«Devon Amid-al-mulk» yoki «al-rasail» davlat ahamiyatiga molik bo’lgan rasmiy hujjatlarni tuzish bilan shug’ullangan. Bundan tashqari bu devon chet davlatlar bilan bo’ladigan munosabatlarni ham boshqargan.
«Sohib ash-shurat» devoni davlatning butun harbiy ishlarini, shu jumladan amirning shaxsiy qo’shinini boshqargan. «Sohib ash-shurat»ning mahsus yordamchisi - ariz bo’lgan. U mahkama va uning boshlig’i amir qo’shini xazinasi bilan shug’ullangan. Qo’shinlarga bir yilda to’rt marta maosh to’langan. Davlatni idora etishda «sohib al-borid»devonining ahamiyati ham juda katta bo’lgan. Bu devon davlat ahamiyatiga molik bo’lgan hujjatlarni va xabarlarni yetkazish bilan shug’ullangan. Devonning hamma shahar va viloyatlarda mahalliy mahkamalari bo’lgan.
«Muxtasib» devoni bozorlarni, sotuvchilarni, qadoqboshlarning og’irligi, bozordagi mollarning narxini, sifatini nazorat qilgan. Davlat xazinasining daromadlarini va harajatlarini «mushrif» devoni nazorat qilgan. Bundan tashqari «qozi az-ziyo» va «vaqf» devonlari bo’lgan. «Qozi az ziyo» devoni davlat yerlarini, «vaqf» devoni hadya etilgan yerlarni va musulmon ruhoniylarining boshqa mol-mulklarini nazorat qilishgan.
Devonlarning aytarli hammasining viloyatlarda boshqarmalari bo’lgan. Devonlarning viloyatlardagi boshqarmalari bir tomondan o’z devonlariga, ikkinchi tomondan viloyat hokimiga bo’ysunishgan. Bundan faqat «sohib al-borid» devonining amaldorlari mustasno bo’lgan17.
Viloyat va tumanlar amir tomonidan tayinlangan hokimlar tomonidan idora qilingan. Odatda bunday lavozimga mahalliy boy zodagonlar tavsiya etilgan. Somoniylar davlatida musulmon ruhoniylarning ta’siri nihoyatda kuchli bo’lgan. Ular markaziy hokimiyat ishlarida ham faol ishtirok etganlar. Somoniylar davlatining diniy hayotida xanafiylar mazxabligiga mansub ruhoniylar hamma diniy lavozimlarni o’z qo’llariga olishgan. Ruhoniylarning boshlig’i «ustod»,keyinchalik «Shayx ul-islom», deb atalgan. «Ustod»dan so’ng o’z lavozimi bo’yicha ruhoniylar orasida «xatib» turgan. U jome’ masjidlarida juma namozida xutba o’qish huquqiga ega bo’lgan.
Somoniylar hokimiyati yirik yer egalari hamda mulkdor savdogarlarning manfaatini himoya qilgani tufayli mamlakatdagi mavjud yer va suvning katta qismi davlatga va zodagon tabaqalarga tegishli bo’lgan. Ayni vaqtda yerdan foydalanish va unga egalik qilishning boshqa turlari ham mavjud edi. Davlat tasarrufidagi yerlar «mulki sultoniy», hukmron sulola vakillari, zodagon dehkon va aslzodalarning tasarrufidagi yirik hamda mehnatkash qishloq aholisiga tegishli mayda xususiy yerlar «mulk yerlari» deb atalardi. Masjid, madrasa, xonaqoh va maqbaralarga vaqtincha yoki muddatsiz foydalanish uchun berilgan yerlar «vaqf yerlari» deyilgan. Barcha turdagi yerdan foydalanuvchilar davlatga hosilning 1/3 xajmida xiroj to’lar edi. Oliy martabali ruhoniy va saidlarga qarashli yerlar («mulki xos») davlat soliqlaridan qisman yoki tamomila ozod etilgan. Bunday imtiyozga ega bo’lgan mulkdorlar davlatga hosilning 1/10 hisobida (ba’zan pul bilan) «ushr» solig’ini to’lar edi. Shuningdek, hukmron sulola hamda oliy tabaqa vakillariga davlat oldidagi xizmatlari evaziga hadya qilingan mulklar (viloyat, tuman yoki ayrim shahar va qishloqlar) “iqto” yoki «tuma yerlar», unga ega bo’lgan mulkdorlar «muqto» yoki «iqtodor» deb yuritilardi. Iqto tarzida esa ayrim viloyat, voha, rustoq (tuman) yoki shaharlar hadya etilgan. Iqto, dastavval, asosan, sulola a’zolari — amirzodalar va ayrim mansabdorlarga in’om etilgan. Iqto mulklari avvalda ma’lum muddatda berilib nasldan-naslga o’tkazilmagan. Iqtodorlar iqtolaridan to’shadigan daromadni yoki uning ma’lum qisminigina yig’ib olish huquqiga ega bo’lganlar, holos. Butun bir viloyat iqto qilib berilgan noib - vazirga ba’zan o’z nomidan chaqa pul zarb etish huquqi ham berilar edi. Bu ko’pincha markaziy hoqimiyatni kuchsizlantirib, mahalliy hokimlarning boshboshdoqlik harakatlari kuchayishiga olib kelar edi.
