Agar palakat bosib yozuvchi bo'lmaganimda albatta "shonli sovet militsiyasining" sadoqatli xodimi bo'lardim. O'zi bolaligimdan orzuim shu edi... Mayli, hozir gap bunda emas. Bu voqeaga ko'p yillar bo'ldi. O'shanda arzimas narsa uchun "sovet militsiyasi"ning fidoyi starshinasini shunchalik tashvishga solganimdan hamon xijolatdaman. Aslida-ku ayb menda emas, "Po'nchik"da!
... O'sha kuni mukofot puli olmasak, "Po'nchik" mukofotni "yuvamiz" deb tiqilinch qilmasa, shuncha g'alva yo'q edi.
Shunday qilib, loyiha institutining "uch og'a-ini botirlari", ya'ni, Bobur - "Po'nchik", Botir - "Tarasha" va Bahrom, ya'ni men - laqabimni aytmay qo'ya qolay, issiqqina qahvaxonaga kirdik. Burchakdagi ilgichga kiyim-boshlarni yechib, sosiska yedik. Bittagina "Portveyn"ni bo'shatdik.
- Endy menga juvob! - dedi Bobur lunjini yumronqozikdek to'ldirib sosiska chaynarkan. - Dilishkani bog'chadan olmasam, o'rtoq xotin o'ldiradi!
Zum o'tmay kiyinib kelib, yana tepamizda paydo bo'ldi.
- Ma, ehtiyot qil! - dedi bandi yelim qog'oz bilan yamalgan kattakon papkamni stol tagiga tiqib. - Anavi yerda begona kampaniya o'tiribdi. Ilib ketmasin tag'in!
"Po'nchik" pishiq-da! Kallasi ishlaganini qarang. "Tarasha" bir zum xayol surib o'tirdi-da, siyrak kipriklarini pirpiratdi.
- Eshitib ko'r-chi, qornimdan yig'lamsiragan tovush kelmayaptimi?
- Kelyapti! - dedim iljayib. - Menikidan ham qelyapti. Boyagi vino zerikib qoldi, sherigini chaqiryapti.
Hay, "yigirma oltinchisi"dan yana bittaginasini "otdik". Qorin to'q - qayg'u yo'q... Ilgich oldiga borsak, telpagim yo'q! Palto bor. Sharf bor, faqat telpak yo'q. Yangigina, issiqqina telpagim! Ilgich atrofini qaradik, bo'm-bo'sh bo'lib qolgan stollarning tagigacha o'rmalab chiqdik: yo'q! Tamom-vassalom!
Tarvuz qo'ltiqdan tushib tashqari chiqdik. Qulog'im shunaqangi muzlab ketdiki, chertsangiz jiring etib sinib tushadigan. Haligi kayfdan asar qolmadi. Buni qarangki, ellik qadam yurmay tepasida neon chiroq yonib turgan "operpunkt" ro'parasidan chiqib qoldik. Har kuni shu yerdan o'tib e'tibor bermagan ekanmiz.
- Bo'ldi! - dedi Botir tarashadek gavdasini g'oz tutib. - Telpaging topiladi! Mana, militsiya topib beradi!
Katalaqdek xona to'g'risidagi stolda o'tirgan starshinaning vajohatini ko'rib baqa bo'lib qoldim! To'lanboy polvon uning oldida bog'cha bola! Har yelkasiga ikkitadan odam o'tirsa chirpirak qilib tashlaydi! Yuzlari qip-qizil. Soqol olayotganda bexosdan tig' tegib ketsa, kamida bir yarim litr qon oqsa kerag-ov!
- Kiraver! - dedi "Tarasha" dalda berib. Keyin gapni sovutmay starshinaga murojaat qildi. - O'rtoq nachalnik! Jinoyat sodir bo'ldi. O'g'irlik!
Starshina charchaganmi, uyqudan qolganmi, huzur qilib obdan esnadi. Etak tomondagi liqildoq kursilarga imo qildi.
- T-a-ak... - dedi ko'zidan oqqan mo'ldir-mo'ldir yoshlarni artib. - T-a-ak...
- O'rtoq nachalnik... - Botir tag'in gap boshlagan edi, starshina rapidadek kaftini ko'tardi..
- Pastradavshiy kim?
- Manavu! - Botir menga imo qildi. - Yarim soat oldin...
- Minutochku, grajdanin! - dedi starshina anchayin keskin ohangda. - Pastradavshiyning o'zi gapirsin!
Hammasini aytib berdim. Bir boshdan. Qo'rqibgina... Starshina toqat bilan eshitdi. Keyin stol tortmasidan qog'oz oldi.
