Mana shu o‘rinda tilning hyech bir imkoniyati nutqsiz, nutqiy jarayonsiz amalga oshmasligi, yuzaga kelmasligiga ham amin bo‘lamiz. «Til va tafakkurning birligi nutqda o‘z ifodasini topadi. Nutq og‘zaki va yozma holda mavjud bo‘lib, unda fikrimiz moddiy shaklga, ya’ni hissiy idrok etiladigan shaklga kiradi va shu tariqa u endi bir shaxsga emas, balki jamiyatga tegishli bo‘lib qoladi». Ma’lum bo‘ladiki, til nutqning o‘ta muhim unsuri sifatida aloqa, xabar, ta’sir etishdek, shu bilan birga, imkoniyatlari nihoyatda kengayib borishi natijasi o‘laroq kishilik jamiyati to‘plagan tajriba va bilimlarni kelajak avlodlarga yetkazishdek ulug‘vor ijtimoiy vazifani bajaradi. O‘z shakllanishi va rivojlanib borishi davomida uzoq tarixiy yo‘lni bosib o‘tadigan til asta-sekinlik bilan bo‘lsa-da, takomillashib ham boradi. Bu holni uning ichki qurilishida, amalda bo‘lish qoidalarining ma’lum bir tizimga kela borishida kuzatamiz. «Ichki qurilish nuqtai nazardan til ma’lum miqdordagi bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan til birliklarining yig‘indisi va ana shu birliklardan foydalanish qoidalaridan tashkil topgan murakkab sistemadir»
Til - millatning ma’naviy boyligidir. Til - davlat timsoli, mulki. Tilni asrash, rivojlantirish - millatning yuksalishi demak. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat tilining maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlab qo‘yilgan. Shu tariqa o‘zbek tili mustaqil davlatimizning Bayrog‘i, Gerbi, Madhiyasi qatorida turadigan, qonun yo‘li bilan himoya qilinadigan muqaddas davlat ramziga aylandi. Bundan 31 yil muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan edi. Bu o‘z davrida tom ma’noda olamshumul voqea bo‘lgan edi. Chunki, Al Xorazmiy, Al Farg‘oniy, Beruniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Bobur Mirzo singari buyuk siymolarni etishtirgan xalq tili yo‘qolish arafasiga kelib qolgan edi. Mustaqillikka ilk qadamlar tashlanayotgan davrdayoq prezidentimiz tomonidan o‘zbek tiliga davlat maqomi berish masalasi kun tartibiga qo‘yilib, bu ish amalga oshirilgan edi. Ona tilimiz - o‘zbek tiliga 1989-yil 21-oktyabrda davlat tili maqomi berildi. Bu mamlakatimiz, yurtdoshlarimiz hayotidagi unutilmas, tarixiy voqeaga aylandi. Agar o‘shanda til to‘g‘risida qonun qabul qilinmaganda edi, o‘zbek tili ham tarix saxifalaridan joy olgan bo‘larmidi?!.