P.Y.Galperin nazariyasi bo‘yicha bilimlarni o‘zlashtirish jarayoni olti bosqichni boshidan kechirib, ularga:
Motivatsiya.
Tushuntirish.
Moddiy formadagi xatti-harakatlarni bajarish.
Baland ovozda xatti-harakatlar va vazifalarni bajarish.
Bajariladigan xatti-harakatlarni ichki rejada ovoz chiqarmay bajarish.
Faoliyatni fikran bajarish kiradi.
Ushbu nazariyada ta’limning uchta asosiy turi ajratiladi:
birinchi turda - xatti-harakatlarni o‘zlashtirish xatolar bilan kechadi, berilayotgan material yetarli darajada anglanilmaydi, ta’lim oluvchi ta’limning asl mohiyatini tushunib yetmaydi;
ikkinchi turda - materialni nisbatan dadil va to‘la tushunilishi va material bilan bog‘liq tushunchalarni ajratilishi bilan xarakterlanadi;
uchinchi tur - tez, samarador va bexato xatti-harakatlarni o‘zlashtirilishini ta’minlab beradi.
V.V.Davidov nazariyasi.Ushbu nazariya mazmunini kichik maktab yoshidagi bolalarning ilmiy tushunchalarni o‘zlashtirishi tashkil qiladi. Ushbu nazariyaga ko‘ra ta’lim jarayonida bolalar tomonidan nazariy tushunchalar tizimi o‘zlashtirilishi lozim bo‘lib, bu o‘z o‘rnida xususiydan umumiy bilimlarga o‘tilishni ta’minlaydi.
3.Qator nazariyalar muammoli ta’lim bilan bog‘liq bo‘lib, L.V.Zankov va A.M.Matyushkintomonidan olib borilgan tadqiqotlar ta’limda muammoli darslarni tashkil etishga qaratilgandir.
Ta’limning psixologik asoslari muammosi ko‘pgina masalalarni qamrab oladi. Ta’limning muvaffaqiyati qator psixologik omillarga bog‘liq bo‘ladi. Asosiy omillardan biri bolaning o‘qishga bo‘lgan munosabatidir. Bu munosabat bolaning diqqati, his-tuyg‘ulari, qiziqishlari va irodasida, shuningdek, shaxsning tutgan yo‘lida namoyon bo‘ladi.
Ta’lim jarayoni avvalo bolalar diqqatini rivojlantirishni talab etadi. Darslarda ko‘rgazmali qurollardan, axborot texnologiyalari vositalaridan foydalanish ta’lim oluvchining diqqatini rivojlantiradigan omillardan hisoblanadi. Ta’lim jarayonida ta’lim beruvchining vazifasi darsda bolalarning faolligini yuzaga keltirishgina emas, balki bolalarning darsda o‘tiladigan materialni idrok etishga tayyor turishlarini kuzatish hamdir. Dars jarayonida bolalarning diqqati o‘zgarib turadi. O‘qitish jarayonida bu qonuniyatlarni nazarda tutish, bolalar diqqatini materialning asosiy jihatlariga hamda o‘zlashtirilgan materialni takrorlashga jalb etish kerak.
Ta’lim jarayonining samaradorligi ko‘p jihatdan o‘qituvchi tomonidan beriladigan ko‘rsatmalarga ham bog‘liq. O‘qituvchining roli shundan iboratki, u bolalarda tegishli ustanovkani hosil kilishi, nimani vaqtincha, nimani umrbod esda olib qolish kerakligini, nimani esda olib qolmasdan, faqat tushunib olish kifoya qilishini, nimani so‘zma-so‘z esda olib qolish kerakligini, nimaning ma’nosini o‘z so‘zlari bilan aytib berish uchun esda olib qolish zarurligini tushuntirib o‘tishi lozim. Kuzatishlar shuni ko‘rsatadiki, o‘qituvchi tomonidan bunday ko‘rsatmalar berilmaganda, bolalarda ko‘pincha bilish va o‘rganishga nisbatan noto‘g‘ri tasavvurlar vujudga keladi.
