SHEVALARDA LAQABLAR ETIMOLOGIYASI VA ULARNING ISHLATILISHI (MINGBULOQ TUMANI MISOLIDA)
Usmonov Musurmon Mamirali o'g'li, Namangan davlat universiteti mustaqil izlanuchisi musulmonusmonov3004@gmail.com
Shahlo Qosimova Ulug’bek qizi Namangan davlat universiteti magistranti musulmonusmonov3004@gmail.com
Annotatsiya Ushbu maqolada Namangan viloyati Mingbuloq tumanida yashovchi sheva vakillarining laqablarini o`rganish ko`nikmalari, shuningdek, kelib chiqish sabablari, etimologiyasi, laqablarning ijobiy-salbiy, xususiylik, umimiylik jihatlari va laqablarning qo`yilishining o`ziga xos tarixi, laqab qo’yilgan shaxs yoki oilaning etnik, ijtimoiy kelib chiqishi, belgi-xususiyatlari, kasb-kori, urf-odatilari, nuqsonlari yoritib beriladi. Kalit so`z va iboralar:laqab, taxallus, etimologiya, ijobiy, salbiy, sheva, etnografiya, onomastika, inson xarakteri, kriptonim, patronim, genonim. Annotation This article describes the skills of studying the nicknames of Sheva people living in Mingbulak district of Namangan region, as well as the reasons for their origin, etymology, positive and negative, specific, general aspects of nicknames and the specific history of nicknames, the nickname of the person or family. ethnic, social origin, character traits, occupation, customs, shortcomings. Keywords and phrases: nickname, nickname, etymology, positive, negative, dialect, ethnography, onomastics, human nature, kryptonym, patronymic, genonym. Tilshunoslikda ijtimoiy-siyosiy, milliy-madaniy, etnografik, badiiy-estetik mohiyatga ega onomastik birliklarning eng qadimiy va asosiy turi antroponimik birliklar: ism, familiya, otaism, laqab va taxalluslarni ilmiy-nazariy hamda amaliy jihatdan oʼrganish doimo eʼtiborda boʼlib kelgan.
Zamonaviy oʼzbek onomastikasining eng muhim boʼlimlaridan biri bu antroponimikadir. Oʼzbek tilida antroponim termini oʼrnida ism, kishi ismi, odam otlari, kishi nomlari kabi terminlar ham qoʼllaniladi. Rus tilshunosi N. V. Podolskaya esa antroponim termini haqida fikr yuritar ekan, uning tarkibiga ism, otchestvo, familiya, laqab, taxallus, kriptonim (laqab, ism, nom), andronim (muallifning oʼz ismi), patronim (shaxsni avlod-ajdodlari nomi bilan atash), genonim (urugʼ, avlod-ajdod va ularning tarmoqlari atoqli oti) kabilar kirishini qayd qilgan [7. 31]. Koʼrinadiki, rus tilshunosligida antroponim keng qamrovli birlik sifatida qayd etilgan.
Аntroponimik birliklar sifatida ism, otaism, familiya uzoq vaqtdan beri olimlarning katta qiziqishlariga sabab boʼlib kelgan va ular mutaxassislar tomonidan toʼplanib, turli jihatdan tavsiflangan va tadqiq qilingan. Laqab va taxalluslar shaxsning asosiy ismiga nisbatan qoʼshimcha nom boʼlib, oʼzbek antroponimiyasining yetarli oʼrganilmagan birliklari sirasiga kiradi.
O`zbek tilshunosligida ilk bor taxalluslar va laqablar adabiyotshunoslik aspektida B. Qoriyev, R. Vohidovlar tomonidan o`rganilgan. Bu jihatdan o`zbek onomastikasida E. Begmatov, Y. Menajiev, X. Azamatov, D. Abduraxmonov, F. Abdulla, O. G`afurovlarning xizmati diqqatga sazovordir [6. 88].