- T-a-ak, endi boshlaymiz! - dedi tantanavor alfozda. -Familiyangiz? Aytdim.
- Ismingiz? Aytdim.
- Ish joyingiz? Aytdim.
- "Polingiz?"... Ha, tushunarli... Vazifangiz? Aytdim.
- Uy adresingiz? Aytdim.
- Oilaviy ahvolingiz? Unisiniyam aytdim.
- Bobongiz Ulug' Oktyabr revolyutsiyasidan oldin kim bo'lgan?
- Bilmayman, - dedim hayron bo'lib.
- Nega bilmaysiz?
- Unda men yo'q edim.
- Xarasho. Avval sudlanganmisiz?
- Yo'q.
- Chet elda qarindoshlaringiz bormi?
- Yo'q.
- Qanday mukofot olgansiz?
- E, ko'p olganmiz! - dedim maktanib. - Bugun ham oldim. O'ttiz uch so'm. Kvartalniy mukofot!
- Unisini so'rayotganim yo'q! - dedi starshina asabiylashib. - Saylanganmisiz?
- Bo'lmasa-chi! Mestkomda kaznacheyman!
- Uf-f! - Starshina qog'oz qirtillataverib charchab ketdi shekilli, kattakon ro'molcha bilan peshanasini artdi.
- Itak, nima bo'ldi? - dedi ko'zimga tikilib. - Bir boshdan ayting.
Hayron bo'lib goh unga, goh Botirga termildim.
- Aytib berdim-ku hammasini.
- Grajdanin Bahrom Xolmirzaev... - u qo'lidagi qog'ozga qarab oldi. - To'is... Xolmurodov! Boyagi aytganlaringiz og'zaki gap. Bunisi - dakument! Ayting-chi, pastradavshiy Xolmirza... to'is Xolmurodov, qaysi stadiya?
Kapalagim uchib ketdi.
- Qanaqa "statya?"
- Statya emas, stadiya! - dedi starshina jerkibroq. - Isklerozingiz nechanchi stadiya?
- Qanaqa skleroz?
- Iskleroz bo'lmasangiz telpakni nega yo'qotasiz?
- Yo'qotgani yo'q, o'g'irlatdi! - dedi Botir tushuntirib.
- Minutochku, grajdanin! - dedi starshina. - Pastradavshiyning o'zi gapirsin! - Keyin bir zum o'ylanib qoldi. -Xarasho! Qaysi kafega kirdingiz?
- Mana shu, - dedim chaynalib. - Ellik qadam naridagi...
- Oti bormi o'sha kafening?
- "Veterok".
- Qaysi ko'chada joylashgan?
- Mana shu ko'chada. Hov ana, chirog'i ko'rinib turibdi, o'rtoq leytenant.
Leytenant deganim yokdi shekilli, starshina ancha yumshadi.
- Ko'chaning nomini so'rasam, bu chiroqni gapiradi, - dedi nolib. - Odamlarga hayronsan, qayoqqa borganini o'zi bilmaydi-da, tag'in pritenziya qiladi! Itak, kafega kirdin-giz... Keyin-chi?
- Shu... yechinib kiyimlarni ilgichga ildik.
- Qaysi tomondaydi?
- Nima "qaysi tomonda?"
- Veshalka!
- Burchakda, chap tomonda.
- Nega chap tomonda?
- Hayronman.
- Nimadan yasalgan? Hech baloga tushunmadim.
- Nima "nimadan yasalgan?"
- Veshalkani so'rayapman! - dedi starshina achchiqlanib. - Nimadan yasalgan? Yog'ochmi, temirmi?
- Temir! - dedim ishonch bilan.
- Ilgagi nechta edi?
Qarang, shunisiga e'tibor bermagan ekanman.
- Esimda yo'q.
- Esimda yo'q emish... Telpakni qaysi ilgichga ilgan edin-giz?
- Bunisiyam... - dedim battar esankirab. - Esimdan chiqibdi, o'rtoq leytenant.
Starshina bu gal ham yumshadi.
- Xarasho... keyin-chi?
- Shu... ovqat yedik.
- Qanaqa ovqat?
- Sosiska.
- Necha porsa?
- Men bir pors, manavi bir yarim...
- Sherigingiz o'zi uchun o'zi javob beradi... Itak, qancha O'tirdingiz kafeda?
- Bir soatcha.
- Tish do'xtirga qatnab turasizmi?
- Nimaydi? - dedim hayratlanib.
- Savolni men beraman, pastradavshiy Xolmirza... to'is, Xolmurodov! Tishingizning mazasi yo'qmi?
- Yo'g'-e, tishim butun.
