Shaxs dunyoqarashi, e’tiqodi va ma’naviy qiyofasi.
Jahon psixologiyasi ma’lumotlarining ko‘rsatishicha, xulq-atvorning muhim motivlaridan biri bo‘lib e’tiqod hisoblanadi. Ba’zi manbalarda unga mana bunday ta’rif berilgan: e’tiqod- shaxsni o‘z qarashlariga, prinsiplariga, dunyoqarashiga muvofiq tarzda qarorga kelishga undaydigan muhim motivlar tizimidir. Boshqa so‘z bilan aytganda, e’tiqod shaklida namoyon bo‘ladigan ehtiyojlarning mazmuni- bu tabiat, tevarak-atrofdagi olam to‘g‘risidagi bilimlar va ularning muayyan tarzdagi tushunilish demakdir. Bu bilimlar falsafiy, estetik, tabiiy-ilmiy nuqtai-nazardan tartibga solinsa va ichki uyushgan tizimi tashkil etilsa, u taqdirga shaxsning dunyoqarashi sifatida talqin qilinishi maqsadga muvofiq. Psixologiya fani dunyoqarashining shakllanish jarayonini tadqiqot qiladi, ijtimoiy-taraqqiyot hodisalarining to‘g‘ri baholanishini, evolyusion yo‘sinda tarkib topishini, ahloqiy tamoyillar, didlar yuz berishini, tabiat hodisalariga va jamiyatning qonuniyatlariga nisbatan qarashlarning shakllanishi qay tariqa yuz berishini va boshqalarni aniqlaydi. Ijtimoiylashuvning institutlaridan tashqari uning oqibati masalasi ham psixologiyada muhim amaliy ahamiyatga ega. Shaxs ijtimoiylashuvining eng asosiy mahsuli - bu uning hayotda o‘z o‘rnini topib, jamiyatga manfaat keltiruvchi faoliyatlarda ishtirok etishidir. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, shaxsning yo‘nalganligi masalasiga ham fanda katta e’tibor beriladi. Ijtimoiylashuv jarayonida shaxs faoliyatini yunaltirib turadigan va real vaziyatlarga nisbatan turgun, barqaror motivlar majmuiga ega bo‘lishlik shaxsning yo‘nalganligi deb ataladi. Yo‘nalganlikning eng muhim tarkibiy qismlarini quyidagilar tashkil etadi:
Dunyoqarash - tartibga solingan, yaxlit ongli tizimga aylantirilgan bilim, tasavvurlar va g‘oyalar majmui bo‘lib, u shaxsni ma’lum bir qolipda, o‘z shaxsiy qiyofasiga ega tarzda jamiyatda munosib o‘rin egallashga chorlaydi. Mustaqillik davrida shakllanayotgan yangicha dunyoqarash yoshlarda Vatanga sadoqatni, milliy qadriyatlar, an’analarni e’zozlashni, o‘z yaqinlariga mehribon va tanlagan yo‘liga - kasbi, maslagi va e’tiqodiga sodiqlikni nazarda tutadi. Yangicha fikrlash va yangicha tafakkur aynan mustaqillik mafkurasi ruhida tarbiya topib, sayqal topgan milliy ong, dunyoqarash va e’tiqoddir.
Mas’uliyat. Bu ijtimoiylashuv jarayonida shaxsning etukligini belgilovchi muhim ko‘rsatgichlardan sanaladi. Oxirgi yillarda psixologiyada nazorat lokusi nazariyasi (teoriya lokusa kontrolya) keng tarqaldiki, unga ko‘ra, har bir insonda ikki tipli mas’uliyat kuzatiladi. Birinchi tipli mas’uliyat shundayki, shaxs o‘zining hayotida ro‘y berayotgan barcha hodisalarning sababchisi, mas’uli sifatida faqat o‘zini tan oladi. («Men o‘zim barcha narsalarga mas’ulman. Mening hayotim va yutuqlarim faqat o‘zimga bog‘liq, shuning uchun o‘zim uchun ham, oilam uchun ham o‘zim javob beraman»). Mas’uliyatlilikning ikkinchi turi undan farqli, barcha ro‘y bergan va beradigan vokea, hodisalarning sababchisi tashqi omillar, boshqa odamlar (ota - ona, o‘qituvchilar, hamkasblar, boshliqlar, tanishlar va boshk.). Xorij mamlakatlarda o‘tkazilgan tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, ikkinchi turli mas’uliyat ko‘prok o‘smirlarga xos bo‘lib, ulardan 84% mas’uliyatni faqat boshqalarga yuklashga moyil ekanlar. Bu ma’lum ma’noda yoshlar o‘rtasida mas’uliyatsizlikning avj olganligidandir. Shuning uchun ham «nazorat lokusi» tushunchasini fanga kiritgan amerikalik olim Dj. Rotter (J. Rotter)ning fikricha, mas’uliyatni o‘z bo‘yniga olishga o‘rgatilgan bolalarda havotirlik, neyrotizm, konformizm holatlari kam uchrarkan. Ular hayotga tayyor, faol, mustaqil fikr yurituvchilardir. Ularda o‘z-o‘zini hurmat hissi ham yuqori bo‘lib, bu boshqalar bilan ham hisoblashish yashashga sira halakit bermaydi. Shuning uchun ijtimoiylashuvning muhim bosqichi kechadigan ta’lim muassasalarida yoshlarga ko‘prok tashabbus ko‘rsatish, mustaqil fikrlash va erkinlikni his qilishga sharoit yaratish kerak va bu hozirgi kunda Prezidentimiz I. Karimov siyosatining asosini tashkil etadi.