Ҳозирги вақтда тилшуносликда антропонимик бирликлар дейилганда нафақат кишиларнинг исми, фамилияси, отаисми, тахаллуси ва лақаблари ҳам тушунилади.
Laqab ‒ [a. بقل ‒ ikkinchi nom; laqab; taxallus] 1. Biror xususiyatga ko’ra xazil qilib, yoki masxaralab berilgan qo’shimcha nom; shuningdek, ma’lum maqsadda o’zgartirib olingan nom. Unga “Mitti”… laqabini qaysi xazilvon qo’ygan bo’lsayam, tobib qo’yibdi. 2. Taxallus. 3. Familiya. 4. Hayvonlarga qoʼyilgan nom[i. l 492].
Har qanday onomastik birlik maʼlum nominatsiya ehtiyoji tufayli yuzaga keladi, oʼz navbatida, laqablar ham mana shunday ehtiyoj tufayli yuzaga kelgan.
Laqablar insonning turli belgilariga qarab unga yon-atrofidagilar tomonidan turli maqsadlarda qo’yiladi.
Laqablar insonning kasbi, qiziqishlari, fel-atvori, ko’rinishi, nutqi, kiyinishi, ovozi, qobilyati, kamchiliklari, yutuqlariga qarab turli maqsadlarda qo’yiladi.
Ortiq, naynov, terak, qoraqosh, oq, moylov, qora, qizil, sariq, jingalak, tekkiz kabi laqablar meyoridan ortiq rivojlanganligi uchun, qiyshiq, chala, pakana, cho’loq, kalta, o’lik kabi laqablar meyordagidek rivojlana olmagan tana a’zolari sababli qo’yilgan laqablardir.
Insonning fe’l-atvori bilan bog’liq laqablar ham juda ko’p uchraydi. Masalan: o’pka, tilla, tozapari, suvyuqmas, chopon yirtar, shomollar, shalpang, zakon, chittak, sichqon, chol, kampir, hallos, kapitan, masalchi, tentak, ovsarkurka kabi laqablar ko’p uchraydi.
Kasb-kori va qiziqishlari tufayli ham laqablar qo’yiladi. Masalan: zakunchi, 722, po’choq, quloq, tunukachi, kosib, domla, mulla, sartarosh.
Shu bilan birgalikda laqablarning bir insonga va urug’-aymog’ga tegishli bo’lganlarini ham uchratishimiz mumkin. Yuqorida keltirganimizdek insonning fel-atvori, kasb-kori, qiziqishlari sababli olgan laqablari asosan bir insonga tegishli bo’lsa-da, lekin bu laqablar uning butun urug’-aymog’ining ham laqabiga aylanishini kuzatganmiz.
Jumladan Mingbuloq tumanida qo’lanilayotgan laqablarning ishlatilish ehtiyojlari ham turlichadir. Uni qo’yilish sabablarini, etimologiyasini, tarixini quyidagi guruhlarga ajratib o’rganildi.
Mingbuloq tumanidagi faqat bir shaxsga tegishli bo’lgan laqablar.
Shlanka ‒ izohli lug‘atdagi asl ma’nosi nemischa –Schlange-ilon – o‘ralmoq, chirmalmoq. Rezina yoki suv o‘tkazmaydigan materiallardan yasalgan egiluvchan truba. [4. 586] Shevada ham bu so‘z rosa ozg‘in, novcha odamga nisbatan qo‘llaniladi. Albatta, bunda shakl o‘xshashligini kuzatish mumkin. Demak, bu laqab qo‘llanilishi uchun odam juda ingichka va novcha bo‘lishi kerak ekan. Bu laqabni salbiy laqablar qatoriga kiritish mumkin. Masalan, Anavi Aziz shlankani turishini qarang, hammani to‘sib.