O‘qitishning emotsionalligi ta’limning muvaffaqiyatliligini ta’minlovchi omillardan biridir. Ta’lim berish jarayoni emotsional jarayon. Agar bolalarga berilayotgan axborot ularda hech qanday his-tuyg‘u uyg‘otmasa, bunday ma’lumotni bolalar yaxshilab esda olib qolmaydilar. Bolalarning ijobiy psixik holatlari, ya’ni ularning muayyan bir paytdagi kechinmalari haqida ham borishi kerak, albatta. Ulardagi quvonchli, optimistik kayfiyat o‘quv faoliyatini juda samarali qiladi. Bolalar emotsional ruhdagi materialni yaxshiroq o‘zlashtirib oladilar.
O‘tkazilgan tajribalar hech qanday his-tuyg‘u uyg‘otmaydigan materialga qaraganda, emotsional ruhdagi materialni bolalar yaxshiroq eslab qolishlarini ko‘rsatadi. O‘qituvchi o‘quv jarayonining emotsional tomoni haqida ham qayg‘urishi kerak. Bu muammo juda muhim ahamiyatga ega. Chunki, birinchidan, ta’limning mazmuni nihoyatda murakkablashib, hajmi esa g‘oyat kattalashib ketgan. Uning muvaffaqiyatli o‘zlashtirilishiga erishish uchun bolalarning o‘quv faoliyatini kuchaytirish lozim. Ijobiy tuyg‘ular o‘quv mehnatining samaradorligiga kuchli ta’sir etadi. Hafsala bilan bajarilgan faoliyat yuzasidan beg‘araz munozara paydo bo‘ladi, bahslashiladi, befarq qaralgan yoki salbiy munosabatda bo‘lingan ishga esa, hech qanday hafsala bo‘lmaydi. Jamiyatimizdagi mehnat - haqiqiy ijod, quvonch manbai. O‘qituvchi bolalarida o‘quv mehnatiga ijobiy munosabatni uyg‘otib, mehnatning haqiqiy ijodga, quvonch manbaiga aylanishiga ko‘maklashishi kerak.
Qadimda greklar juda ajoyib iborani qo‘llaganlar: "Bola -to‘ldirilib turilishi kerak bo‘lgan idish emas, balki yoqib turilishi lozim bo‘lgan mash’aldir". Bu fikrning tagida chuqur ma’no bor. Ta’lim jarayonining bugungi kundagi asosiy talablaridan biri erkin fikrlovchi, mustaqil tafakkurga ega bo‘lgan shaxsni shakllantirish bo‘lib, yuqorida aytib o‘tilgan metodlardan foydalanish uchqunlardan katta mash’allar paydo bo‘lishini ta’minlab beradi.
Ta’lim jarayonida bolalarning bilishga qiziqishlari g‘oyat katta rol o‘ynaydi. Ma’lumki, qiziqish bolalarning emotsional bezagi, biror buyumni, biror faoliyatni tanlash munosabati va yo‘nalishidir.
Ma’lumki, psixologiyada bolalarning ta’lim jarayonidagi qiziqishining ikki turi aniqlanadi. Birinchisi, bevosita, ikkinchisi bilvosita qiziqish. Har bir o‘qituvchi o‘z bolalarida o‘z faniga nisbatan bilvosita qiziqishni tarkib toptirishga harakat qiladi. Qiziqishlar orqali bolalarda ta’limga faol munosabat namoyon bo‘ladi.
Psixologiyada qiziqish - bu shaxsning o‘zi uchun qimmatli yoki yoqimli bo‘lgan muayyan narsa yoki hodisalarga munosabatidir. Qiziqishlar shaxsning muhim va individual xususiyatlaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Qiziqishlar bolalar hayotida katta rol o‘ynaydi. Ular o‘quv faoliyatini faollashtiruvchi asosiy turtkilar - motivlardir.
