ABSSIZINLAR. Bu birikmalar birinchi marta 1961 yilda V.Lyu va X.Karns tomonidan g‘o‘zaning pishgan ko‘saklaridan kristall holda ajratib olingan. Unga abssizin (inglizcha abscisson — ajralish, to‘kilish) deb nom berganlar, chunki bu moddalar barglarning to‘kilishini tezlashtiradi.
1963 yilda fransiyada o‘stiruvchi moddalar bo‘yicha o‘tkazilgan Xalqaro konferensiyada abssizinlarning mavjudligi to‘la tasdiqlandi va shu yilning o‘zida abssiz kislotaning (ABK) molekulyar tuzilmasi aniqlandi. Abssiz kislota (ABK) o‘sishni to‘xtatuvchi tabiiy birikma bo‘lib, boshqa o‘sishni boshqaruvchi fitogormonlar (auksinlar, gibberellinlar va sitokininlar) kabi o‘simlikda hosil bo‘ladi. Butun tanaga tarqaladi va juda oz miqdorda ta’sir etadi. SHuning uchun ham abssiz kislotasi o‘sishni to‘xtatuvchi gormonlar deb atalgan (С15Н20О4). Abssizinlar fenolli ingibitorlarga nisbatan juda kuchsiz konsentratsiyalarda ham ta’sir etadi. Ular o‘simlikning o‘sishini susaytirishda, urug‘larning unishini to‘xtatishda, xom meva va barglarning to‘kilishida, gullarning kech hosil bo‘lishida ishtirok etadi. Abssizinlar, ayniqsa, o‘simliklarning qariyotgan organlarida (barglarda, mevalarda, urug‘larda) ko‘p miqdorda to‘planadi. Ular nuklein kislotalar, ayniqsa, DNK, oqsillar, xlorofillning sintezini susaytiradi. Mevalarning pishishini, barglarning qarishini tezlashtiradi. O‘simliklarga noqulay sharoit omillari (ayniqsa, suv etmaganda) ta’sir etganda ABK tez to‘planadi va og‘izchalarning yopilishi, transpiratsiya tezligining pasayishiga sabab bo‘ladi. Umuman, bu gormonlar (ABK) o‘stiruvchi moddalarning (auksinlar, sitokininlar va gibberellinlar) antagonistlari hisoblanadi.
ETILEN.Etilen ham o‘simliklarda hosil bo‘ladigan tabiiy birikmadir. Etilenning (СН2 = СН2) fiziologik ta’sirini birinchi marta 1901 yilda D.N.Nelyubov yozgan edi. Keyinchalik YU.V.Rakitin tabiiy etilenning o‘simliklardagi fiziologik ahamiyatini har tomonlama o‘rganib, u mevalarniig pishida ishtirok etadigan gormon, degan fikrni ilgari surdi. Etilen mevalarning pishishini, meva, barglarning to‘kilishini tezlashtiradi, poya hamda ildizlarniig o‘sishini to‘xtatadi. Hujayralarning bo‘linish va cho‘zilish fazalarini susaytiradi, umuman qarish jarayonini jadallashtiradi. Chunki u asosan qariyotgan barglarda va mevalarda ko‘p sintezlanadi.