Dazmol ‒ forscha ‒ darz, teshik-tirqish, chokni tekislovchi. Kiyim-kechak, gazlama va shu kabilarni qizdirib tekislash uchun mo‘ljallangan asbob. [1. 544] Shevada esa, insonning yuz tuzilishi “dazmol”ga o‘xshasa mana shunday laqab qo‘llaniladi. Dazmol laqabi ham o‘zida salbiy bo‘yoqdorligi kuchli ekanligini ko‘rastib turibdi. Demak, bunday laqab qo‘llanilishi uchun yuz dazmolday katta, yuzi peshana qismidan dahangacha uchburchak shaklda bo‘lishi kerak. Ushbu laqab ham shakl o‘xshashligiga tayanib qabul qilingan. Masalan, Matti dazmol yig‘inga yana kech qolyapti.
Xumbosh, xumkalla ‒ izohli lug‘atdagi aynan keltilgan ma’nosi quydagicha: xum kabi katta bosh, kallador. [4. 423] Shevada ham boshi gavdasiga nisbatan katta bo‘lsa, shu laqab qo‘llaniladi. Bu laqab ba’zan mushuklarga nisabatan ham qo‘llaniladi. Bundan shuni xulosa qilish mumkinki, insonlar va hayvonlarga nisbatan bir xil qo‘llaniluvchi laqablar ham bor. Masalan, Sodiq xumkallani har doim uzoqdan boshi ko‘rinadi. Mushugim xumbosh har doim uxlagani-uxlagan.
Fantomas ‒ fransuz film qahramonlaridan biri. Shevada qahramonning tashqi ko‘rinishiga nisbat qilib, ya’ni soch-soqoli yo‘q odamga nisbatan mana shu laqab qo‘llangan. Demak, tashqi ko‘rinish hisobga olingan. Ushbu laqab salbiy laqablar sirasiga kiradi. Masalan, Solih fantamas hammani ajablantirib sartaroshxonaga kirib keldi.
Qilich ‒ bir tig‘li, g‘ilof bilan yonga osiladigan, chopish sanchish bilan yovga shikast yetkazadigan qurol [5. 290]. Shevada qilich kabi keskir ham so‘zida, ham yurish-turishida dangalchi insonlaraga nisbatan ham shunday laqab qo‘llaniladi. Bundan tashqari kiyinishida hammaga o‘rnak bo‘ladigan va o‘ziga qarab, e’tiborli bo‘lib yuradigan insonlar uchun ham qo‘llaniladi. Bu laqabni ijobiy laqablardan deyish mumkin. Chunki har qaysi insonga bu laqab qo‘llansa o‘zidan xursand bo‘lish hissi paydo bo‘lishi tabiiy. Masalan, Murod juda qilich-da ham yurish turishda, ham gap so‘zda, undan ancha narsani o‘rgansak arziydi.
Abdulla shovla ‒ shevada shavladay lanchlanib yuradigan, har bir ishda qovun tushirib yuradigan odamga nisbatan qo‘llaniladi. Bu laqabning etimologiyasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, oldinlari Abdulla ismli shaxs qachon qarasa har bir ishning teskarisini qiladigan va natijada bu ishi bilan ko‘pchilikning ichida uyatga qoladigan shaxs bo‘lgan. Shundan beri bunday insonlarga Abdulla shovla laqabi ishlatilgan.
Vaska ‒ odatda Vasliddin ismini mana shunday shaklda ishlatilganini ko‘ramiz. Keyinchalik esa bu laqabga aylanib qolgan.
Hasan qiyshiq ‒ bunda ham albatta, qiyshiqlik shakli bor. Bunda insonning yomon fel-atvori yoki nuqsonli tana a’zosiga nisbatan ushbu laqab qo‘llangan. Masalan, Hasan qiyshiq doim ko‘chada o‘tiradi.
Bo‘di – do’mboq qiz va bolalarga nisbatan shunday laqab qo’yiladi. Aslida bu so’z bo’dana so’zining fonetik hodisalarga uchragan qismi. Bo‘dana-adabiy tilda bedana. [1.205] Shevada esa bedanani bo‘dana tarzida ishlatiladi. Ko‘p gapiradigan odamga nisbatan ham bedana laqabi ishlatiladi. Bundan tashqari bolakaylarni ham shunday erkalatishadi. Masalan, Manavi bolakayni qarang bedanaday sayrashini-chi.