Maqsadlar va ideallar. Ijtimoiylashuvning mas’uliyat hissiga bog‘liq yo‘nalishlaridan yana biri shaxsda shakllanadigan maqsadlar va ideallardir. Ular shaxsni kelajakni bashorat qilish, ertangi kunini tasavvur qilish, uzoq va yaqinga muljallangan rejalarni amalga oshirishga tayyorligini ta’minlaydi. Maqsad va rejasiz inson - ma’naviyatsiz pessimistdir. Bu maqsadlar doimo o‘zining anglanganligi va shaxs real imkoniyatlariga bog‘liqligi bilan xarakterlanadi. Ularning shakllanishi va ongda o‘rnashishida ma’lum ma’noda ideallar ham rol o‘ynaydi. Ideallar - shaxsning hozirgi real imkoniyatlari chegarasidan tashqaridagi orzu-umidlari, ular ongda bor, lekin har doim ham amalga oshmaydi. Chunki ularning paydo bo‘lishiga sabab bevosita tashqi muhit bo‘lib, o‘sha ideallar obyekti bilan shaxs imkoniyatlari o‘rtasida tafovut bo‘lishi mumkin. Masalan, o‘smirning ideali otasi, u otasiday mashxur va el suygan yozuvchi bo‘lmoqchi. Bu orzuga yaqin kelajakda erishib bo‘lmaydi, lekin aynan ana shunday ideallar odamga maqsadlar qo‘yib, unga erishish yo‘lidagi qiyinchiliklarni engishga irodani safarbar qilishga yordam beradi.
Qiziqishlar va dunyoqarash. Qiziqishlar ham anglangan motivlardan bo‘lib, ular shaxsni atrofida ro‘y berayotgan barcha hodisalar, olamlar, ularning o‘zaro munosabatlari, yangiliklar borasida faktlar to‘plash, ularni o‘rganishga imkon beruvchi omildir. Qiziqishlar mazmunan keng yoki tor, maqsad jihatidan professional, bevosita yoki bilvosita bo‘lishi, vaqt tomondan barqaror, doimiy yoki vaqtinchalik bo‘lishi mumkin. Qizikishlarning eng muhim tomoni shundaki, ular shaxs dunyoqarashi va e’tiqodini shakllantirishga asos bo‘ladi. Chunki e’tiqod shaxsning shunday ongli yo‘nalishiki, unga o‘z qarashlari, prinsiplari va dunyoqarashiga mos tarzda yashashga imkon beradi. Halk doimo e’tiqodli insonlarni hurmat qiladi. E’tiqodning predmeti turlicha bo‘lishi mumkin - Vatanga e’tiqod, dinga, fanga, kasbga, axloqiy normalarga, oilaga, go‘zallikka va shunga o‘xshash. E’tiqod va qiziqishlar har birimizdagi dunyoqarashni shakllantiradi. Dunyoqarash - shaxsning shaxsligini (individ emas), uning ma’naviyatini, ijtimoiylashuvi darajasini ko‘rsatuvchi kuchli motivlardandir. Shuning uchun ham uning shakllanishi va o‘zgarishi masalasi muhim masalalardan bo‘lib, hamma vaqt va davrlarda ham o‘ta dolzarb bo‘lib kelgan. O‘zbekiston o‘z mustaqilligiga erishgach, jamiyatda tub islohotlar boshlandi. Ana shu islohotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biri - ma’naviy-ma’rifiy islohotlar bo‘lib, uning asosiy maqsadi jamiyat a’zolari dunyoqarashini istiqlol ruhida shakllantirishni maqsad qilib qo‘ydi. Davlatimizning yoshlar borasidagi siyosatining asosini ham ularda yangicha xurfikrlilik bilan yangicha dunyoqarashni shakllantirishdir. Bu o‘rinda psixologiya o‘zgarishlar sharoitida e’tiqod, dunyoqarash va ideallar o‘zgarishiga sabab bo‘luvchi omillar xususida quyidagilar ajaratadi: Shaxsning jamiyatdagi ijtimoiy xulqi va o‘zini qanday tutishi, egallagan mavqei ham sababsiz, kuzatilmaydi. Faoliyatning amalga oshishi va shaxs xulqatvorini tushuntirish uchun psixologiyada «motiv» va «motivatsiya» tushunchalari ishlatiladi.
Dostları ilə paylaş: |