Ta’lim nazariya (konsepsiya)lari mazmuni. An’anaviy pedagogikada formal va moddiy ta’lim nazariyasi keng tanilgan. Bu nazariyalarning mohiyati nima va o’rta ta’lim mazmuniga qanday ta’sir etadi? Formal ta’lim nazariyasiga Djon Lokk (XVII asr), Pestalossi, Kant va Gerbart (XVIII-XIX asrlar) asos solganlar. XVIII asrning oxirlarida didaktik formalizm nazariyasi (konsepsiyasi) vujudga keldi (bu nom E.Shmit va A.A.Nemeyerning «Принсипи воспитания и обучения» asarida tilga olinadi). Konsepsiya tarafdorlari ta’limni o’quvchilarning iqtidori va qiziqishlarini rivojlantiruvchi vositasi sifatida e’tirof etadilar. Keyinchalik bu ta’limot formal ta’lim nazariyasi sifatida shakllantirildi. Didaktik formalizm tarafdorlarining asosiy g’oyasi qadimiy olim Geraklit tomonidan aytilgan (ko’p bilim aqlni kuchaytirmaydi) fikrlariga asoslanadi. Keyinchalik bu g’oyani I.Kant va I.G.Pestalossilar rivojlantirishdi. Ular o’qitishning asosli maqsadi, eng avvalo, o’quvchining iqtidorini rivojlantirish, o’quvchining to’g’ri tafakkur yuritishini kuchaytirish bo’lishi shart deb hisoblaydilar.
Ushbu nazariya tarafdorlari falsafiy ratsionalizm (lotinchada «rationalts» - aqlli)ga tayanadilar va bilim manbai aqldir, bilim faqat aqlning mustaqilligida tug’iladi, shu bois ta’lim o’quvchilarning ma’lum bilimlarni egallab olishlari emas, balki ularning aqlini o’stirish, ya’ni, analiz, sintez, mantiqiy fikrlash layoqatlarini rivojlantirish kabi vazifani hal etishi zarur deb hisoblaydilar. Ularning fikricha, fikrlashni rivojlantirish vositasi tillar, ayniqsa, qadimiy yunon va lotin tili, shuningdek, matematikani o’rganish lozim. Formal ta’lim elementlaridan hozirgi kunda ham foydalaniladi. Angliyadagi grammatik maktablarda ushbu nazariya g’oyalari asosida ish ko’riladi.
XVII asr oxiri – XIX asr boshlarida moddiy ta’lim nazariyasi jadal rivojlandi. Nazariyaning paydo bo’lishiga sanoat va uning ilmiy-texnik asoslari rivojlanishi asos bo’lib xizmat qildi. Binobarin, sanoatning jadal rivojlanishi tabiiy fan, texnik va amaliy tayyorgarlikka ega bo’lgan odamlarni tayyorlash masalasini kun tartibiga olib chiqdi. Pedagogika tarixida bu nazariya (konsepsiya) didaktik materializm nazariyasi sifatida ham mashhurdir. Ushbu nazariya tarafdorlari (ularni “ensiklopedistlar deb ham ataganlar), xususan, ingliz shoiri va tarixchisi Dj.Milton, nemis pedagogi N.B.Besedovlar maktabning asosiy maqsadi o’quvchilarga bilimlar berish deb hisoblaganlar hamda o’zlari o’qitadigan fanga iloji boricha ko’proq materiallarni kiritishga intilganlar. Maktab ta’limi mazmunini shakllantirishga bunday yondashishning samarasi kam bo’lib chiqdi, chunki o’quvchilarga juda ko’p axborotlar beriladi. Natijada axborotlar qisman va yuzaki o’zlashtiriladi.
Bu nazariyaning boshqa tarafdorlari empirizm g’oyalarini ilgari suradilar (lotincha «empiria» - tajriba). Faylasuf-empiristlar, xususan ingliz faylasufi G.Spenser (1820-1903 yillar) bilish tajriba chegarasidan chiqa olmaydi va bilim manbai faqat tajriba hisoblanadi, deya ta’kidlaydilar. Bundan quyidagi pedagogik xulosalar chiqariladi: o’quvchilarni asosan tabiiy-ilmiy bilimlar bilan qurollantirish kerak, ta’lim materiallarini tanlash uchun esa hayotga, kelajakda o’quvchilarning amaliy faoliyatlari uchun zarur bo’lgan bilimlarga murojaat qilish kerak. Moddiy ta’lim nazariyasi real yo’nalish deb ataluvchi maktab ta’limi asosini tashkil etadi. Masalan, XIX asr oxirlari XX asr boshlarida Rossiya, va Turkistonda real gimnaziya va real bilim yurtlarida o’qitish qadimgi va g’arbiy Yevropa tillarini o’rganishga emas, balki tabiiy-ilmiy fanlar (matematika, fizika, ximiya va boshqalar) hamda amaliy xususiyatli fanlarni o’zlashtirishga asoslangan.