Kiziqishlar maktab bolasiga fan asoslarini yaxshiroq o‘zlashtirib olishlariga, aqliy qobiliyatlarning o‘sishiga, bilim doirasining kengayishiga imkon beradi. O‘qituvchilarning vazifasi bolani qiziqtirib qolgan ishning o‘zi bilan shug‘ullanishga imkon yaratishgina emas, balki undagi qiziqishlarni chuqurlashtirish va kengaytirish, ta’sirchan qilish, shuningdek, qiziqishlarining markaziga aylanib qolgan faoliyat bilan shug‘ullanish istagini, maylini shakllantirishdir.
Bolalarning muayyan maqsadni ko‘zlab ish tutishida, qiyinchiliklarni yenga olishida, ishdan chalg‘itadigan narsalar bilan shug‘ullanishdan o‘zini tiya olishida, unda o‘qishga ishtiyoq tarkib toptirishda namoyon bo‘ladigan iroda, ta’lim jarayonida alohida ahamiyat kasb etadi.
Umumiy psixologiya kursidan ma’lumki, iroda bu shaxsning o‘z oldiga qo‘ygan maqsadining aniqligi, uni amalga oshirish uchun intilishi, maqsad yo‘lida ma’lum bir qarorga kelish tezligi va uni o‘z vaqtida ijro etishi bilan belgilanadigan sifatidir. Ta’lim jarayonidagi o‘quv materialiga bo‘lgan diqqatning barqaror bo‘lishida irodaviy zo‘r berishning ahamiyati nihoyatda kattadir. Ta’lim jarayonidagi iroda bolaning maktab va uyda o‘tkaziladigan mashg‘ulotlarga tayyor turishida namoyon bo‘ladi. O‘quv materialini o‘rganish, eslab qolish bolaning irodaviy zo‘r berishiga bog‘liq. Iroda bolalarning fikrlash faoliyatlarida - masalani yechishga, qo‘yilgan savolga javob topishga va hokazolarga intilishida namoyon bo‘ladi. Ular bolalarda ko‘nikma va malakalarni hosil qilishda ham tarkib topadi.
Psixologlar olib borgan tadqiqotlarda bolalar tomonidan berilgan materialning o‘zlashtirilishi ko‘p jihatdan irodaning tarbiyalanishiga bog‘liqligi ta’kidlanadi. Irodaviy faollik ta’limning zarur shartidir. O‘quv muassasasidagi ta’lim jarayonining o‘zi bolalardagi irodani o‘stirish omillaridan biridir. Bunda bolalarning kun tartibi, o‘qish va oqilona dam olishni bir-biri bilan to‘g‘ri almashtirib turish katta rol o‘ynaydi.
Ta’lim jarayonida bolalarning bilish jarayonlarini shakllantirishga alohida e’tibor berish lozim. Zero, bilish jarayonlari juda murakkab faoliyat bo‘lib, unda jonli mushohadadan mavhum tafakkurga, mavhum tafakkurdan esa amaliyotga o‘tiladi, ana shundan so‘ng obyektiv haqiqat bilib olinadi. Binobarin, ta’lim jarayonida o‘quv materalini idrok qilishning ahamiyati katta. Umumiy psixologiya kursidan ma’lumki, idrok bu narsa va hodisalarni sezgi organlariga ta’sir etishi natijasida ularning kishi psixikasida yaxlit obrazini paydo bo‘lishidir. Idrok etish jarayoni ta’limning turli shakllarida, ya’ni o‘qituvchining og‘zaki hikoya qilishida, suhbat o‘tkazishda, ma’ruza o‘qishida, kinodars, televizion parcha, sxemalar va ko‘rgazmali qurollar ko‘rsatish, ekskursiyalar o‘tkazish, bolaning o‘ziga darsliklar hamda boshqa qo‘llanmalarni o‘qitish jarayonida rivojlanadi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, idrokni tarkib toptirishda bolalarning yosh xususiyatlarini hisobga olish nihoyatda muhimdir. Chunki, fazoni, vaqtni va harakatlarni idrok etishda ham yosh xususiyatlarda turli farqlar mavjud bo‘ladi.