2-§. Shartnomalarga o'xshash harakatlar asosida majburiyatlarning kelib
chiqish asoslari (qvasi ex contractu) kvazi eks kontraktu
Shartnomalarga o'xshash harakatlar asosida majburiyatlarning kelib chiqish
asoslari xuddi shartnomalar asosida kelib chiqadigan majburiyatlarga o'xshasa
ham, ammo o'rtada shartnoma tuzilmasdan kelib chiqadigan huquqiy
munosabatlardan iborat bo'lib, o'z mazmuni va xarakteri bilan unchalik bir-biridan
farq qilmaydi.
U ko'pgina shartnomasiz, deliktsiz (shartnomalarni buzish, bajarmaslik) bir
tomonlama bitimlar yoki boshqa faktlar asosida vujudga keladi.
Shartnomalarga o'xshash harakatlar asosida majburiyatlarning kelib chiqish
asoslari quyidagi turlarga bo'linadi:
1.
Negotiorum gestio negosiorum gestio topshiriqsiz boshqalarning
ishini amalga oshirish yoki boshqa shaxslar uchun g'amxo'rlik qilishlik;
2.
Bir shaxsning ikkinchi shaxs (boshqalarning) hisobiga asossiz
ravishda boyib ketishligi natijasida.
Negosiorum gestio shartnomalarga o'xshash harakatlar natijasida
majburiyatlarning kelib chiqish asoslaridan biri bo'lib, topshiriqsiz bir shaxs
tomonidan gestor (gestor) ikkinchi shaxsning nomidan va ikkinchi shaxs hisobiga
ma'lum bir harakatlarni bajarishlik yoki uni mulkini boshqarishlikdan iboratdir.
Bu majburiyatlar ko'pincha bir shaxsning o'z mulkini boshqara olmaslik yoki
uning uzoq vaqt davomida mulk joylashgan hududda bo'lmaslik oqibatlaridan kelib
chiqqan.
Bular asosan, quyidagilar orqali aniqlanilar edi: birinchidan, «boshqalarning
ishini boshqarish» ya'ni bir yoki bir necha harakatni boshqa shaxsning manfaati
uchun amalga oshirishdan kelib chiqardi. Ikkinchidan, agar biror harakatni
bajarmasa ham, faktik holat bilan ham belgilanishi mumkin edi.
Masalan: Biror bir shaxsning qora molini sug'orish, yoki qulining qornini
to'yg'azib qo'yishlik harakatlarini amalga oshirish.
Bu harakat haqsiz, topshiriqsiz, boshqa shaxsning hisobiga, shartnomasiz
amalga oshirilgan munosabatlar doirasiga kiradi.
Bu harakatlar O'zbekiston Fuqarolik huquqidagi vakolatnomasiz vakillik
institutiga ham o'xshaydi. Chunki, bu qilingan harakatni agar ikkinchi tomon
qo'llab-quvvatlasa uning harakati baholanib unga ma'lum bir haq to'lanardi.
Asossiz boylik orttirish oqibatida kelib chiqadigan majburiyatlar deganda,
qadimgi Rimliklar qonunlarda, shartnomalar yoki bitimlarda belgilangan asoslar
bo'lmasdan turib, boshqa shaxslarning hisobidan (puliga pul qo'shilishi,
ashyolariga ashyo qo'shilishi yoki talab qilib olinishi lozim bo'lgan huquqning
ko'payishi) mulk orttirishlikka yoki boyishlikka tushunilgan.
Odatda, mulkning ko'payishi, asossiz boyishlik, qarz shartnomasi asosida
mulkiga mulk qo'shishlik, oldi-sotdi shartnomalari yoki biron-bir huquqiy
oqibatlarning kelib chiqishi natijasida vujudga kelishi mumkin.
Qadimgi Rim huquqida asossiz boylik orttirish natijasida kelib chiqadigan
majburiyatlarning asosiy vazifasi (funksiyasi) jabrlanuvchining mulkiy holatlarini
o'z joyiga qaytadan tiklash, ya'ni asossiz boylik orttirish natijasida ko'lga kiritilgan
mulkni yoki tejalgan mulkni qaytarib berishlikdan iborat bo'lib hisoblangan.
Asossiz boyishlikning natijasida vujudga kelgan majburiyatlarda, mulkni
qaytarib olishlikda kondiksion da'vo qo'zg'atilgan.
Rim yuristlari da'vo predmetiga qarab asossiz boylik orttirish majburiyatini
uch qismga bo'lganlar:
Birinchidan, haq to'lanishi lozim bo'lmagan harakat uchun yanglishish,
adashishlik yoki boshqacha tarzda xaq to'lashlikka tushunilgan.
Ikkinchidan, oldindan berib qo'yilgan narsani (ya'ni biror harakatni amalga
oshirish yoki harakatdan to'xtab turish uchun mo'ljallangan) qaytarib berishlik
majburiyatiga hamda uchinchidan, boshqa asoslar bo'yicha boyib ketganligi
natijasida tushgan boyib ketish predmetini ham qaytarib berishlik majburiy
bo'lgan.
Bu munosabatlarning amalga oshirilishligi uchun quyidagi asoslar bo'lishi
talab etilgan:
a) summa, pul, ekvivalent, ashyo boshqa shaxsga o'tkazilgan bo'lishligi;
b) oldindan qarzi bo'lmagan holat mavjud bo'lishi;
v) adashish, yanglishish, to'g'ri tushunishligi murakkab bo'lgan holatda;
g) mulkiy manfaatlarning boshqa shaxsga o'tishligi;
d) maqsad va asos amalga oshirilmay qolishliklari asossiz boylikni keltirib
chiqargan. Bu esa majburiyatlarni vujudga keltirib chiqargan.
|