3.Tashqi muhit omillarining suvning so'rilishiga ta'siri
Haroratning ta'siri. U kuchli ta'sir etuvchi omillardan biri.
Harorat ildizning suvni so‘rish tezligiga ta’sir qiladigan eng muhim omillaridan biridir. Agar tuproq harorati pasaya boshlasa, ildizning suvni so‘rish qobiliyati ham susaya boradi. Bu hodisani kuzatish uchun o‘simlik o‘sib turgan tuvak atrofini muz bilan o‘rab qo‘yish kerak. Ko‘p o‘tmay o‘simlik so‘liy boshlaydi. Chunki tuproq soviganda ildizlarga juda ham sust boradigan suv o‘simlikdan bug‘lanib sarflanadigan suv miqdorini qoplay olmaydi. Tuvak me’yoriy haroragga o‘tkazilsa, o‘simlik avvalgi holatiga qaytadi. Past haroratda suvni so‘rish qobiliyatining pasayishi hujayra protoplazmasi qovushqoqlik darajasining oshib ketishi tufayli ro‘y beradi, deb tushuntiriladi. Tuproq harorati keskin pasayganida, o‘simlikning so‘lishi natijasida hamma fiziologik jarayonlar ham buziladi: og‘izchalar yopiladi, transpiratsiya va fotosintez jarayonlari keskin pasayadi. Mineral elementlarning yutilishi ham to‘xtab qoladi. Bunday xolat uzoqroq davom etsa, o‘simliklar nobud bo‘lishi mumkin.
Dostları ilə paylaş: |