moliya-xo‘jalik hisobotini belgilangan tartib asosida yuritish bo‘yicha tavsiyalar berish;
Fuqarolar yig‘ini to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida fuqarolar yig‘ini majlisi (fuqarolar vakillari yig‘ilishi)ga taklif kiritish.
Taftish komissiyasining talabiga ko‘ra fuqarolar yig‘inining moliya-xo‘jalik faoliyati uchun mas’ul shaxs zarur hujjatlarni taqdim etishi shart.
54. Taftish komissiyasi quyidagi majburiyatlarga ega:
tekshirish o‘tkazishda qonunchilik hujjatlariga va ushbu Namunaviy nizom talablariga qat’iy amal qilish;
o‘tkazilgan tekshirish natijalariga doir xulosalar nusxalarining belgilangan tartibda saqlanishini ta’minlash;
fuqarolar yig‘ini majlisi (fuqarolar vakillari yig‘ilishi)ga amalga oshirilgan tekshirishlar natijalari yuzasidan yozma hisobotlarni o‘z vaqtida yetkazish;
o‘z vazifalarini bajarish paytida Taftish komissiyasi a’zolariga ma’lum bo‘lgan sir saqlanadigan ma’lumotlarni oshkor qilmaslik.
Tekshirishlarni o‘tkazish paytida Taftish komissiyasi a’zolari tekshirish mavzusiga taalluqli bo‘lgan barcha hujjatlar va materiallarni puxta tekshirishga majbur.
Taftish o‘tkazilayotgan vaqtda hujjatlarning saqlanishini ta’minlash Taftish komissiyasi raisi zimmasida bo‘ladi.
55. Fuqarolar yig‘ini majlisi (fuqarolar vakillari yig‘ilishi) fuqarolar yig‘ini raisi saylovidan so‘ng bir oy ichida Taftish komissiyasini tuzadi, Taftish komissiya a’zolari va raisini saylaydi.
(55-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 31-iyuldagi 327-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.08.2023-y., 09/23/327/0549-son)
Taftish komissiyasi a’zolari va raisini saylash uchun nomzodlar fuqarolar yig‘ini (raisi) tomonidan taqdim etiladi.