9-mavzu: Yuridik shaxslardan olinadigan yer solig’i
Reja:
1. Yer solig‘ining huquqiy asoslari, iqtisodiy mohiyati. 2. Yer solig‘ini to‘lovchilar. 3. Yer solig‘i ob‘ekti, bazasi va soliq stavkalari. 4. Yer solig‘i bo‘yicha imtiyozlar. 5. Yer solig‘ini hisoblab chiqarish va budjetga to‘lash muddatlari. 6. Xorijiy davlatlarda yuridik shaxslardan undiriladigan yer solig’ini budjetga undirish tartibi.
Tayanch so’z va iboralar: yuridik shaxs, rezident yuridik shaxs, yer, soliq to’lovchilar, soliq ob’ekti, soliq to’lovchilar, soliq sub’ekti, soliq stavkasi, soliq imtiyozlari, soliqni hisoblash tartibi, soliqni to’lash muddatlari
1. Yer solig‘ining huquqiy asoslari, iqtisodiy mohiyati.1990 yilda O‘zbekistonda “Yer to‘g‘risida” qonun qabul qilindi va ushbu qonunga ko‘ra yerga egalik qilish va yerdan foydalanishning pullik bo‘lishi belgilandi hamda yer uchun haq yillik yer solig‘i sifatida undiriladigan bo‘ldi.
1991 yilda “Korxonalar, birlashmalar va tashkilotlardan olinadigan soliqlar to‘g‘risida”, 1993 yilda “Yer solig‘i to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinib, unda yer solig‘ini undirishda soliqqa tortish ob‘ekti, sub‘ektlari, soliq bo‘yicha imtiyozlar, soliqni hisoblash va budjetga to‘lash tartiblari ko‘rsatib berildi. 1997 yilda “Soliq kodeksi”ning qabul qilinishi hamda 1998 yildan uning kuchga kiritilishi bilan yer solig‘ining to‘laqonli huquqiy asoslari yaratildi. Yer solig‘i O‘zbekiston soliq tizimida mahalliy soliqlar va yig‘imlar tarkibiga kiradi hamda mahalliy budjetlarning barqaror daromad manbai hisoblanadi.
Yer solig‘i boshqa soliq turlaridan farqli o‘laroq, o‘ziga hos xususiyatlarga ega. Jumladan, o‘zining iqtisodiy mohiyatiga ko‘ra u renta to‘lovidir yoki boshqacha qilib aytganda ushbu soliq yer egalari va yerdan foydalanuvchi xo‘jalik yurituvchi sub‘ektlar moliyaviy faoliyatining natijalari bilan bog‘liq emas. Demak, ushbu soliqni joriy etilishidan maqsad – yerdan oqilona foydalanishni rag‘batlantirish, tuproq unumdorligini oshirish, sifati turlicha bo‘lgan yerlarda xo‘jalik yuritishning ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlarini tenglashtirish, aholi yashaydigan joylarda infrastruktura rivojlanishini ta‘minlash hamda yerni talon-taroj qilinishiga yo‘l qo‘ymaslik hisoblanadi.
Yer fondi hajmida qishloq ho‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilari yer maydonlarining o‘sishi fermer xo‘jaliklari sonining yildan-yilga ko‘payib borayotganligi va o‘rmon xo‘jaliklari ixtiyoridagi yer maydonlarining bir qismining ular tasarrufiga o‘tkazilishi hamda zaxira yerlarning o‘zlashtirilishi bilan izohlanadi.