Klub ishi. Tabiatshunoslik bo’yicha sinfdan tashqari ishlarda boshlang’ich sinf o’qituvchilari klub ishlaridan keng foydalanadilar, ularni boshqa ish shakllaridan farqi shundaki, klubda bolalar erkinroq faoliyat tanlashlari mumkin, o’zaro munosabatlar uchun erkin vaziyat yaratiladi, o’yinlarga ehtiyoj va qiziqish qanoatlantiriladi.
Klub majlislarida o’quvchilar o’zlarini qiziqtirgan: Bu nima? Nima uchun bu yuz beradi?, Qayerda buni ko’rish, bilish, o’qish mumkin? Bu kabi savollarga mustaqil javoblar olishga o’rganadilar. Har bir klub majlisining zarur elementlari unda o’quvchilarning savollari va javoblaridir, javoblar topilgan manbalarning albatta ko’rsatilishidir. Bu ish bilan barcha o’quvchilarni qiziqtirish uchun sinfda «so’rang javob bermiz» yoki «Nimachinchining savollari» yozilgan quti qo’yiladi, unga savollar yozilgan varaqchalar solinadi.
Klubning navbatdagi majlisida bir hafta oldin o’qituvchi savollari mazmuniga qarab guruhlashtiradi, klub a’zolari orasida taqsimlaydi va javob topishni taklif qiladi. Javoblar tayyorlash uchun o’qituvchi klub a’zolariga spravochnik (ma’lumotnoma) va ilmiy-ommabop adabiyotga murojaat qilishni, agar kerak bo’lsa, tabiatda yoki jonli tabiat burchagida kuzatishlar, oddiy tajribalar o’tkazishni tavsiya qiladi. Savollarga javob berishni gap beradigan narsa va hodisalarni (o’simliklar gerbariysi, hayvonlar chuchelasi yoki ularning rasmlarni, diapozitiv, diafilm, tajriba va hokazolarni) ko’rsatish bilan olib borish ma’qul.
Klub mashg’ulotlarini o’tkazishga bunday tayyorgarlik bolalarda faqat kuzatuvchanlikni, qo’shimcha adabiyot bilan ishlash va savollarga to’g’ri javob berish uquvinigina emas, balki ko’rsatish uchun material tanlash uquvlarini ham rivojlantiradi, javoblarni ancha isbotli va esda qoluvchi bo’lishini ta’minlaydi, boshqa klub a’zolarida ham savollarni chuqur va qiziqarli yoritishga intilish vujudga keltiradi. Klub majlisi o’tkazilayotgan sinfda burchak yoki axborot stendi (taxtasi)ni jihozlash kerak, ularda bo’lajak majlislar, ularning tematikasi, adabiyotni tavsiya qiluvchi ro’yxat to’g’risida bildirish joylashtiriladi. Bu yerda kitoblar, ko’rgazmali qurollar,yasamalar ko’rgazmasi ham o’tkaziladi.
Ommaviy ishlar. Tabiatshunoslik bo’yicha ommaviy sinfdan tashqari ishlar ekskursiyalar, konkurslar, diapozitiv va kinofilmlarni ko’rsatish bilan tematik kechalar, har xil tadbirlar (qushlar kuni, Gullar, daraxtlar o’tqazish, Hosil bayramlari va boshq.)ni o’z ichiga oladi.Ulardan maqsad – sinfdan tashqari ishlarga iloji boricha ko’proq sonda o’quvchilarni jalb qilish, ularda qatnashishga qiziqish va hohishini uyg’otish, bolalar faolligini yo’lga qo’yish, uni ijtimoiy foydali ishlarga yo’naltirish, bolalarda tashkilotchilik qobiliyatlarini aniqlash va rivojlantirishdir.
Ommaviy ishlar uzoq va puxta tayyorgarlikni talab qiladi. U yoki bu tadbirni o’tkazish uchun oldindan uncha katta bo’lmagan tashabbuskorlar guruhini tanlash va reja ishlab chiqish, hamma qatnashchilar o’rtasida topshiriqlarni taqsimlash kerak. Gruppaning har bir a’zosi o’z zimmasiga rejaning muayyan bo’limini bajarish mas’uliyatini oladi. Chunonchi, «Bahor keldi» bayramiga tayyorlanishda o’quvchilardan biri bahor to’g’risida axborot, boshqasi – otaliqqa olingan sinf bilan badiiy havaskorlikni, uchinchisi – ijrochilar uchun kiyim-kechak, to’rtinchisi – devoriy gazeta tayyorlaydi va h.k.