Panna-pinna ‒ shevadagi ma’nosi xasis, qizg‘anchiq. Odatda oddiy narsalarni ham qizg‘anadigan odamga nisbatan qo‘llaniladi.
Qirg‘iz ‒ qirg‘iz tilida so‘zlashuvchi xalqning nomi. [303] Ba’zan shevada biror masalani qayta-qayta tushuntirilganda ham tushunmagan insonga nisbatan “qirg‘iz” laqabi ishlatiladi. Masalan, Mulla qirg‘iz sizga yana necha marta tushuntirish kerak?
Chittak ‒ kichkina chaqqon, sayroqi qush. [496] Shevada jussasi kichkina lekin, serharakat insonga nisbatan ushbu laqab ishlatiladi. Albatta, bu laqabni unchalik ham salbiy deb bo‘lmaydi.
Lupa – izohli lug‘atdagi asl ma’nosi fransuzcha teri ostidagi katta shish, o‘sma. Kichkina narsani 2 martadan 40-50 martagacha katta qilib ko‘rsatadigan qavariq shisha, yig‘uvchi linza, zarrabin. [2.511] Shevada esa ko‘zoynak taqib yuradigan insonlarga nisbatan ushbu laqab ishlatiladi. Masalan, Hoy, lupa, bu yoqqa kel.
Ketmon – yuzi katta, orqa tomonida dasta suqib qo‘yadigan zog‘otasi bor, yer chopish, loy qilish va boshqa ishlarda ishlatiladigan dastali asbob. [358]Mingbuloq tumani hududida esa ahmoq, gapga tushunmaydigan odamni mana shunday laqab bilan chaqiriladi.
Aeroport ‒ havo linyasi trassasida joylashgan va transport aviatsiyasining muntazam qatnovini ta’minlab turish uchun kerakli inshootlar bilan jihozlangan aerodrom. [1.125] Bu so‘z shevamizda tepakal insonlarga qo‘yilgan laqab hisoblanadi. Ya’ni tepa qismida sochi yo‘q bo‘lganligi uchun aeroportga qiyosan shunday laqab ishlatilmoqda. Masalan, Olim aeroport kelyapti, uni oldida aeroport deya ko‘rmang.
Qoravoy ‒ kurakoyoqli qushlar turkumiga mansub baliqxo‘r, suvda yashovchi qush turi. [5.337] Shevada tanasining rangi jihatidan qora bo‘lgan shaxslarga nisbatan ishlatiladigan laqab.
Mingbuloq tumanidagi shaxsning o’ziga emas balki urugʼ, avlod-ajdodlariga ham tegishli bo’lgan laqablar.
Qilich ‒ bir tig‘li, g‘ilof bilan yonga osiladigan, chopish sanchish bilan yovga shikast yetkazadigan qurol [5.290]. Qilich laqabini olgan oilalar qilichning xususiyatlarini o’zida mujassam etgan bo’ladi. Ular qilich kabi ko’rinishga, yani ozg’in va novcha bo’yli, yuzi ham qirralli burunga ega bo’ladi. Bu ko’rinish ularning bir necha avlodida davom etganligi sababli ham qilich laqabi urug’-aymog’ining ajralmas antroponimikasiga aylangan. Bu laqabni olgan oila a’zolarining harbiy qurol sanalgan qilichni ishlatilishi bilan bog’liq aloqasi yo’q.