- Tishi butun odam to'rtta sosiskani bir soat yeydimi?
- Ochirit ko'p ekan, - dedim yolg'on gapirib.
- Xo'p, keyin nima bo'ldi?
- Keyin... kiyinaman deb bundoq qarasam, telpagim yo'q!
- Xarasho, - dedi starshina bir qadar yengil tortib. -Telpagingiz qanaqa edi?
- Shu... telpakdaka telpak...
- Oti nima o'sha telpakning: kubankami, ushankami?
- Anavinga o'xshagan, - deb Botir tizzasiga qo'ndirib o'tirgan telpakka imo qildim.
Starshina yana uzoq qog'oz qirtillatdi.
- Qachon sotib olgan edingiz?
Yelka qisdim. Xudo haqqi, telpakni qachon olganim paqqos esimda yo'q ekan.
- Uch yilcha bo'ldi, - dedim dudmal qilib.
- Bizga konkretniy gap kerak, - dedi starshina norozi ohangda. - Aniq ayting!
- Uch yil bo'ldi! - dedim tavakkal qilib.
- Qaysi paytda?
- Tushunmadim, - dedim ko'zimni pirpiratib.
- Nimani tushunmaysiz? - starshina yuzimga sinchkovlik bilan tikildi. - Yozda olganmisiz, qishdami?
- Qish edi!
- Soat necha edi?
- Peshinga yaqin.
- Aniqrog'i?
- O'n ikki yarim! - dedim ikkilanmay.
- Havo qanaqa edi?
- Nima?
- O'sha paytda, ya'ni, bundan uch yil avval - yigirmanchi yanvar kuni kunduz soat o'n ikkidan o'ttiz minut o'tganda, telpak sotib olayotganingizda ob-havo qanaqa edi?
- Esimda yo'q, - dedim tan olib.
- Nega esingizda yo'q? - dedi starshina ko'zimga boyagidan ham sinchkovroq tikilib.
- E, bo'ldi! - dedim yodimga tushib. - Gupillatib qor yog'ib turgandi.
- Yaxshi! Tekshirib ko'ramiz. - U bir zum sukut saqladi.
—Necha so'mga olgan edingiz?
- Telpaknimi?
- Paltoni so'rayotganim yo'q-ku! - dedi starshina ensasi qotib. Qarang, bunisi ham xayolimdan ko'tarilgan edi.
- Qirq so'm! - dedim og'zimga kelganini aytib.
- Qaerdan?
- Bozordan. Starshina uf tortdi.
- Magazin to'la telpak, bular bozorga yuguradi. Qaysi bozordan?
- Eski shahardan.
- Kimdan olgansiz?
- Bittasidan.
- Aniq gapiring! Kim ekan o'sha telpakfurush?
- Qayokdan bilay.
- Odamlarga hayronsan. Mol oladi-yu, kimdan olganini bilmaydi. Telpak sotgan odam erkakmidi, xotinmi?
- Erkak edi, - dedim jonlanib.
- Alohida belgisi bormidi?
- Nimaning?
- Nimaning emas, kimning! - dedi starshina xunobi oshib. - Telpakfurushni so'rayapman!
- Bor edi! Boshiga bir emas, uchta telpakni ustma-ust qo'ndirib olgan edi.
- Telpakni o'sha odamdan olganingizga guvohingiz bormi?
- Io'q, - dedim rostini aytib.
- Shunaqa-da! - starshina nadomat bilan bosh chayqadi. -Hozir ko'rsangiz taniysizmi?
- Telpaknimi?
- Telpakfurushni! - dedi u toqati toq bo'lib. - Keyin bir qadar jahldan tushdi shekilli, osoyishtaroq so'radi: -Astari qanaqa edi?
- Nima?
- Telpakning astari qanaqa edi? Ko'kmi, qorami, qizilmi? O'lay agar, telpakni shuncha kiyib astariga qaramagan ekanman.
- Esimda yo'q, - dedim bo'shashib. Starshina xo'rsindi.
- Odamlarga hayronsan. Kiyim kiyishni biladi-yu, rangiga qaramaydi. Alohida belgilari bormidi?
- Telpakfurushningmi?
- Telpakning!
Najot kutib Botirga qaradim.
- Bor edi! - dedi "Tarasha" o'tirgan joyida bir qimirlab. - Chap quloqchini qiyshiqroq edi. Kuyadori hidi kelib turardi.
- Malchite pajalista, grajdanin! - Starshina jo'vadek barmog'ini ko'tarib, po'pisa qildi.
- Guvoh sifatida so'raganimda javob berasiz. - A, vapshe, - dedi hafsalasi pir bo'lib, - bitta guvoh inobatga o'tmaydi. Kamida ikkita kerak. -Keyin menga yuzlandi. - Mo'ynasi qanaqa edi?