Formal va moddiy ta’lim nazariyalarini K.D.Ushinskiy va A.Avloniylar juda asosli tanqid qiladilar. K.D.Ushinskiy bilimlarni o’zlashtirishdan uzoq bo’lgan formal deb ataluvchi rivojlanish o’ylab topilgan yolg’on deb aytadi. Har bir fan biror-bir boshqa narsa bilan emas, odamni o’zining mazmuni bilan rivojlantirishini ta’kidlaydi. Shunday ekan, maktab faqatgina rivojlantiribgina qolmay, balki ularning keyingi faoliyatlarida foydali bo’ladigan bilimlarni ham berishi kerak. O’zbek pedagogi Abdulla Avloniy ham (1878-1934 yillar) ana shunday fikrni bildirgan. U o’zining “Turkiy guliston yohud axloq” nomli asarida “... bilim bizning aqlimizni va bizning xotiramizni qilich kabi o’tkir qiladi. Bilim, fanni egallash taraqqiyot yo’lida bizning ilgari qadam tashlashimiz shartidir.... Bilimsiz odam bu mevasiz daraxtga o’xshaydi” deb yozadi. Shu bilan bir vaqtda A.Avloniy fanni o’zlashtirishga faqatgina xayoliy amaliyoti uchun utilitar (foydali) yaroqliligi nuqtai nazaridan yondoshish mumkin emas deb hisoblaydi. U hayot bilan to’g’ridan-to’g’ri bog’liq bo’lmagan bilimlar ham bor va ular amaliy bilimlardan kam bo’lmagan ahamiyatga ega deb hisoblaydi. Misol uchun qadimgi tarixdan amaliy faoliyatda foydalanib bo’lmaydi, lekin uni o’rganish kerak va foydalidir: uni (tarixni) bilish o’quvchilarning bilimlarini kengaytiradi, dunyoqarashni shakllantiradi.
XX asr boshlarida chet el va ayniqsa Amerika pedagogikasida maktab ta’limi masalalari bo’yicha pragmatik (yunoncha «pragma» – harakat, amaliyot) g’oyasi keng tarqaldi. Pedagogikada mashhur pragmatizm tarafdori Djon Dyun (1859-1952 yillar) maktab ta’limining o’z konsepsiyasini yaratishga ko’p urindi. Bu yo’nalishlar vakillari (Dj.Dyun, G.Kershenshteyner) o’qitish bu o’quvchining “tajribasini qayta tashkil etish” uzluksiz jarayoni deb hisoblaydilar.
O’qitishni Dyun kundalik hayotdan olingan amaliy masalalarni hal etishga oid bolalar faoliyatini tashkil etish sifatida tushunadi. Bu nazariyaning asosiy boshlang’ich qoidalari quyidagilardan iborat deb hisoblangan: “Oldindan tuzilgan o’quv kurslari kerak emas”, “O’qitish materiallarini bolaning tajribasidan olish kerak”, “Bola o’qitishning sifati kabi miqdorini ham belgilashi kerak”, “Bajarish yordamida o’qitish – maktabda asosiy metod”. Shunday qilib, Dyun maktabda ta’lim va alohida fanlar aniq belgilangan mazmuni zarurligini rad etadi, ilmiy ta’limni tan olmaydi va o’qishni tor hamda o’quvchilarning qiziqishlariga asoslangan praktisizmidan iborat hisoblaydi.
Mazkur nazariya asosida uning izdoshi Uilyam Kilpatrik 20-yillarda “o’qitishning loyihali tizimi” (yoki loyihalar metodi)ni ishlab chiqdi, uning mazmuni o’z qiziqishlaridan kelib chiqib bolalar o’qituvchi bilan birga qandaydir amaliy masalaning yechimini loyihalashtirishlaridan iborat. Misol uchun, o’yinchoq uychaning qurilishi amaliy faoliyatga kiritiladi va uning davomida til, matematika, boshqa fanlari bo’yicha u yoki bu ma’lumotlarni bilib oladilar. Bu nazariya ommaviy maktabda ta’lim darajasini pasaytirishi mumkinligini tushunish qiyin emas.