Tadbirga tayyorlanish tabiat to’g’risidagi o’z bilimlarini kuzatishlar yoki kitoblarni o’qish yordamida to’ldirish zarurati bilan bog’liq bo’lishi lozim. Chunonchi, bahor (ochiq kunlar, o’simlik va hayvonlarning uyg’onishi, qushlarning uchib kelishi) to’g’risidagi bayonni (axborotni) tayyorlash kuzatishlar va tabiatdagi bahorgi o’zgarishlar to’g’risidagi adabiyot o’qish bilan bog’liqdir. Tadbir rejada belgilangan vaqtda barcha o’quvchilarning faol ishtirokida o’tkazilishi kerak (Ota-onalar ham taklif qilinishlari mumkin). Uyushqoqlik, chiroyli rasmiylashtirish (bezatish), yorqin chiqishlar shunday tadbirlarning muqarrar qismlaridir. Ular ishtirokchilar xotirasida kechinmalarni saqlovchi va tabiatni o’rganish hamda muhofaza qilish bo’yicha ishlarni chuqurlashtirish uchun rag’bat bo’lib xizmat qiluvchi hissiy ko’tarinkilikni vujudga keltiradi.
Muammoli masalalar va topshiriqlar: 1. Dars va sinfdan tashqari ishlarning o’zaro aloqasini yoritib bering.
2. 1-4 sinflarlarda atrofimizdagi olam va tabiatshunoslik fanlaridan sinfdan tashqari tadbirlarning tematik-rejasini tuzing.
3. Sinfdan tashqari ishlarning tarbiyaviy, ekologik va tabiat muhofazasiga yo’naltirilganligini asoslab bering.
4. Tanlangan («Bog’ haftaligi», «Qushlar kuni», «Gullar bayrami») mavzusi bo’yicha:
a) ma’ruza;
b) ko’rgazmali qurollar;
v) ashulalar;
g) musiqali nomerlarni o’z ichiga olgan ertaliklar rejasini tuzing.
5. Boshlang’ich sinflarda tabiatshunoslik fani bo’yicha sinfdan tashqari o’qishlar uchun adabiyot ro’yxatini tuzing.
6. Ommaviy sinfdan tashqari tadbirlarni tashkil etish va o’tkazish metodikasiga oid quyidagi:
1) Mustaqillik kuni;
2) Assalom Navro’z;
3) Sayyoramizni asraylik;
4) Tabiat va inson kabi mavzularga reja va tadbirlarni ishlab chiqing.
7. Bolalarning mantiqiy tafakkurini rivojlantirish uchun o’lka materiallaridan foydalanib 2 tadan rebus va krossvord tuzing.
8. Tabiiy materiallarga oid masallar, topishmoqlar ro’yxatini tuzing.
Bilimni tekshirish uchun savollar: Sinfdan tashqari ishlar deganda nimani tushunasiz?
Sinfdan tashqari ishlarning ahamiyati nimada?
Sinfdan tashqari ishlarning asosiy mazmunini izohlab bering?
Sinfdan tashqari ishlarning turlari haqida ma’lumot bering.
Individual, guruh va ommaviy mashg’ulotlarning xususiyatlari nimada?
Individual topshiriqlar va ularning ahamiyatini izohlab bering?
7.Individual topshiriqlarni bajarishda o’qituvchining vazifasi nimalardan iborat?
8.Guruh mashg’ulotlari va ularning ahamiyati haqida ma’lumot bering.
9. Sinfdan tashqari ishlarda to’garaklar qanday ahamiyatga ega?
10. «Hamma narsani bilishni istayman» to’garagining rejasini izohlab bering.
11. Tabiatshunoslik bo’yicha sinfdan tashqari ishlarda klub ishining ahamiyatini ko’rsating.
12. Klub mashg’ulotlarini o’tkazishga qanday vazifalar bajariladi.
13. Ommaviy ishlar va ularning ahamiyati haqida ma’lumot bering.
14. Tabiatshunoslik bo’yicha o’tkaziladigan ommaviy ishlar turlariga nimalar kiradi?
15. Tabiatshunoslik bo’yicha sinfdan tashqari adabiyot o’qishning ahamiyati nimada?
16. Sinfdan tashqari adabiyot o’qishda qaysi uslublardan foydalaniladi?
17. O’quvchilarni qiziqtirish uchun o’z asarlarini tabiatga bag’ishlagan kitob mualliflari to’g’risida qisqacha axborot bering.
18. Tabiatshunoslik bo’yicha sinfdan tashqari ishlar olib borishda davriy matbuotning ahamiyati haqida ma’lumot bering.
19. Tabiatshunoslik fanidan sinfdan tashqari ishlarni bajarishda o’quvchilarni rag’batlantirish yo’llari haqida ma’lumot bering.
20.Sinfdan tashqari ishlarni bajarishda o’qituvchining asosiy vazifalarini ko’rsating.