Sodda gap turlari reja: Gaplarning tuzilishiga ko‘ra turlari
Mavzu: Gaplarning tuzilish jihatdan turlari: sodda va qo‘shma gap. Sodda gap turlari.
SODDA GAP TURLARI
REJA:
1. Gaplarning tuzilishiga ko‘ra turlari.
2. Sodda gap va uning turlari haqida umumiy ma’lumot.
3. Bosh bo‘laklarning ishtirokiga ko‘ra sodda gap turlari:
1) bir bosh bo‘lakli gaplar va ularning turlari;
2) ikki bosh bo‘lakli gaplar va ularning turlari.
4. Sodda gaplarning zarur bo’laklarning ifodalanishi yoki ifodalanmasligiga ko’ra turlari.
5. Sodda gaplarning bo‘laklarga ajralish-ajralmasligiga ko‘ra turlari.
GAPLARNING TUZILISH JIHATDAN TURLARI 1. Sodda gap bir grammatik asosdan iborat bo‘lib, uning tarkibi ayrim gaplarga bo‘linmaydi. Masalan: G‘ir-g‘ir shabada turli-tuman giyohlarning hidlarini olib keladi. (O.) 2. Qo‘shma gap mazmun va grammatik jihatdan birikkan ikki va undan ortiq grammatik asosdan tuzilib, uning tarkibi ikki va undan ortiq gaplarga bo‘linadi. Masalan: Hali daraxtlar barg chiqarmagan-u, pushti guldastaga o‘xshab gullagan bir tup bodom qo‘shni hovlining devori osha yashnab turibdi. (P.Q.).
GRAMMATIK ASOSINING TARKIBIGA KO‘RA SODDA GAP TURLARI
Sodda gaplar grammatik asosining tarkibiga ko‘ra, ya’ni bosh bo‘laklarning ishtirokiga ko‘ra ikkiga bo‘linadi:
1. Bir bosh bo‘lakli gaplar grammatik asosi bir bosh bo‘lakdan iborat bo‘lgan gaplardir: Sinamagan otning sirtidan o'tma!
2. Ikki bosh bo‘lakli gaplar ega tarkibi va kesim tarkibi mavjud bo‘lgan gapdir: Zar qadrini zargar biladi.
BIR BOSH BO‘LAKLI GAPLARNING TURLARI
Bir bosh bo‘lakli gaplar, bosh bo‘lakning qaysi biridan tashkil topishiga ko‘ra, ikki guruhga bo‘linadi:
1.Egasiz gaplar tarkibi kesim va ikkinchi darajali bo‘laklardan iborat bo‘lgan gaplardir: Bugungi ishni ertaga qo'yma!