MILLIY SERTIFIKATLASHTIRISH TIZIMI O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi O'zbekiston Respublikasining sertifikatlashtirish bo'yicha milliy organi bo'lib, amaldagi qonunchilikka binoan quyidagi faoliyatlarni bajaradi:
sertifikatlashtirish sohasida davlat siyosatini amalga oshiradi, sertifikatlashtirish o‘tkazish yuzasidan umumiy qoidalarni belgilaydi, ular to‘g‘risida rasmiy axborotlar e’lon qilib boradi;
sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish dasturlarining loyihalarini ishlab chiqadi hamda ularni Hukumat muhokamasiga taqdim etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda sertifikatlashtirishning xalqaro tizimlariga qo‘shilish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi, shuningdek sertifikatlashtirish natijalarini o‘zaro e’tirof etish to‘g‘risida bitimlar tuzadi, sertifikatlashtirish masalalari bo‘yicha boshqa davlatlar bilan o‘zaro munosabatlarda va xalqaro tashkilotlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘radi;
majburiy ravishda sertifikatlanadigan mahsulotlarning ro‘yxatini belgilaydi va uni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdig‘iga kiritadi;
sertifikatlashtirilgan mahsulotlarning, attestatsiyadan o‘tkazilgan sifat bo‘yicha ekspert-auditorlarning davlat reyestrlarini yuritadi;
sertifikatlashtirish to‘g‘risidagi qonunchilik normalari buzilganligi uchun muvofiqlik sertifikatlarining va muvofiqlik belgilarining amal qilishini to‘xtatib turadi hamda ularni bekor qiladi.
“O‘zstandart” agentligining sertifikatlashtirish sohasidagi faoliyatini moliyaviy ta’minlash manbai — O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘i, shuningdek “O‘zstandart” agentligi ko‘rsatayotgan xizmat uchun olinadigan haqdan iborat.
Mahsulotlarni sertifikatlashtirishga akkreditatsiya qilingan organlar:
mahsulotlarni sertifikatlashtirish tizimlarini tuzadilar va ularning amal qilishini ta’minlaydilar;
sertifikatlashtirishni tashkil etadilar va o‘tkazadilar;
milliy muvofiqlik sertifikatlarini rasmiylashtiradilar, beradilar yoki chet el muvofiqlik sertifikatlarini e’tirof etadilar;
sertifikatlangan mahsulotlar ustidan nazoratni amalga oshiradilar.
Tegishli sertifikatlashtirish tizimi belgilagan tartibda akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyalari (markazlari) muayyan mahsulotlarning sinovini yoki muayyan sinov turini amalga oshiradilar hamda sertifikatlashtirish maqsadlari uchun bayonnomalar beradilar.
Amaldagi akkreditatsiyadan o‘tgan muvofiqlikni baholash organlari ro‘yxati bilan O‘zbekiston akkreditatsiya markazining rasmiy veb-saytida (akkred.uz) tanishish mumkin.
Fuqarolar va tadbirkorlik subyektlari uchun mahsulotlarni sertifikatlashtirish bo‘yicha barcha xizmatlar Bojxona axborot tizimi – “Yagona darcha” TIS (http://singlewindow.uz/?lang=uz_UZ) orqali amalga oshiriladi.