Amerikalik pedagoglar I.Adler, Dj.Brunner va boshqalar Dyun nazariyasi Amerika maktablari rivojlanishini ortga tortganini aytadilar va ta’limni modernizasiyalashtirish hamda takomillashtirish yo’llarini izlaydilar.
Ko’plab pedagoglar - A.Disterveg, K.D.Ushinskiy, M.Behbudiy va A.Avloniylar maktab ta’limiga taalluqli ko’plab qimmatli g’oyalarni ilgari surganlar. Ular xalq maktablari, yangi usulli maktabda ta’lim darajasini oshirish, tabiiy-ilmiy fanlar va gumanitar fanlar birligi tarafdori edilar.
Bugungi kunda turli ta’lim konsepsiyalari mavjud. Konsepsiyalardan biri ta’lim mazmunini ta’lim muassasalarida o’rganiladigan fanning pedagogik moslashtirilgan asoslari sifatida talqin qiladilar. Bu yerda shaxsning ijodga qobiliyati, erkin tanlashni amalga oshira bilishi, odamlarga haqqoniy munosabatlarda bo’lishi kabi sifatlari chetda qolib ketadi. Ushbu yondoshish o’quvchilarni fan va ishlab chiqarishga jalb etishga qaratilgan, lekin demokratik jamiyatda mustaqil hayotga yo’naltirishga emas. Amalda odam bu yerda ishlab chiqarish omili sifatida ishtirok etadi (avtoritarizm).
Milliy umumiy o’rta ta’lim maktabi hozirgi zamon sharoitlarida rivojlanishi uchun bu yetarli emas. Jamiyatning o’quvchilardan faqat ma’lum o’quv fanlari mazmunini emas, balki ularda iroda kuchi, o’z harakatlari uchun, jamiyat va mamlakat taqdiri uchun mas’uliyatli, atrof-muhitni himoya qilish; millatchilik va diniy aqidaparastlikka yo’l qo’ymaslik va shu kabi sifatlarni rivojlantirishni talab etadi. O’zbekiston Respublikasining «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» (1997)da zamonaviy ta’lim mazmuni ijodiy, mustaqil fikrlovchi demokratik jamiyat fuqarosini shakllantirish vazifalariga mos kelishi kerak deb yozib qo’yilgan.
Rossiya ta’lim akademiyasi (RAO) haqiqiy a’zosi V.V.Krayevskiy tomonidan ilgari surilgan konsepsiyada qayd etilishicha, ta’limning asosiy ijtimoiy vazifasi ajdodlar tomonidan to’plagan tajribalarni avlodlvrga uzatish hisoblanadi.
Mazkur konsepsiya mazmunida ta’lim mazmuni quyidagi to’rtta tashkiliy elementlardan iborat bo’ladi:
idrok etish faoliyatini amalga oshirish usullari qayd etilgan shaklidagi idrok etish faoliyati (bilimlar);
amaliy faoliyatni amalga oshirish usullari shaklida qayd etilgan amaliy faoliyat tajribasi (ko’nikma va malakalar);
muammoli vaziyatlar, nostandart vaziyatlarda yangi masalalarni hal etish shaklida (ijodiy faoliyat tajribasi);
atrof-muhitga, bir-biriga, emosional qadriyatli munosabatlar tajribasi, ya’ni, emosional, axloqiy, estetik tarbiyalash.
