2. Balandlikni o’lchovchi ustun , balandligi 10 m., har qaysi metri navbat bilan ikki xil rangli. U balandlikni taqqoslash uchun, shuningdek fazoviy va o’lchash ko’nikmalarini rivojlantirish uchun xizmat qiladi. Ustunning uchiga flyuger o’rnatiladi.
3. Flyuger, shamol yo’nalishini aniqlovchi asbob. Uni o’quvchilarning o’zlari tunukadan yasashlari yoki magazindan shamol kuchini aniqlash uchun shamol o’lchagich bilan birga sotib olishlari mumkin.
4. Bo’y o’lchagich, bo’y o’lchash uchun yog’och asbob. Bo’y o’lchagichdan foydalanib o’quvchilar o’z bo’ylarini o’lchaydilar va boshqa narsalarning balandligi bilan taqqoslaydilar. Bunda ko’z chamasi rivojlanadi.
5. Kub metr tomonlari (devorlari) ochiq, uzunligi 1 m. li ingichka yog’och reykalarning o’zaro birlashtirilishidan hosil bo’lgan. Kub metrning hajmi to’g’risida ko’rgazmali tasavvur beradi.yu Devorning bir tomonida turadi.
6. Kvadrat metr uzunligi 1m keladigan reyka o’zaro biriktirilishidan hosil qilingan. Uni maydonchaga qo’yiladi va ichiga maydalangan g’ishtlar solinadi. U kvadrat metr to’g’risida ko’rgazmali tasvir beradi.
7. Gnomon. Quyoshning ufq ustidan balandligini aniqlaydigan asbob. Gnomon yordamida, shuningdek ufq tomonlarining yo’nalishlarini ham aniqlash mumkin. Chunonchi, kunning yarmida soya shimolga yo’nalishini ko’rsatadi va qisqa bo’ladi, chunki Quyosh tikda (zenit) da turadi, erta bilan soya g’arbga, kechqurun esa sharqqa yo’nalgan bo’ladi. Har doim shimolga yo’nalishni bilish uchun kunning yarmida gnomon soyasi yog’li bo’yog’ yoki g’isht parchasi bilan belgilab qo’yiladi.
8. Rumbik xalqa – ufq tomonlariga nisbatan o’zining turgan joyini aniqlash uquvlarini hosil qilish uchun foydalaniladi. Shu maqsadda uni g’isht yoki yog’ochlarni yarmigacha yerga kirgizib gnomon atrofiga teriladi. Doira – xalqaning tashqi tomoniga ufq tomonlari nomlarining bosh harflari qo’yiladi. Yarim kun chizig’i bo’yicha shimol, qarshisida – janub, o’ng tomonida – sharq, chapda – g’arb, hamda ular o’rtasidagi oraliq tomonlar – ShSh, ShG’, JG’, JSh belgilanadi.
9. Quyosh soat – hohlagan o’lchamli gorizontal qo’yilgan yog’och doira bo’lib, o’rtasida o’qi bor. Doiraning chetiga gnomon bo’yicha (kun yarmida ustunning, ya’ni o’qning shimolga yo’nalgan soyasi bo’yicha) 12 raqami qo’yiladi. Bir-biridan teng masofada qolgan raqamlar qo’yiladi. Quyosh soatdan barcha sinf o’quvchilari foydalanishlari mumkin. Uni maydonchaning janubiga eng ochiq joyga o’rnatiladi.
10. Yomg’ir o’lchagich. Oddiy paqir, yomg’ir o’lchagich bo’lib xizmat qilishi mumkin. Unda yog’in miqdorini aniqlash uchun paqir ichiga tushirilgan chizg’ichdan foydalaniladi. Manzurka yordamida o’lchash mumkin. Buning uchun kub santimetr hisobidagi menzurka ko’rsatkichni 10 ga ko’paytiriladi va paqir tagining sathiga bo’linadi.
