KO‘KAT O‘G‘ITLAR. Bir yerda surunkasiga bir necha yilgacha bir xil o‘simlik o‘stiraverish natijasida tuproqda chirindi moddalar kamayib ketib, uning fizik xususiyatlari yomonlashadi va bu o‘simlik xosilining kamayishiga sabab bo‘ladi. Masalan, bedapoyadan chiqqan yerlarda 4-5 yildan keyin paxta hosili keskin kamaya boradi. Bunday hollarda tuproq unumdorligini oshirish maqsadida organik va mineral o‘g‘itlar me’yorini oshirish bilan bir qatorda, ko‘kat o‘g‘itlardan foydalanish eng yaxshi samara beradi. Ko‘kat o‘g‘itlar tuproqni chirindiga boyitadi, uning fizik xususiyatlarini yaxshilaydi. Ko‘kat o‘g‘it sifatida ko‘k no‘xat, no‘xat, burchoq, mosh, qizilcha, sebarga, shabdar (eron bedasi) kabi dukkakli ekinlar, shuningdek, kuzgi javdar, raps, gorchitsa (xantal), perko kabilar ekiladi.