Qishloq jamoalari tasarrufida ham ma’lum miqdorda «jamoa yerlari» bo’lib, bunday yerlar ko’pincha lalmikor hamda korizlar vositasida sug’oriladigan suvga tanqis tog’ oldi mintaqalarida joylashgan edi.
Mayda hususiy hamda jamoa yerlaridan tashqari barcha mulklarda mehnatkash qishloq aholisi kadivar yoki yollanib koranda bo’lib ishlar edi. Korandalar IX-X asrlarda «sherik» yoki «barzikor» deb atalardi. Bu davrda katta yer egalari o’z yerlarini barzikorlarga ijaraga berishni afzal ko’rardilar. Ijarachilarning asosiy qismi kam yerli yoki yersiz dehqonlar edi. Agar barzikor o’z urug’ligi va qo’shi bilan dehqonchilik qilsa, hosilning 1/3—1/5 miqdorida hissa olar, urug’lik va qo’sh yer egasi hisobidan bo’lsa hosilning 1/10 yoki 1/12 ulushiga ega bo’lardi. Davlat soliqlari (xiroj va ushr) yer egasidan ham, korandadan ham alohida-alohida shu ulushlar hisobidan olinar edi18.
Dehqonlar zimmasiga sug’orish tarmoqlarini muntazam loyqadan tozalash, kanal qazish, to’g’on o’rnatish, ko’prik qurish, suv ombori barpo etish kabi og’ir ishlar ham yuklangan edi. Bo’lardan tashqari mehnatkash omma masjid, madrasa, xonaqoh, maqbara va karvonsaroylar kabi qurilishlarda, shahar va qal’alarning mudofaa devorlarini ta’mirlash, yangidan qurish va yo’l tuzatishda tekinga ishlab berishga majbur edi. Aholi, ayniqsa, Somoniylarning harbiy yurishlari, hukmron sulolaning ichki nizolari, mahalliy hokimlarning boshboshdoqlik harakatlari bilan bog’liq o’zaro kurashlaridan bezor bo’lgan edi. Bunday ichki siyosiy vaziyat oqibatda mamlakatni iqtisodiy tanglikka olib keldi. Bunday og’ir ahvoldan chiqish uchun 942 yilda aholidan ikki marta soliq o’ndirib olinadi. Siyosiy vaziyat, ayniqsa, Nuh ibn Nasr (943-954) va uning nabirasi Nuh ibn Mansur (976—997) hukmronliklari davrida nihoyatda keskinlashdi. Ketma-ket takrorlangan isyonlar markaziy hoqimiyatni zaiflashtirdi. Bu davrda Yettisuv viloyatida tashkil topgan Qoraxoniylar davlatining Movarounnahrga qilgan hujumidan 999 yilda Somoniylar hoqimiyati butunlay barham topdi.