Mazkur elementlar o’zaro bog’liq va bir-biriga asoslangandir. Mamlakalar bilimlarsiz bo’lishi mumkin emas. Odamning ijodiy faoliyati bilimlar va ko’nikmalar mazmunli ma’lum materialida amalga oshiriladi. Ma’naviy-axloqiy tarbiyalilik odam yashaydigan jamiyatining xulq ko’nikma va malakalarini egallab olganligini ko’zda tutadi. Ijtimoiy tajribaning bu elementlarini o’zlashtirish odamga jamiyatda muvaffaqiyatli yashash, yaxshi bajaruvchi bo’lish bilan birga mustaqil harakat qilish, jamiyatni o’zgartira olish, ijtimoiy taraqqiyotga o’z hissasini qo’sha olishga imkon beradi. Shuning uchun umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi birinchi navbatda, hayotga tayyorlaydi, ikkinchidan, inson ushbu tartibga o’z hissasini qo’shish, xatto uni qayta tuzishga ham qodir bo’ladi. Akademik V.V.Krayevskiyning konsepsiyasi o’qituvchini o’quvchilar ongida umuminsoniy va milliy qadriyatlar tizimi, odamlarga insonparvarlik munosabatini shakllantirish, erkin fikrlovchi, barkamol rivojlangan shaxsni shakllantirishga qaratilgan maxsus faoliyatga yo’naltiradi.
Ta’lim o’quvchilarga nazariy bilimlarni berish asosida ularning bilish qobiliyatlarini o’stirish, ularning amaliy ko’nikma, malakalari va dunyoqarashini shakllantirishga yo’naltirilgan jarayon bo’lib, ushbu tushuncha negizida shaxsning tanqidiy fikrlashi, yaratishi, borliqda sodir bo’layotgan hodisalarni o’zaro aloqadorlik nuqtai nazaridan baholay olishi ham aks etadi.
Ta’lim tushunchasi, shuningdek, ajdodlar tomonidan to’plangan ijtimoiy ahamiyatli tajribalarining avlodlarga doimiy uzatilishini ta’minlovchi tizimli jarayoni ham sanaladi..
Shaxsni ijtimoiylashtirish uni jamiyat tomonidan tan olingan xulq-atvor me’yorlari, bilim hamda qadriyatlar tizimini o’zlashtirishdan iborat ijtimoiy hayotga jalb etish jarayonidir.
Ta’lim mazmuni tizimlashtirilgan bilim, ko’nikma va malakalar, qarashlar, ishonchlar to’plami, o’quv-tarbiyaviy ishlarni tashkil etish natijasida erishilgan amaliy tayyorgarlikning ma’lum darajasi bilan belgilanadi.
Ta’lim mazmunining asosiy tarkibiy qismlaridan biri bo’lgan bilimlar muhim ijtimoiy qadriyat ham sanaladi. U individning ijtimoiylashishi, odamning sosium (ijtimoiy muhit)ga kirishiga yordam beradi. O’tgan asrda ta’lim mazmunini siyosiylashtirishga urinishga qaratilgan harakatlarning yuzaga kelganligi uning mazmunini belgilashda ekstensiv yondashish (miqdoriy – sonini ko’paytirish) yetakchi o’rin egalladi. Natijada ta’lim mazmuni o’quv fanlari sonining doimiy ortib borish hisobiga kengaytirildi, ta’lim jarayonida tayyor bilimlarni berish asosida o’quvchilarda bilim, ko’nikma va malakalarini shakllantirishga e’tibor qaratilib, o’quvchi shaxsini rivojlantirish masalasi o’z yechimini topmadi.
So’nggi yillarda ta’limni insonparvarlashtirish yo’lida ta’lim mazmunini aniqlashda shaxsga-yo’naltirilgan yondashuv asosiy o’rinni egallay boshladi. Bunday yondoshish V.V.Krayevskiy, I.Ya.Lerner, M.N.Skatkin (Rossiya); M.Ochilova, N.N.Azizxo’jayeva, N.Sayidahmedov, F.R.Yuzlikayev (O’zbekiston)larning ishlarida o’z aksini topdi.
Masalan, V.V.Krayevskiy, I.Ya.Lernerlar ta’lim mazmuni deganda shaxsni har tomonlama rivojlantirishni ta’minlovchi pedagogik bilim, ko’nikma va malakalar to’plami, ijodiy faoliyat tajribasi hamda emosional-irodaviy munosabat tajribasini tushunadilar.
Demak, shaxsga yo’naltirilgan yondoshishga muvofiq ta’lim mazmuni mohiyatini aniqlashda asosiy qadriyat bilim emas, balki odamning o’zi hisoblanadi. Bunday yondoshuv shaxsning ta’lim olish, ma’naviy, madaniy va hayotiy talab-ehtiyojlarini qondirish, rivojlanayotgan shaxsga nisbatan samimiy munosabatida bo’lishi ta’lim mazmunini erkin tanlash imkonini beradi.