Esankirab qolganimdan savolini yaxshi tushunmadim.
- Nega anqayasiz, pastradavshiy? - U qoshini chimirdi. -Qanaqa mo'yna edi? Norkami, qorako'lmi, andatrami?
- Quyon edi!
- Alohida belgisi bormidi?
- Telpakningmi?
- Quyonning! Quyonning rangi qanaqa edi?
- Kulrang edi!
- Erkakmidi?
- Telpakfurushmi?
- Quyon! - dedi starshina rostmana bo'g'ilib. - Quyon er kakmidi, urg'ochimi?
Boyadan beri chidab o'tirgan "Tarasha"ning tajangligi tutib ketdi shekilli, shartta o'rnidan turdi.
- Xunasa! - dedi qo'lini paxsa qilib. - Xunasa quyon edi! Bir oyog'i cho'loq edi! Bir ko'zi g'ilay edi!
- Grajdanin! - starshina chaqqonlik bilan o'rnidan turib ustimizga bostirib kela boshladi. Ammo xona o'rtasida taqqa to'xtab qoldi. Barkashdek yuzining markazida ko'rinib-ko'rinmay turgan tugmachadek burni qimirlab ketgandek bo'ldi. Havoni bir-ikki hidladi-da, g'olibona iljaydi.
- Yigirma olti! - dedi tantana bilan. - Yigirma oltinchi portveyn! -gurs-gurs yurib borib, stol ustidagi telefon go'shagini yulqib ko'tardi. - Alyo, hushyorxonami? Operupolnomochinniy Eshboev gapiryapti...
- Qo-o-och! - "Tarasha" shunaqangi chinqirdiki, xona jaranglab ketdi. - Qochib qol! - dedi-yu, o'zini eshikka urdi. Oyog'im ostida yotgan papkamga chang solib, men ham ketidan tashlandim.
... Atrofi garbil taxta bilan o'ralgan, zilziladan keyin qayta qurilayotgan allaqanday bino tagiga yetganda nafasimizni rostlab oldik.
- Xafa bo'lma, o'rtoq, - dedi Botir g'arch-g'urch qor kechib borarkan. - Boshing sovqotgan bulsa, mening telpagimni kiyib ketaqol...
- E, yo'qol! - dedim alam bilan...
Uyga kelishim bilan keliningiz chiroyli tabassum hadya etdi:
- Telpagingiz qani?
- Ie, tushib qopti! - dedim boshyalangligim endi esimga kelgandek sochimni changallab.
Keliningiz boyagidan ham chiroyliroq jilmaydi:
- Boshingiz tushib qolmadimi ishqilib?
... Ertasiga "Po'nchik" odatdagidek ishga kechikdi. Botir bilan kechagi hangomani eslashib o'tirsak, kotiba qiz Gulichka eshikdan mo'raladi.
- Siz! - dedi menga qo'lini bigiz qilib. - Direktorga! Srochna!
Yuragim taka-puka bo'lib kirsam, direktor tajang bo'lib turgan ekan.
- Kecha nima hunar ko'rsatdingiz? - dedi chimirilib. Endi og'iz ochmoqchi edim, jerkib berdi:
- O'n besh sutka o'tirishni xohlamasangiz manavi jarimani to'lab keling. Ellik so'm!
- shunday deb allaqanday qog'ozni yuzimga uloqtirdi. - Ichadigan - bular, balogardon - men!
Xonaga qaytib kirsam, "Po'nchik" endi kelib turgan ekan.
- Nima bo'ldi? - dedi Botir ikkovi baravariga.
- O'l bo'ldi, dard bo'ldi! - dedim baqirib. - Sen, yaramas "Po'nchik" kafega sudramasang, telpagim yo'qolmasdi... Telpagim yo'qolmasa...
- Telpak? - Boburning lunji shishib ketgandek bo'ldi. -Papkangni ochib ko'r-chi?
Hech baloga tushunmay, kattakon papkamni ochdim. Qay ko'z bilan ko'rayki, qadrdon telpagim bir quloqchini qiyshayib iljayi-i-ib yotibdi! Alam bilan "Po'nchik"ning yoqasiga yopishdim. Lo'ppi yuzi tandirdan yangi chiqqan nondek qizarib ketdi.
- Qo'yvor! - dedi hansirab. - Kecha begonalar ilib ketmasin deb papkangga solib qo'ygandim. Yaxshilikka yomonlikmi, "Churuk papka!"
Ana xolos! Bahonada mening laqabimni ham bilib oldingiz.