiymatiga asta-sekin o’tib boradi. Asosiy fondlarning asta-sekin eskirish qiymati o’z o’lchami bo’yicha korxonaning yangi vositalar sotib olish hajmini ta’minlay olmaydi.
Fondlaring aylanishida asosiy fondlarning o’zgaruvchan harakati ro’y beradi. Shuni ta’kidlab o’tish lozimki, bunda ba’zi korxonalarda bo’sh pul mablag’lari to’planib qoladi, boshqalarida esa katta xarajatlarga ehtiyoj tufayli mablag’lar etishimovchiligi yuzaga keladi.
Xuddi shunday vaziyat aylanma fondlari harakatida ham vujudga keladi. Bu erda ularning uzluksiz aylanishidagi tebranishlar yanada xilma-xildir. Dastavval, bu tebranishlar ishlab chiqarishning mavsumiyligi, mahsulot ishlab chiqarish davri bilan mahsulotni sotish vaqti bir-biriga mos kelmasligi tufayli vujudga keladi.
Mablag’lar harakatidagi tebranishlar tovar mahsulotini jo’natish bilan bog’liq xarajatlar tufayli ham vujudga keladi. Ma’lumki, mahsulotni jo’natish vaqti bilan uni sotishdan olinadigan tushumning korxona hisob raqamiga kelib tushish vaqti ko’p hollarda to’g’ri kelmaydi. Bu hol turlicha sabablar tufayli yuzaga kelishi mumkin. Masalan, mahsulotni ishlab chiqaruvchi korxona bilan uni iste’mol qiluvchi korxona bir biridan muayyan masofada joylashganligi, mol sotib oluvchi korxonaning ayni vaqtda tovar va xizmatlarga to’lash uchun hisob-kitob schetida pul mablag’larining etarli emasligi va boshqalar tufayli kelib chiqadi.
Fondlarning doiraviy aylanishidagi tebranishlar zaminida ishlab chiqarish vaqti bilan mahsulotlarni sotish vaqtining mos kelmay qolishidan vujudga keladigan qiyinchiliklarni bartaraf etuvchi munosabatlarning paydo bo’lishi tabiiy holga aylanadi. Bu munosabatlar mablag’larning vaqtincha bekor turib qolishi bilan bu mablag’larga bo’lgan ehtiyoj o’rtasidagi qarama-qarshilikni bartaraf etadi. Bunday munosabatlar odatda kredit munosabatlar deb yuritiladi va kredit munosabatlar asosida iqtisodiy jihatdan mustaqil bo’lgan kredit kategoriyasi yuzaga keladi.
Kredit orqali jamiyatimizda quyidagi ijobiy natijalarga erishish mumkin: birinchidan, fondlar aylanishi
jarayonida chetga chiqib, bo’sh qolgan
mabalg’larning harakatsiz turib qolishining oldin olinadi;
ikkinchidan, takror ishlab chiqarishni keng doirada uzluksiz davom ettirishga imkoniyat yaratiladi.
Kreditning vujudga kelishi reallikka aylanishi uchun muayyan sharoitlar bo’lishi zarur. Shu masala bo’yicha bazi iqtisodiy adabiyotlarda keltirilgan fikrlarni tahlil qilib, iqtisodchilar tomonidan kreditning yuzaga kelishining quyidagi shartlariga ko’proq e’tibor berilganini ko’rsatib o’tish mum kin. Kredit munosabat bo’lishi uchun:
birinchidan, kredit munosabat ishtirokchilari - qarz beruvchi va qarz oluvchi - huquqiy jihatdan mustaqil sub’ekt bo’lishi kerak. Mustaqil sub’ekt sifatida har ikkala tomon bir-biri bilan o’zaro aloqalardan kelib chiquvchi majburiyatlarni bajarishini moddiy jihatdan kafolatlay olishi kerak. Majburiyatlarni bajara olish qobiliyatini hisobga olgan holda mustaqil huquqiy sub’ekt sifatida tomonlar itisodiy munosabatga kirishishlari kerak.
ikkinchidan, qarz beruvchi va qarz oluvchi manfaatlari bir-biriga mos tushgan taqdirdagina kredit zaruriyatga aylanadi. Bu manfaatlar, avvalambor, ob’ektiv jarayonlar, o’zaro manfaatlarni taqozo etuvchi aniq vaziyat bilan bog’liq.
Kreditor(qarz beruvchi) tomonidan pul mablag’larini qarzga berish bo’yicha, qarz oluvchi tomonidan esa shu mablag’larni olish bo’yicha qiziqish tug’ilgan taqdirdagina kredit munosabatlari vujudga keladi.
Kreditning vujudga kelishi kredit munosabatlari ishtirokchilari manfaatlarining yo’nalishiga bog’liq. Tomonlar manfaatlarning mos kelishi kredit shartnomasi tuzilishini ta’minlaydi. Lekin, kredit munosabatlari ishtirokchilari manfaati nafaqat vaqt va fazo jihatdan, shuningdek, sifat jihatdan ham mos tushgan taqdirdagina bu munosabatlar reallikka aylanadi. Shu bilan birga kreditning bu muhim sifatlari kredit munosabatlari sodir bo’lishining asosiy sababi bo’lolmaydi.