An’anaviy pedagogika deyarli faqat odamning ijtimoiy mohiyatini tan olganligi bois, ta’limning maqsadi insonning jamiyat a’zosi sifatida rivojlanishi, unda ijtimoiy ahamiyatli sifatlarining shakllanishi hisoblanadi.
Mustaqillik yillarida O’zbekiston Respublikasida ta’lim jamiyat va davlatning ma’naviy, ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy rivojlanishi asosi deb e’lon qilindi. Ta’limning maqsadi mustaqil fikrlaydigan, ma’naviy-axloqiy jihatdan yetuk, har tomonlama rivojlangan shaxsni tarbiyalashdan iborat.
O’rta maxsus, kasb-hunar ta’limning umumiy vazifalari quyidagilardan iborat:
- aholi milliy-madaniy ehtiyojlarini qoniqtirish, jismoniy va ma’naviy sog’lom avlodni tarbiyalash;
- o’quvchilar tomonidan ijtimoiy va ishlab chiqarish talablari bilan belgilanadigan bilimlar tizimini o’zlashtirilishini ta’minlash;
- ularda ilmiy dunyoqarash, siyosiy, iqtisodiy, huquqiy madaniyat, ijodiy, erkin fikrlash ko’nikmalarini shakllantirish, ularning mustaqil bilimlarini oshirib borishi;
- yoshlarda Vatanga muhabbat, vatanparvarlik, fuqarolik dunyoqarashi, insoniy qadr-qimmat, demokratik o’zini boshqarishda ishtirok etish, shuningdek, o’z harakatlari uchun javobgarligini yuzaga keltirish.
Ana shu umumiy vazifalar bir qator alohida masalalardan iborat bo’ladi. Ular o’quv fanlari mazmunida uyg’unlashtiriladi.
Ta’lim turlari va ko’rinishlari. Yevropa va Sharq, Osiyo va Amerika mamlakatlarida ta’lim turlari tarixiy taraqqiyot natijasida yuzaga kelgan. Birinchi turi mifologik ta’lim bo’lib, unda dunyoning mohiyati ertak, afsona, doston, qissa hamda qo’shiqlar shaklida o’rganilgan.
Keyingi tarixiy turi sxolastik ta’lim bo’lgan. Uning mohiyatiga ko’ra ta’limda matn madaniyati va yer, osmon haqidagi bilimlar so’z bilan ifodalanib, xotira va irodani mashq qildirish asosida yosh avlodga inson mavjudligi va u tomonidan tashkil etiladigan faoliyat mazmuni haqida bilimlar berilgan, savodxonlik va nutq madaniyatiga o’rgatilgan.
Ta’limning uchinchi tarixiy turi - ma’rifatparvarlik bo’lib, u dunyoviy bilimlar yaratilgan davrda yuzaga kelgan. XX asrdan boshlab esa turli ta’lim paradigma (model)lari, turlari va ko’rinishlarining rivojlanish jarayoni kuzatildi.
Bugungi kunda asoslariga ko’rata’limning quyidagi turlari, ko’rinishlari mavjud:
ilmiy bilimlarni o’zlashtirishi turi va sifatiga ko’ra (biologik, matematik, fizik, iqtisodiy, filologik ta’lim va shu kabi);
ustuvor mazmunga ko’ra (nazariy va amaliy, gumanitar va boshqalar);
ijtimoiy faoliyatlarni egallashi turi va mahoratiga ko’ra (musiqiy, badiiy, texnik, texnologik, pedagogik-tibbiy ta’lim va shu kabilar);
madaniy qadriyatlarni o’zlashtirishiga ko’ra (an’anaviy ta’lim, badiiy-estetik, diniy ta’lim va boshqalar);
kishilik jamiyatining madaniy qadriyatlarni o’zlashtirish ko’lamiga ko’ra (milliy, yevropa, xalqaro, global ta’lim va boshqalar);
ta’lim tizimi turiga ko’ra (universitet, akademik, gimnaziya, lisey ta’limi va boshqalar);
ta’lim mazmuni yo’nalishining ustuvorligiga ko’ra (formal va moddiy, ilmiy va elementar, gumanitar va tabiiy fanlar, umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar, oliy va boshqalar);
ta’lim darajasiga ko’ra (boshlang’ich, to’liqsiz o’rta, umumiy o’rta, o’rta maxsus, kasb-hunar, oliy ta’lim.
Dostları ilə paylaş: |