11. Qor o’lchovchi reyka. Tegishli chiziqlari bo’lgan maxsus reyka bilan qor qoplami qalinligi o’lchanadi.
12. Meteorologik budka. – (xonacha) havo haroratini o’lchaydigan termometr, havo bosimini o’lchaydigan barometr, havo namligini o’lchaydigan gigrometr va boshqa asboblarni saqlash uchun xizmat qiladi. Meteorologik budkani jug’rofiya maydonchasining soya tushmaydigan joyiga ikki metrga yaqin balandlikda o’rnatiladi.
13. Qum solingan yashik ishchi stollari (4-5) yoniga o’rnatiladi va o’quvchilarning har xil relyef shakllarini hosil qilishlari uchun foydalaniladi.
14. Oriyentirlash burchagi o’zlashtirilgan bilim, o’quv va ko’nikmalarni mustahkamlash uchun xizmat qiladi. Unda kesilgan kunda xalqalarini janubga qaratib o’rnatiladi, shuningdek yonbag’irliklari (tik va qiya), dovoni va aniq ifodalangan cho’qqisi hamda tagi bilan tepalik modeli (chim bilan qoplangan toshlardan) bo’lishi kerak.
15. Tog’ jinslari va suvning ishini o’rganish uchun jihozlar o’z ichiga sun’iy suv havzasi, daryo modeli, tog’ jinslari va joyning tuprog’ini oladi. Oqim suvning ishini o’rganish uchun jug’rofiya maydonchasiga vodoprovod o’tkaziladi. Suvning sun’iy oqimi yo’liga qirg’oqlarning yuvilishi va sharshara hosil bo’lishini ko’rsatish uchun to’siq qo’yiladi.
Jug’rofiya maydonchasidagi ishlarning muvaffaqiyati ularning sistematik bo’lishi va o’qituvchi tomonidan doimo nazorat qilib borilishiga bog’liqdir.
Muammoli masalalar va topshiriqlar: 1. Boshlang’ich sinflarning tabiatshunoslik darslarida qo’llanilayotgan o’qitish vositalari haqida ma’lumot tayyorlang.
2. 4-sinf «Tabiatshunoslik» darsligidan quyidagi guruhlardagi savol va topshiriqlarga bittadan misollar keltirib, daftaringizga yozing:
a) bilimlarni mustahkamlash uchun;
b) mantiqiy tafakkurni rivojlantirish uchun;
v) kuzatish yordamida olingan bilimlarni qo’llanish uchun;
g) tabiatshunoslik tushunchalarining solishtirma xarakteristikasi uchun.
3. Xarita plandan nima bilan farq qiladi? Uning farqlovchi belgilarini aniqlang.
4. Globus xaritadan nima bilan farq qiladi? Uning asosiy farqlovchi belgilarini aniqlang.
5. Tabiatshunoslik dasturlarini tahlil qilib, ekran vositalarining ro’yxatini tuzing.
6. «Yozda cho’l», «Bahorda cho’l» nomli suratlarning biri bo’yicha suhbat uchun savollar tuzing.
7. «Tabiatda suv», «Plan va xarita» mavzulari bo’yicha doskaga chizish uchun sxematik rasmlar tayyorlang.
8. 3-sinf «Tabiatshunoslik» darsligidan tabiiy ko’rgazmali qurollardan foydalanib o’tiladigan darsning rejasi va konspektini tuzing.
9. 4-sinf «Tabiatshunoslik» darsligidan ekran vositalaridan foydalanib o’tiladigan dars rejasi va konspektini tuzing.
10. 4-sinfda tabiatshunoslik materiallarini o’zlashtirishda xarita – sxemalardan foydalanishni aks ettiruvchi dars rejasi va konspektini tuzing.
