Iqtisodiyotning “mushak to'qima”si Ma'lumki, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik jahon mamlakatlari tajribasida o'zining yuksak natija va muvaffaqiyatlari bilan mustahkam o'rin egallagan bo'lib, aksariyat xalqlarda uning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 60-70 foizni tashkil etadi. Kichik biznesning rivojlanishi iqtisodiyotdagi jo'shqinlik va samarali raqobat muhiti uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish, iste'mol sektorini kengaytirish orqali talabni rag'batlantirish, iste'mol bozorini tovar va xizmatlar bilan to'ldirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, byudjet tushumlarini kengaytirishga xizmat qiladi. SHunga ko'ra, ko'plab rivojlangan davlatlar kichik biznes faoliyatini har tomonlama qo'llab-quvvatlashga intiladi.
O'zbekiston mustaqilligining o'tgan yillariga nazar tashlasak, yurtimizda kichik va o'rta biznes yo'nalishi qo'shni davlatlarga nisabatan sekin rivojlangani, ko'rsatkichlar sezilar-sezilmas darajada bo'lgani, katta-katta bizneslar ma'lum insonlar qo'lida bo'lib, aholining asosiy qatlami ularning qo'l ostida ishlaganini ko'ramiz. Oddiy odamlar uchun tadbirkorlik uddalab bo'lmas mashaqqatdek ko'rinardi. Yuqori boj to'lovlari, er olish, korxona ochishdagi qator to'siqlar, birovning cho'ntagiga pul qistirmasang, bitmaydigan ishlar, bir amallab biznesni yo'lga qo'yib olganda ham, har kuni eshik qoqadigan soliqchilarga dosh berish oson emasdi. SHuning uchunmi, odamlar tadbirkorlik qilishdan ko'ra, “och qornim, ting qulog'im” qabilida ish tutishni afzal bilgan.
Bugun Yangi O'zbekiston iborasini faxr bilan aytayotganimiz bejiz emas. Boisi, yaqin 4-5 yil oldin ana shu ikki jumla zamirida boshlangan ulkan islohotlar odamlarning o'z imkoniyatlaridan keng foydalanish, istalgan sohada yangiliklar yaratishga qo'rqmay qadam tashlash, eng muhimi, mustaqil tadbirkor sifatida o'zini sinab ko'rish imkoniyatini beryapti. Bu borada, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil Oliy Majlisga yo'llagan Murojaatnomasida “Haqiqatan ham, biz faqat faol tadbirkorlik, tinimsiz mehnat va intilish orqali taraqqiyotga, farovon hayotga erisha olamiz”, deya ta'kidlagan so'zlari xalqimizga yanada ishonch, kuch berdi.
Shu o'rinda savol tug'ilishi tabiiy — aynan O'zbekiston iqtisodiyoti uchun kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning ahamiyati nimalarda namoyon bo'lmoqda?
Eng avvalo, iqtisodiyotning etakchi soha va tarmoqlarida kichik tadbirkorlik ulushining oshishi iqtisodiy o'sish va ijtimoiy barqarorlik ta'minlanishining mustahkam poydevori hisoblanadi.
Ma'lumki, tadbirkorlik — bu tashabbus va faollik asosida kelgusida yuz berishi mumkin bo'lgan turli xatarlarni hisobga olib, mas'uliyat va javobgarlik bilan amalga oshiriluvchi iqtisodiy faoliyatdir. U erkinlik, ijodkorlik hamda raqobat muhiti uyg'unligida juda katta bunyodkorlik kuchini hosil qiladi. Ayniqsa, faoliyat ko'lami jihatidan nisbatan ixcham bo'lgan kichik tadbirkorlik iqtisodiyotdagi kon'yunkturaviy o'zgarishlarga tezlik bilan moslasha olish, iste'molchining did va qiziqishlarini anglash va e'tiborga olish, ichki imkoniyatlardan to'liq foydalanish, raqobat muhitini kuchaytirgan holda iqtisodiyotga jo'shqinlik baxsh etish kabi xususiyatlari bilan ajralib turadi.
Yurtimizda ushbu yo'nalishni qo'llab-quvvatlash va barcha zarur sharoitlarni yaratib berish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida kichik tadbirkorlik subyektlarining yalpi ichki mahsulotdagi ulushi tobora ortib boryapti. Aniq raqamlarga to'xtaladigan bo'lsak, bu boradagi ko'rsatkich 1991-yilda atigi 1,5 foiz, 2000-yilda 31 foizni tashkil etgan edi. 2016-yilda mazkur sohaning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 64,9 foizga yetdi. Bu raqamlar yil sayin ortsa ortyaptiki, aslo, orqaga pastlayotgani yo'q. Xususan, o'z faoliyatini yo'lga qo'ygan tadbirkorlik sub'ektlari soni 2016-yildagi 210,6 ming birlikdan 2020-yilda 411,2 ming birlikka yetdi. Umumiy korxona va tashkilotlar tarkibida kichik tadbirkorlik subyektlarining ulushi 2020-yilda 86,5 foizga qadar o'sdi.
2017-yildan boshlab mamlakatimizning yirik sanoat obyektlariga juda katta hajmda xorijiy investitsiya va kredit mablag'lari jalb etilishi natijasida ulardagi ishlab chiqarish hajmi keskin o'sa boshladi. Agar yirik korxona va birlashmalar majoziy ma'noda iqtisodiyot organizmining suyak (skelet) qismi deb hisoblansa, u holda kichik biznes ushbu qismga qayishqoqlik, moslashuvchanlik baxsh etuvchi, uning bir maromdagi harakatini ta'minlovchi mushak to'qima hisoblanadi. Bu jarayon esa yangi korxonalarning tashkil topishi orqali ta'minlanadi. Ya'ni, kichik biznes korxonalari iqtisodiyotdagi talab jadallik bilan o'sib borayotgan tarmoq va sohalarga javoban yangi ishlab chiqarishni tashkil etadi.
Raqamlarga qaraydigan bo'lsak, 2017—2020-yillar mobaynida mamlakatimizda jami 288 mingdan ortiq korxonalar tashkil etildi. Shundan 14,8 mingtasi yirik korxonalar, 273,2 mingtasi kichik biznes korxonalari hissasiga to'g'ri keladi.