Sotsial-etnik munosabatlar Millatlar va etnik guruhlarning sotsial-etnik tarkibi. Insoniyat xilma-xil sotsial etnik birliklardan tashkil topgan. Bugungi kunda 200 dan ortiq mamlakatlarda 2 mingdan ortiq millat, elat va qabilalar yashamoqda.Ularning so’zlashadigan tillari esa 5 mingdan ortiqni tashkil etadi. Ammo mana shu tillardan 2 mingtasidan ko’prog’ida yozuvlar yo’q.
Jamiyatning sotsial-etnik tarkibini tadqiq qilish sotsiologiyaning maxsus sohasi bo’lib, u etnosotsiologiya deb ataladi. Sotsiologiyaning bu sohasi jamiyatning sotsial tarkibiy tuzilishidagi millatlar, xalqlar, elatlar, guruhlarning sotsial rivojlanish masalalarini o’rganadi. Ularning sotsial-iqtisodiy, sotsial-siyosiy, ma`naviy-mafkuraviy, madaniy, ta`limiy, diniy va boshqa o’ziga xos qadriyatlarini tadqiq qiladi.
Etnos tushunchasi (qadimgi yunoncha so’z bo’lib «xalq» ma`nosini anglatadi)- muayyan hududda tarixan tarkib topgan, boshqalardan farqlanuvchi o’z madaniyatiga, ruhiy uyg’unlikka va boshqa umumiy xususiyatga ega bo’lgan kishilarning nisbatan barqaror birligini anglatadi. Demak, etnosotsiologiyaning tadqiqot ob`ekti - eng avvalo xalqlar, millatlar, etnik guruhlarning sotsial tarkibini, boshqa etnik birliklardan farq qiluvchi o’ziga xos madaniyati, turmushi, urf-odatlari, tili va boshqa shu kabi o’ziga xos xususiyatlarini o’rganadi. Millat, millatlararo munosabatlar masalasi sotsiologiyadan boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlar, iqtisodiyot nazariyasi, politologiya, axloq va nafasatshunoslik, tarix, etnografiya kabilarning ham o’rganish ob`ekti hisoblanadi.
Etnosotsiologiyada esa millat va milliy munosabatlar, ularning iqtisodiy, siyosiy, madaniy, ma`naviy-mafkuraviy munosabatlardagi o’zaro uzviy aloqadorligi nazarda tutilgan holda, konkret etnik muhit doirasida, ijtimoiy jamoalardagi, oiladagi, hududiy tartibdagi munosabatlarni etnik xususiyatlari doirasida olib qarab o’rganiladi. SHuningdek, millatlararo munosabatlarning jamiyat ijtimoiy hayotiga ta`siri va ularning sotsial oqibatlari tadqiq qilinadi. SHu jihatdan etnosotsiologiyaning jamiyatni o’rganishdagi ahamiyati kattadir.
Sobiq sovet tuzimi advrida etnosotsiologiya to’laqonli o’z rivojini topmadi. Turli millatlar, ellatlar, xalqlar va etnik guruhlarning ijtimoiy taraqqiyotiga bir tomonlama yondashildi.
Kelajakda ular o’zaro qo’shilib, yaxlit bir sovet xalqi etnik birligi vujudga keladi, -degan xayolda soxta va noto’g’ri mafkuraviy siyosat yurgizilishi oqibatida har bir etnik birlikning o’ziga xos boy, go’zal va takrorlanmas qadriyatlari rivojiga siyosiy tazyiq o’tkazildi. Bunday siyosiy zo’ravonlik oqibatida etnosotsiologiya sotsiologik nazariya sifatida etarlicha qadrlanmadi.
Sovet davrida muayyan iqtisodiy-siyosiy va mafkuraviy rejim asosida ushlab turilgan, boshqarilgan milliy munosabatlar hozirda qaytadan, yangi sotsial munosabatlar asosida tiklanmoqda. SHu jihatdan, O’zbekistoning ko’p millatli davlat ekanligini e`tiborda tutgan holda, uning hududida istiqomat qilayotgan millat va xalqlarning ijtimoiy turmushi, o’zaro aloqasi hamda shu kabi munosabatlarni sotsiologik tadqiq qilish muhim ahamiyatga ega. Zero, respublika milliy tarkibining o’ziga xosligi uning farqlantiruvchi xususiyatidir. Etnik tarkibda tub aholi ustun mavqeni egallaydi. Respublikada yashab turgan aholining 70% dan ko’prog’ini o’zbeklar tashkil qiladi. Ayni vaqtda, O’zbekiston hududida o’z madaniyati va an`analariga ega bo’lgan yuzdan ziyod millat vakillari yashaydi. Yaqin o’tmishimizda sodir bo’lgan Farg’ona, Andijon, O’zgan voqealari qayta takrorlanmasligi uchun, O’zbekistonda bundan keyin ham millatlararo hamdo’stlikni rivojlantirish, o’zaro ahil bir oila bo’lib yashash talab etiladi. Prezidentimiz I.A.Karimov boshchiligidagi O’zbekiston hukumatining asosiy maqsadi ham Markaziy Osiyo hududida har qanday milliy nizolarning oldini olish va millatlararo munosabatlarni yanada rivojlantirishdan iborat.
