12-mavzu. O’zbekiston milliy hisoblar tizimi – iqtisodiy statistikaning uslubiy negizi Reja:
1. Milliy hisoblar tizimi haqida tushuncha.
2. Iqtisodiy rivojlanish darajasini va dinamikasini xarakterlaydigan o’zaro bog’liq bo’lgan ko’rsatkichlar tizimi.
3. Milliy hisoblar tizimi hisoblamalari tasnifi va ularni tuzish tamoyillari.
4. Ishlab chiqarish hisoblamasining ko’rsatkichlari va uning uslubiyati.
5. Daromadlarni hosil bo’lish hisoblamasining ko’rsatkichlari va uning o’ziga xos xususiyatlari.
6. Birlamchi daromadlar tushunchasi, daromadlarni taqsimlash hisoblamasining ko’rsatkichlari va uning o’ziga xos uslubiyati.
7. YAlpi ichki mahsulot – milliy hisoblar tizimining asosiy ko’rsatkichi.
8. YAlpi milliy daromadni taqsimlash va qayta taqsimlash.
9. Mavjud milliy daromad va sof milliy daromadni hisoblash usullari.
10. Daromadlardan foydalanish hisoblamasini tuzish uslubiyati.
11. Tashqi dunyo bilan aloqalarini xarakterlaydigan tovar va xizmatlar hisoblamasini tuzishning o’ziga xos xususiyatlari.
Statistika amaliyotiga Milliy hisoblar tizimini (MHT) kiritish respublika statistikasi uchun statistik ma’lumotlarni tahlil qilishni yangi usullaridan foydalanishni taqozo etadi.
MHT – barcha mamlakatlar miqyosida milliy hisoblamalarning yangi kontseptual tizimi, milliy iqtisodiyotning xalq xo’jaligi balansi (XXB) tizimidan tubdan farq qiladigan yangi makrostatistik modelidir.
Dastlabki MHTda moddiy ne’matlar va xizmatlarni yaratish, taqsimlash va iste’mol qilishda qatnashuvchilar bajaradigan iqtisodiy funktsiyasiga ko’ra, ma’lum yirik guruhlarga ajratilgan. Har bir guruh yoki xo’jalik birligi MHTda xo’jalik faoliyatini tahlil etishga asos qilinib, «iqtisodiy agent», deb nomlanadi.
Dastlabki MHTga 5 xil iqtisodiy agent kiradi: nomoliyaviy korxonalar, uy xo’jaliklari, hukumat, moliya muassasalari va chet ellik tashqi agentlar.
MHTda iqtisodiy agentlarning faoliyati zamon (odatda yil va chorak) va makon (milliy chegaralar doirasida) bo’yicha tadqiq qilinadi.
SHunday qilib, dastlabki MHT faqat milliy daromad hisoblari tizimidan iborat bo’lib qoldi. Bu tizimning bosh maqsadi mamlakat iqtisodiy faoliyati miqyosini o’lchashdan iborat edi. Keyinchalik bu maqsad anchagina kengaytirildi va iqtisodiy hisob-kitoblarning barcha tizimlarini qamrab oluvchi har tomonlama tashkil qilingan xalq xo’jaligi statistikasi tomon takomillashtirildi.
«Milliy hisoblar tizimi» fanining predmeti – ichki va tashqi iqtisodiyot bo’yicha milliy hisoblamalar tizimini tuzish uslubiyatini, jumladan, hisoblamalarni tuzish usullari va qoidalari, uning mazmuni, milliy hisoblamalarning ko’rsatkichlar tizimi, ularni hisoblash usullari va o’zaro bog’lanishlari; sektor hisoblamalarini tuzish xususiyatlari va maqsadi; har bir hisoblamaning iqtisodiy jarayonlarni tahlil qilishdagi o’rni, tashqi iqtisodiy faoliyatni tavsiflash, milliy hisoblar kontseptsiyalari asosida tarmoqlararo balansni o’rganish hisoblanadi.
Milliy hisoblar tizimi – asosan balans usuliga asoslangan bo’lib, har bir hisoblamada (balans) uning resurslari va foydalanish qismi orasidagi tenglik balanslashtiruvchi moddani hisoblash yo’li bilan ifodalanadi. Har bir hisoblamada balanslashtiruvchi modda o’rganilayotgan iqtisodiy jarayonlarning natijalarini xarakterlashda mustaqil ahamiyatga ega. SHuningdek, bu balanslashtiruvchi modda oldingi hisoblamani keyingi hisoblama bilan bog’lovchi bo’g’in sanaladi.