11. Tabiatshunoslik xonasini jihozlash va uning strukturasini tuzing.
12. Tabiatshunoslik darslarini jihozlashda ko’rgazmali vositalardan kompleks foydalanish yo’llarini tahlil qiling.
13. Jonli burchakni tashkil qilish va jihozlash, o’simlik va hayvonlarni tanlash, ularni joylashtirish va kuzatishlar o’tkazishga qo’yilgan talablarni tahlil qiling.
14. 4-sinf «Tabiatshunoslik» darsligidan jonli tabiat burchagida o’tiladigan dars konspektini tuzing.
15. Tabiatshunoslik tasavvurlari hamda tushunchalarini shakllantirishda jug’rofiya maydonchasining roli haqida ma’lumotlar tayyorlang.
16. Jug’rofiya maydonchasidan foydalanib o’tiladigan dars konspektini tuzing (sinf va mavzu xohishingizga qarab).
17. Tabiatshunoslikni o’qitishda o’lkashunoslik burchagining ahamiyati, materiallarni joylashtirish haqida ixborot tayyorlang.
Bilimni tekshirish uchun savollar: 1.Darsliklar bilan ishlashda qaysi uslublardan foydalaniladi?
2. Darsliklardagi savol va topshiriqlar qaysi guruhlarga bo’linadi, ularni izohlab bering.
3. «Qabul qilish» deb nimani tushunasiz?
4. Tabiatshunoslik darslarida qo’llaniladigan ko’rgazmali qurollarning turlarini sanab bering?
5. Tabiiy ko’rgazmali qurollarga nimalar kiradi?
6. Sathli va hajmli ko’rgazmali qurollar haqida ma’lumot bering.
7. Devoriy suratlar bilan ishlashning ahamiyatini izohlab bering.
8. Suratlar bilan ishlashda qaysi xususiyatlarga e’tibor qaratish kerak?
9. Plan bilan ishlash metodikasi qanaqa?
Plan xaritadan nima bilan farqlanadi?
11. Tabiatshunoslik darslarida xarita bilan ishlashning xususiyatlarini konkret misollar asosida ko’rsating.
12. Tabiatshunoslik o’qitishda globusning ahamiyatini izohlab bering.
13. Ekran vositalariga nimalar kiradi?
14. Tabiatshunoslikni o’qitishda diafilm va kinofilmlarning ahamiyati haqida ma’lumot bering.
15.Model deb nimani tushunasiz?
16.Tabiatshunoslik darslarida modellashtirishdan qanday maqsadda foydalaniladi?
17.Tabiatshunoslik darslarida o’quv qurollarining qanday turlaridan foydalaniladi?
18. Tabiatshunoslik darslarida xaritalarning qaysi tiplaridan foydalaniladi?
19. Proyeksion apparatlarga nimalar kiradi?
20. Tabiatshunoslikni o’qitishda proyeksion apparatlarning ahamiyatini ko’rsating.
21. Tajribalar va laboratoriya mashg’ulotlari uchun jihozlarga qaysi jihozlar kiritiladi?
22. Jonli tabiat burchagi qayerda joylashtiriladi?
23. Jonli tabiat burchagi qanday jihozlanadi?
24. Jonli tabiat burchagida kuzatishlar o’tkazish uchun qanday o’simliklar tanlanadi?
25. Jonli tabiat burchagida hayvonlarning qaysi turlari bo’lishi kerak?
26. Akvarium va terrariumni tavsiflab bering?
27. O’lkashunoslik burchagi qaysi bo’limlardan iborat?
28. «Bizning o’lka» stendida qanday materiallarni joylashtirish mumkin.
29. Tabiatshunoslikni o’qitishda o’lkashunoslik burchagining ahamiyatini izohlab bering.
30. Tabiatshunoslikni o’qitish uchun jug’rofiya maydonchasining ahamiyati haqida ma’lumot bering.
31. Jug’rofiya maydonchasida qanday jihozlar bo’lishi shart?
32. Flyuger nima?
33. Gnomon nima?
34. Quyosh soati va unga qarab bajariladigan ishlar haqida ma’lumot bering.