Mavzu: “Shajarayi turk” asaridagi etnonimlar Reja: 1. Abulg‘oziyning “shajarayi turk” asaridagi ba’zi etnonimlar
2. “Shajarayi turk” asari
3. "Shajarayi Turk", "Shajarai turk va moʻgʻul"
ABULG‘OZIYNING “SHAJARAYI TURK” ASARIDAGI BA’ZI ETNONIMLAR Har bir el, xalq nomining o‘ziga xos ma’nosi, nomlanish sababi bo‘ladi. Etnonimlar tarix taqozosi bilan vujudga kelgan bo‘lib, axborot tashiydi. Ular qadimiy so‘zlar bo‘lgani uchun xalqlarning etnogenezini, turmushtarzi, tili va diniga oid ko‘pgina ma’lumotlarni aniqlash mumkin, shuning uchun ham ularni o‘rganish muhim ilmiy ahamiyatga ega.
O‘zbek xalqi elat bo‘lib, ma’lum tarixiy davrda, ma’lum hududda, mahalliy etnoslar asosida, turli davrlarda kelib qo‘shilgan etnik komponentlarning aralashib borishi natijasida yanada shakllanib, rivojlanib borgan. O‘zbek xalqining ajdodlari ham elat bo‘lib, Movarounnahr, Xorazm hamda ularga tutash hududlarda shakllanib borgan.
O‘zbek urug‘larining o‘ziga xos etimologiyasi mavjud. Ular har bir millat milliy tilining o‘ziga xos xususuiyatlarini ochib beradigan muhim manba hisoblanadi. Quyida ularning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz (shuni aytish kerakki, etnonimlar etimologiyasi haqida keltirilgan fikrlar turli manbalarga tayanib yozilgan, har qanday etimologiya ham nisbiydir).
Arlot eli (hozirda Olot) – arlot so‘zi “otaning sevar o‘g‘li” ma’nosida talqin etilgan. Arlat bir kishining oti turur. Ani otasi ko‘p sevar edi. Aning uchun Arlat tedilar. Barcha Arlat eli aning nasli turur [1; 40].
Avshar eli – qadimiy urug‘lardan biri bo‘lib, arab geograflari Buxoro yaqinida Avshar degan qishloqni tilga oladilar. Abulg‘oziy Bahodirxon avshar so‘zini “ishini ildam ishlamoqchi” deb izohlaydi.
Baday eli (hozirda Badoy) – Kilgit urug‘iga mansub shaxs naslidan tarqalgan urug‘ nomi.
Bayot eli – “davlatli” degan ma’noni anglatgan.
Do‘rman eli – (hozirda Do‘rmon) mo‘g‘ulchada “to‘rt” degan ma’noni anglatadi.
Kilgit eli – “tilida, nutqida kamchiligi bor kishi” ma’nosini anglatadi. Bu haqda Abulg‘oziy Bahodirxon shunday yozadi: “Kishining tilida kamligi bo‘lsa, turk xalqi bo‘ltak der. Mo‘g‘ul kilgi der. Bu kishining tilining kamligi bor erdi. Aning uchun Kilgit tedilar. Barcha Kilgit eli u kishining nasli turur”[1; 40].
Nayman eli – Naymanlar mo‘g‘ul urug‘i deb hisoblanar edi; olimlar naim so‘zi mo‘g‘ulchada “sakkiz” ma’nosini anglatadi deb aytadilar.
“Bu qadim el turur, boshlari va mollari ko‘p bo‘lur erdi. Yurtlari mo‘g‘ul yurtinda bo‘lur. Qoraqurim tegan yerda va ekinlari bo‘lmas” [1; 36].
Toponimist olim S.Qorayev etnograf N.A.Aristovning nayman so‘zi Sibirdagi Nayma daryosi nomidan olingan degan fikrni bildirgani haqida ma’lumot beradi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra naymanlar asli turkiy qabila bo‘lib, sakkizo‘g‘uzlarni mo‘g‘ullar o‘z tiliga moslab nayman deb ataganlar.