Kredit vujudga kelishi uchun, yuqorida aytilgandek, aniq bir iqtisodiy asos - fondlarning doiraviy aylanishi va shunga o’xshash boshqa aniq sharoitlar bo’lishi zarur. Faqatgina ana shu ta’sir etuvchi omillar bo’lgan taqdirdagina kreditning vujudga kelishi reallikka aylanadi.
Ba’zi iqtisodiy adabiyotlarda kreditning zarurligi xususida bir necha boshqa fikrlar ham uchraydi. Masalan, kredit korxonalar faoliyatini nazorat qilishni amalga oshirish uchun zarur deb ta’kidlanadi. Agar bu fikr to’g’ri deb qaraydigan bo’lsak, kreditning zarurligi faqat kreditor uchun tushunarli bo’ladi, chunki u qarz berish orqali qarz oluvchi faoliyatini nazorat qilish imkoniyatiga ega bo’ladi.
Bunday sharoitda kreditning chegarasi ishlab chiqarish fondlarining doiraviy aylanishiga asoslangan ob’ektiv jarayonlarga emas, balki bankning kredit operatsiyalari orqali qarz oluvchining faoliyatini nazorat qilish istagiga bog’liq bo’lib qoladi.
Bu mulohazalardan kelib chiqqan holda xulosa qilib aytish mumkinki, kreditning ob’ektiv zarurligi takror ishlab chiqarish jarayonida fondlarning doiraviy aylanishi qonuniyatlariga asoslangandir.
Kreditga zaruriyat tug’ilganda quyidagi manbalardagi bo’sh mablag’lardan kredit resurslar sifatida foydalanish mumkin. Bu manbalar asosan quyidagilardir:
asosiy fondlarni tiklash, kapital tamirlash uchun ajratiladigan amortizatsiya sifatidagi pul mablag’lari;
tovarlarni sotish va yangi moddiy resurslarni sotib olish vaqtlarining bir-biriga mos kelmaganligi tufayli yuzaga kelgan bo’sh pul mablag’lari;
tovarlar realizatsiyasidan tushgan tushum bilan ish haqini to’lash vaqtlari orasida vaqtincha bo’sh turib qolgan pul mablag’lari;
kengaytirilgan takror ishlab chiqarish jarayonida yig’iladigan va kapitallashtirish uchun mo’ljallangan qo’shimcha mablag’lar;
shaxsiy sektor daromadlari, jamg’armalari va boshqa bo’sh pul mablag’lari.
Kreditning zarurligini ifodalovchi omillar mohiyatini ochishda, ularning har birining ahamiyatini kredit shartnomasini tuzish darajasigacha olib kelish xato hisoblanadi. Alohida olingan bir omilning o’zi kredit berilishi uchun u yoki bu darajada etarli bo’lmasligi mumkin.
Masalan, aytaylik korxonalarda ishlab chiqarish fondlarining doiraviy aylanishi jarayonida ularda kreditga ehtiyoj tug’iladi. Shunga asosan kredit takror ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta’minlash zarurligidan kelib chiqadi degan shartga asoslangan holda kredit berilishi kerak. Ammo, bunda qo’shimcha resurslarga muhtojlik o’z-o’zidan avtomatik tarzda kredit berilishi kerakligini ifodalamaydi. Buning uchun kreditning zarurligini ifodalovchi boshqa sharoitlar ham mavjud bo’lishi kerak.
Iqtisodiyotni rivojlantirishning muhim yo’nalishlaridan biri kredit munosabatlarini rivojlantirishda banklar kredit uchun xarakterli muhim shartlar va qonunlarga asoslangan holda kreditlash jarayonini amalga oshirishlari zarur.
Xulosa qilib aytganda, korxonalarning xo’jalik hisobida ish yuritishida ishlab chiqarish jarayonining uzluksizligini ta’minlash, korxonaning asosiy va aylanma fondlarining doiraviy aylanishining to’xtab qolishiga yo’l qo’ymaslik, korxonalarning moliyaviy resurslar bilan ta’minlanganlik darajasining maromiyligini saqlash, korxonalar tomonidan tovar mahsulotini sotganda sotilgan tovar uchun to’lov summasini olish ob’ektiv va sub’ektiv sabablar tufayli kechiktirgan holda kreditning zarurligi kelib chiqadi.
Ammo, kredit berish uning zarurligi bilangina kifoyalanib qolmasdan uning maqsadli ishlatilishi shart-sharoitlari bilan ham belgilanadi.
Iqtisodiyotning bir tekisda rivojlanishini ijtimoiy ishlab chiqarish ta’minlaydi. Ijtimoiy takror ishlab chiqarish jarayonini esa kredit vositasida
uzluksiz davom ettirib, moddiy ne’matlar yaratish jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo’lgan, bir zum bo’lsada, to’xtab qolishga yo’l qo’yilmaydi.
Demak, kredit iqtisodiyotning bir tekisda rivojlanishini ta’minlovchi dastaglardan biri degan xulosaga kelishimiz mumkin.