Somoniylar davrida kuchli va mustaqil davlatning paydo bo’lishi dehqonchilik, hunarmandchilikning rivojlanishi, shaharlarning taraqqiyoti o’z navbatida ichki va tashqi savdoni yanada uzviylashuviga va taraqqiyotiga olib keldi. Avvalo, shahar va qishloqlar o’rtasidagi savdo kengaydi. Ikkinchi tomondan shahar va qishloqlarning qo’shni ko’chmanchi xalqlar va boshqa davlatlar bilan aloqasi rivojlandi.
Xususiy shaxslarga tegishli mulk hukmdor tabaqa xonadoni, dehqon-zodagonlarga, sayyidlar, sipohsolor, badavlat savdogarlarga tegishli mulklar hisoblangan. Shartli yer egaligi ham bo’lgan.
Vaqf mulklari, diniy muassasalar va madrasalarga tegishli mulk. Bu mulkni muassasa mutavallisi boshqargan. Jamoa mulki: yaylov, tog’ yonbag’irlaridagi lalmi yerlar.
Xiroj hajmi shariat va davlat qonunlari asosida belgilangan. Somoniylarning birgina Buxoro va Karmana viloyatlari xirojidan tushgan daromadi 116866 dirhamni tashkil qilgan.
Somoniylar davrida yerlar qaytadan taqsim qilindi. Yer egalarining yangi guruhi tashkil topdi. Ularning ko’pi sipohiylardan chiqqan edi. Masalan, Alpteginning Xurosonda va Movarounnahrda 500 kishilari bo’lib, biror shahar yuq ediki, unda uning qasri yo bog’i, yoxud karvonsaroyi bo’lmasa. Uning tasaruffida minglab otlar va chorva mollari bo’lgan.
Somoniylar davrida qudratli markazlashgan davlatning vujudga kelishi natijasida Movarounnahr va Xurosonda ma’lum barqarorlik qaror topdi. Bu holat mamlakat iqtisodiy hayotiga katta ta’sir ko’rsatdi. Dehqonchilik, hunarmandchilik va savdo tez sur’atlar bilan rivojlana boshladi. Movarounnahr va Xuroson bu vaqtda Sharqning iqtisodiy jihatdan eng rivojlangan o’lkalaridan hisoblangan19.
Xuroson va ayniqsa, Movarounnahr dehqonchilik o’lkalari qatoriga kirgan. Bu yerlarda dehqonchilik asosan sun’iy sug’orishga asoslangan. Ko’plab soy va daryolardan chiqarilgan katta-kichik kanallar mavjud bo’lgan. Buxoro vohasida Shopurkon, Shoxrud, Karmana, Poykand, Samarqand vohasida Barj (Darg’om), Bo’zmadisoy, Ishtixon kabi kanallar shahar va qishloqlarni suv bilan ta’minlagan. Bundan tashqari, bunday kanallar Xorazm, Qashqadaryo, Farg’ona va Shoshda ham bo’lgan. Manbalarga qaraganda Shosh aholisi xalifa Mutasimga (833-842) murojaat qilib vohada suv yetishmasligi tufayli kanal qurilishiga yordam so’ragan. Sun’iy sug’orishga asoslangan dehqonchilikdan tashqari lalmikor dehqonchilik ham yaxshi yo’lga qo’yilgan20.
Dalalarda bug’doyning turli navlari, arpa va boshqa boshoqli ekinlar ekilgan. Qishlok xo’jaligida paxta yetishtirishga alohida ahamiyat berilgan. Paxta, ayniqsa, Zarafshon, Qashqadaryo va Marv vohasida ko’p ekilgan. Bog’dorchilik ham yaxshi rivojlangan. Bog’larda olma, shaftoli, nok behi, anor, anjir kabi turli mevalar yetishtirilgan. Uzum yetishtirish yaxshi yo’lga qo’yilgan. Ayniqsa, Samarqand, Marv, Hirotda yetishtirilgan uzumlar juda qadrlangan. Umuman Xuroson va Movarounnahrning mevalari o’zining turli navlari va yuqori sifatliligi bilan butun Sharqda dong taratgan. Juda ko’p quruq mevalar Yevropaning turli shaharlariga jo’natilgan.