13. Olimpiadaga umumiy rahbarlikni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri buyrug‘i bilan tasdiqlangan Vazirlik tashkiliy qo‘mitasi amalga oshiradi.
14. Tashkiliy qo‘mitaga Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining (birinchi) o‘rinbosari raislik qiladi va a’zolari soni 21 kishidan oshmagan holda uning tarkibiga qo‘yidagi tashkilotlardan vakillar kiritiladi:
- Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limini rivojlantirish markazining mas’ul xodimlari;
- olimpiadaning II bosqichini o‘tkazuvchi oliy ta’lim muassasalari rektorlari;
- jamoat tashkilotlari vakillari(dan).
15. Vazirlik tashkiliy qo‘mitasi quyidagi ishlarni amalga oshiradi:
- olimpiadaning I-II bosqichlarini joylarda tashkil etilishi, o‘tkazilishini muvofiqlashtirish, boshqarish va nazorat qilish;
- II bosqich ishtirokchilari tomonidan berilgan javoblarni baholash va g‘oliblarni aniqlash mezonlarini ishlab chiqilishini, uni joylarga yetkazilishini hamda unga qat’iy amal qilinishini ta’minlash;
- olimpiadaning o‘tkazilishini ommaviy axborot vositalarida yoritishni tashkil qilish.
V. Hakamlar hay’ati, Adolat komissiyasi va Mandat komissiyasining vazifalari 16. Fan olimpiadasi bo‘yicha Hakamlar hay’ati quyidagi tarkibda tuziladi:
- Olimpiadaning I bosqichida har bir fan bo‘yicha malakali professor-o‘qituvchilar va tajribali mutaxassislardan 5-7 kishidan iborat bo‘lgan Hakamlar hay’ati tuziladi hamda shaxsiy tarkibi olimpiada o‘tkaziladigan mas’ul OTM rektori tomonidan tasdiqlanadi.
17. Hakamlar hay’ati I va II bosqichda quyidagi vazifalarni bajaradi:
- olimpiada ishtirokchilari bajargan test sinovlari, yozma, og‘zaki, ijodiy (laboratoriya) va boshqa ishlarini tekshiradi hamda baholaydi;
- g‘oliblarni aniqlash maqsadida ularning egallagan o‘rinlarini belgilaydi;
- olimpiada yakunlari yuzasidan belgilangan tartibda qaror loyihalarini tayyorlaydi va tasdiqqa taqdim etadi;
- olimpiada jarayonida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan tashkiliy, texnik nosozliklar va anglashilmovchiliklarning oldini oladi, ularni bartaraf etish choralarini ko‘radi;
- olimpiada natijalarini qatnashchilar va jamoa rahbarlari ishtirokida e’lon qiladi;
- ishtirok etayotgan OTMlar vakillari tomonidan taqdim etilgan topshiriqlarning mazmuni va dastur talablariga mos kelishligi aniqlanadi va yechimini tekshirib chiqadi;
- o‘tkazilgan olimpiada natijalari haqida Tashkiliy qo‘mitaga batafsil hisobot beradi, zarur hujjatlarni taqdim etadi.
18. Hakamlarning qarorlari, qatnashuvchilarning familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnoma (pasport) asosida to‘liq va aniq yozilishi shart.
19. Adolat komissiyasi tarkibi 5 kishidan iborat bo‘ladi va ular quyidagi tartibda bo‘ladi:
- taklif qilingan yetakchi olimlar va mutaxassislar;
- II bosqichni o‘tkazuvchi OTM vakili;
- OTMdan kelgan mutasaddi vakillar.
20. Adolat komissiyasi ishtirokchilarining shikoyatlarini olimpiada natijasi e’lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat muddat ichida ko‘rib chiqadi va Hakamlar hay’atiga tegishli takliflar kiritadi. Adolat komissiyasi qabul qilgan qaror tegishli ravishda bayon etiladi va unga Adolat komissiyasi, Hakamlar hay’ati va Mandat komissiyasining a’zolari imzo qo‘yadilar. Adolat komissiyasi ishlarni qayta tekshirish huquqiga ega.
21. Mandat komissiyasi tarkibi olimpiada II bosqichida ishtirok etayotgan OTM vakillaridan ovoz berish yo‘li bilan aniqlanadi va 3 kishidan iborat bo‘ladi.
Mandat komissiyasi ishtirokchilarning vakolatini tekshiradi;
- ishtirokchining pasporti (asl nusxasi);
- ishtirokchining reyting daftarchasi (asl nusxasi);
- OTM rahbariyatining yo‘llanmasi;
- komanda rahbarining o‘tkazilayotgan fan dasturi talablariga (roziligi) (ijobiy munosabati) va beriladigan topshiriqlar bilan tanishganligi hamda roziligini oladi.
Bajarilgan ishlarni shifrlash va shifrlarni ochish tadbirlarini amalga oshiradi.
Tegishli hujjatlari mos kelmasa mandat komissiyasi yozma ravishda olimpiadaning II bosqichini o‘tkazuvchi OTMsi tashkiliy qo‘mitasiga murojaat etadi. Tashkiliy qo‘mita tegishli qaror qabul qiladi.