Ayniqsa, hozirgi kunda sotsial – etnik munosabatlar atroflicha sotsiologik tahlilga muhtojdir. Yangilangan ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar asosida etnik guruhlar o’rtasidagi munosabatlar ham qaytadan tarkib topmoqda. SHundan kelib chiqqan holda, etnosotsiologiyada ichki va tashqi tadqiq yo’nalishi mavjudligini aytish mumkin.
Ichki tadqiqot yo’nalishi– bu ayrim etnik guruh tarkibidagi sotsiologik tadqiqotlardan iborat bo’lib, uning ichki, o’ziga xos xususiyatlari, rivojlanish tendentsiyalari o’rganiladi. Tashqi tadqiqot yo’nalishi esa etnik guruhlar orasidagi o’zaro munosabatlarni, bir etnik guruhga ta`sir ko’rsatadigan tashqi omillarni va ularning sotsial oqibatlarini tadqiq qiladi. Ayniqsa, bir mamlakat hududida yashovchi etnik guruhlarning o’zaro munosabatlarini sotsiologik tadqiq qilish juda muhimdir.
Mamlakat tub aholisini tashkil etmaydigan kam sonli etnik guruhlarni o’rganish ham katta ahamiyatga ega. Ularning madaniyati, ma`naviy qadriyatlari, axloqiy - etnik normalari, ijitmoiy-ruhiy xususiyatlarini o’rganish bilan muhim ilmiy bilimga ega bo’lamiz. Prezidentimiz I.A.Karimov ta`kidlaganidek, «Jahonda katta va kichik millatlar va elatlar yo’q. Ularning har biri asriy barqaror va tengi yo’q an`analari, tarixiy merosning boyligi, milliy ruhining umumiyligi, madaniyatning o’ziga xosligi bilan ahamiyatlidir».
U yoki bu etnik guruh tabiiy tarkib topishining asosiy shart-sharoiti bu hududiy va til birligi hisoblanadi. Muayyan etnik birlik–millatning har jihatdan rivojlanishida uning o’z mustaqil siyosiy davlat tizimiga ega bo’lishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Mustaqillik sharoitida O’zbekistonda sotsiol–etnik munosabatlar. O’zbekiston milliy mustaqillikni qo’lga kiritgandan boshlab, o’tgan dastlabki 20 yillik muddat yuz yillar mazmuniga teng bo’ldi. O’zbek xalqi millat sifatida o’zligini, or-nomusini, milliy iftixorini, qadr-qimmatini, boy o’tmish madaniy merosini, tilini va shu kabi ko’plab boshqa qadriyatlarni qaytadan tikladi. O’tmishi va kelajagi buyuk bo’lishini bilib, millat sifatida yana jahonga yuz tutdi.
Tarixdan ma`lumki, o’zbek etnosining shakllanishida markazlashgan Amir Temur davlatining tashkil topishi katta ahamiyat kasb etgan. SHu davrdan boshlab, o’zbek etnik guruhi boshqa turkiy guruhlardan farqlanuvchi o’ziga xos jihatlarni ko’proq namoyon qila boshlagan. Bularga asosan, yagona davlat fuqaroligi, yagona til, madaniy, ma`naviy qadriyatlar uyg’unligi, hududiy birlik, uyushganlik hamda yagona diniy (islom) e`tiqod birligi kabilar hisoblanadi. Nisbatan o’troq, asosan sug’orma dehqonchilik va shahar hunarmandchiligi bilan shug’ullanishi, Markaziy Osiyoning qoq o’rtasida joylashuvi va hududiy uyushganligi kabi omillar ham o’zbek millatining shakllanishida muhim ahamiyat kasb etgan.