Tarasha ‒ asli forscha – silliqlangan, tarashlangan narsa; yog‘och paraxasi -qirindisi. 1. Yorib maydalangan o‘tin. 2. ko’chma Quruq, qattiq narsa yoki qotma odam haqida. Uning qo’llari bamisoli tarasha. 3. Shunday qotma, “quruq” odamning ismiga qo’shib aytiladigan laqab. – Polvon, bas, Xamzaxonni charchatib qo’ymaylik, -dedi Maxmud tarasha. [3.676]. Tarasha laqabini olgan oila vakillari qotma, chidamli va shu bilan birga ziqnaligi bilan qolgan oila vakillaridan ajralib turadi. Ularga nisbatan “So’ysa, qon chiqmaydi” iborasi ham ko’proq qo’llanadi.
Cho’m ‒ bu laqabni olgan oila vakillari katta va ulkan gavdali, kuchli insonlardi. Ularning urug’-aymog’i bir necha avloddan beri shunday ko’rinishga ega bo’lganligi uchun bu laqab ularning ajralmas nomiga aylandi. Aslida “cho’m” so’zi “cho’ng” so’zining fonetik hodisaga uchragani. Cho’ng – katta, ulkan; zo’r; kuchli. Cho’ng xarsang. Bilagi cho’ng bahodir nochor qolgan shohni opichlagancha, xatarsiz joyga yetkazadi. [4.524]
Cho’mich – bu laqabni olgan oila vakillarining hech qanday cho’michga o’xshashlik jihati yo’q. Bu oilaning katta vakillari oshpaz bo’lishgan. To’ylarning birida belbog’iga cho’michni qistirib olib esidan chiqargan va cho’michni qattiq ovoz bilan gapirib qidira boshlagan. Cho’mich qayerda? Kim oldi cho’michni? Shu kabi baqirib qidirgan. Odamlardan biri cho’michni belbog’iga qistirilganini aytgan va bu vaziyat ancha vaqt kulgiga aylangan. Keying toylarda ham oshpazda bu holat takrorlanib turgan va chomich laqabini olgan. Bu laqab mana hali hanuz uning avlodlarida ham davom etmoqda.
Qumg’on – bu laqabni olgan oila vakillarining hammasida qumg’onnikiga o’xshash xususiyati bor. Qumgon ichidagi suv qaynaganida og’zidan suvni valaqlatib, to’ldirib tashqariga otgani kabi bu oila vakillari ham gapirganida og’zida so’lak yig’ilib qumg’on qaynaganidagi kabi tovush chiqadi. Shuning uchun ham ularga qumg’on laqabi berilgan.
Demak, yuqoridagi fikrlarga tayangan holda shuni xulosa qilish mumkinki, laqablar o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan. Ularda shu hudud aholisining o‘ziga xos xarakter-xususiyati, yashash tarzi, ijtimoiy-etnik jihatdan kelib chiqishi, ma’lum bir qarshlarini o‘zida aks ettirgan. Shuningdek, laqablarning o‘ziga xos etimologiyasi, qo‘yilish sabablari va ularning ma’lum bir hudud uchun xoslanganligi, boshqa bir hududda boshqa bir ma’noda qo‘llanganligi, adabiy tilda mutlaq boshqa ma’noda, sheva tilida boshqa ma’noda ishlatilgan o‘rinlarini kuzatish mumkin.
Adabiyotlar:
1. “O'zbek tilining izohli lug'ati” “O'zbekiston milliy ensiklopediyasi”, Tosh-2005. 1-jild.
2. “O'zbek tilining izohli lug'ati” “O'zbekiston milliy ensiklopediyasi”, Tosh-2005. 2-jild.
3. “O'zbek tilining izohli lug'ati” “O'zbekiston milliy ensiklopediyasi”, Tosh-2005. 3-jild.
4. “O'zbek tilining izohli lug'ati” “O'zbekiston milliy ensiklopediyasi”, Tosh-2005. 4-jild.
5. “O'zbek tilining izohli lug'ati” “O'zbekiston milliy ensiklopediyasi”, Tosh-2005. 5-jild.
6. Бегматов Э. Номлар ва одамлар. -Тошкент: 1966 й.
7. Подольская Н. В. Словарь русской ономастической терминологии. – М. : Наука, 1978.