O’zbek xalqining etnik jihatdan tashkil topishi tarixan murakkab, juda katta ichki va tashqi ijitmoiy zarbalar ostida bordi. Amir Temur vafotidan so’ng temurzodalarning o’zaro kurashi, Shayboniyxon tomonidan temurzodalarga qarshi olib borilgan kurash, keyinchalik Movarounnahrning (Xiva xonligi) Rus imperiyasi tomonidan istilo qilinishi millatning rivojlanishiga salbiy ta`sir ko’rsatdi. Chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi oqibatida, Turkiston qat`iy yagona hududga birlashtirilgan bo’lsada, buyuk rus shivinizmi zo’ravonligi ta`sirida o’zbek xalqi boshqa turkiy xalqlar bilan bir qatorda mazlum xalq sifatida tahqirlandi, kamsitildi va qaddi bukildi. Uzoq davr ma`naviy-axloqiy, siyosiy-huquqiy tushkunlikni boshdan kechirdi. Sobiq sovet tuzumi davrida ham bunday siyosat o’ta nozik, baynalminallik niqobi ostida o’ziga xos usullar bilan davom etdi.
Milliy mustaqillikning qo’lga kiritilishi munosabati bilan endilikda milliy ko’tarilish, rivojlanish jadal bormoqdaki, mavjud siyosiy-iqtisodiy, huquqiy va ma`naviy shart-sharoit o’zbek xalqini yaqin kelajakda jahonning ilg’or, yuksak ma`naviyatga ega bo’lgan millat darajasiga erishtirishi muqarrardir. Zotan, tarix–xalq ma`naviyatining asosidadir61.
Jamiyat o’zining tarkibiy tuzilishi jihatdan o’zaro chambarchas bog’liq bo’lgan tomonlar, jabhalar bir butun ijtimoiy tizim tarkibidagi nisbatan katta-kichik tizimlar, ijtimoiy munosabatlarni o’z ichiga oladi. Ularning har biri o’z taraqqiyoti davomida bir-birlariga muayyan darajada salmoqli ta`sir ko’rsatadi. Mustaqil O’zbekiston davlatining xalqaro maydonda nufuzli mamlakatga, barcha sohalarda rivojlangan jamiyatga ega bo’lish darajasiga ko’tarilishi, uning ana shu o’zaro funktsional ta`sirida bo’luvchi tomonlari, tarkibiy bo’laklari holatining xarakteriga bog’liq.
Mustaqil O’zbekiston jamiyatning ertangi kun ijtimoiy-iqtisodiy tuzumiga bugun asos solinar ekan, jamiyat ijtimoiy tarkibini o’rganish real hayotimizni, kundalik turmushni yanada to’laroq bilishga xizmat qiladi. Har bir ijtimoiy guruh ayrim, olingan shaxs ham jamiyat ijtimoiy tarkibida o’z o’rniga ega bo’ladi. Shaxs o’zining jinsi, yoshi, ijtimoiy kelib chiqishi, ma`lumoti mutaxassisligi, oilaviy ahvoli, millati va boshqa shu kabilar bilan muayyan ijtimoiy tarkibiga kiradi. Jamiyatning ijtimoiy tarkibi- ijtimoiy guruhlar, ularning ijtimoiy hayotidagi o’z mavqey bilan farq qiluvchi tomonlari majmuasidan iboratdir.
Mustaqil O’zbekistonda bozor munosabatlarining tarkib topib borishi, xususiy va boshqa mulk shakllarining qonuniy deb e`lon qilinishi bilan kishilar ijtimoiy guruhlarining faolligi ortmoqda. Har bir kishi o’zidagi qobiliyat, omilkorligi, tadbirkorligi va ishbilarmonligi bilan ijtimoiy taraqqiyot ko’lamiga ta`sir ko’rsatish imkoniga ega bo’ldi.
Mustaqillik sharoitida O’zbekistonda mobillik (harakatchanlik) kontsepsiyasining jadal amal qilishi uchun sharoit etildi. Demokratik tuzum sharoitida kishilar o’zlarining shaxsiy qiziqishlari, tirishqoqliklari bilan jamiyat ijtimoiy tarkibidagi mavqelarini yaxshilab borish imkoniyatiga ega bo’lmoqda. Jamiyat taraqqiyotida uning tarkibiy tuzilishi, funksional aloqadorlik o’zining «tabiiy qonunlari», evolyutsion rivojlanishi, ijtimoiy sohalarning bir maromdagi mutanosibligi asosidagina rivojlanadi. Revolyutsiyalar davri o’tdi. Insoniyat yuqori intellektual taraqqaiyot bosqichiga qadam qo’ymoqda. Ijtimoiy tarakqiyotning bu bosqichi yangi, o’ziga xos qonuniyatlar asosida borishi turgan gap. Abu Rayhon Beruniy bobomiz ta`kidlaganidek, aslida ilm-fan kishilarning hayotiy ehtiyojlarini qondirish zaruriatidan paydo bo’ldi. Xalq haqqoniy tarixini bilib, o’zilikni anglay boshladi.