Ta’lim mazmuni. Ta’lim metodlari va vositalari. REJA: 3 Ta’lim nazariya (konsepsiya)lari mazmuni.
Ta’lim mazmuni tarixiy xususiyatga ega, chunki u jamiyat rivojining u yoki bu bosqichida ustuvor o’rin tutuvchi ijtimoiy maqsad va vazifalar bilan belgilanadi. Bu ta’lim mazmunining ijtimoiy hayot, ishlab chiqarish va ilmiy bilimlarning rivojlanish darajasi talablari ta’siri ostida o’zgarib borishini anglatadi. Ta’lim ijtimoiy hodisa sifatida odamlarning bilimlarni o’zlashtirishga bo’lgan pragmatik (amaliy) ehtiyojlari negizida shakllangan va u odamlarga hayot faoliyatlarini yo’lga qo’yish uchun zarur. Bilimlarni to’plash va chuqurlashtirish, jamiyat madaniyatining o’sib borishi bilim tomonidan tashkil etiluvchi funksiyalari ko’lamini oshishini ta’minlaydi. Mazkur yondashuvlar (pragmatik va madaniy) kishilik jamiyatining turli bosqichlarida ta’lim mazmuni yo’nalishlarni belgilab keladi.
O’rta asrda Yaqin va O’rta Sharqda diniy o’quv muassasalari – madrasalar ta’lim va fan markazlari bo’lgan. O’zbekistonlik, Rossiyalik va chet el sharqshunos tadqiqotchilari tomonidan madrasa turidagi o’quv muassasalari aynan Markaziy Osiyoda yuzaga kelgani va shu yerdan boshqa mamlakatlarga tarqalgani isbotlangan.
Somoniylar davrida (X asr) faqat Samarqandning o’zida 20 ga yaqin madrasalar mavjud bo’lgan. Abu Ali ibn Sino (980-1037) o’zining «Donishnoma» («Bilimlar kitobi») nomli asarida mazkur madrasalarda faqat musulmonchilikka oid bilimlar berilibgina qolmay, balki dunyoviy ilmlar ham o’rganilganligi, ilmiy tadqiqotlar olib borilganligi, ularning negizida ilmiy maktablarning yuzaga kelganligi qayd etiladi.
O’z davrida madrasalarda o’qitilishi yo’lga qo’yilgan fanlarni Abu Ali Ibn Sino quyidagi tizimlar bo’yicha ajratadi: odob (xulq etikasi), astronomiya, tibbiyotshunoslik, til va uning grammatikasi, fikh (musulmon qonunchiligi).
Alloma tomonidan taklif etilgan tarbiya turlar esa quyidagilardan iborat: 1) aqliy tarbiya; 2) jismoniy sog’lomlashtirish; 3) estetik tarbiya; 4) ma’naviy tarbiya; 5) hunarga o’rgatish. Abu Ali Ibn Sino tomonidan taklif etilgan tarbiya turlari Markaziy Osiyoda Uyg’onish davrida (IX-X asr) ta’limning insonparvarlik va shaxsning barkamol rivojlanishi borasidagi g’oyalarga asoslangan edi deyishga imkon beradi.
Sharqdagi Uyg’onish davri Sharq mutafakkirlari – Muahammad Muso al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn Sino, Abu Rayhon Beruniylar o’zlarining ta’limiy qarashlarida birinchi o’ringa inson shaxsini qo’yadilar hamda bolalarni har tomonlama, jismoniy va estetik kamolotga erishishlari, shuningdek, tillarni bilishlarini zarur deb hisoblaydilar. Aqliy ta’limni tashkil etuvchi fanlar sirasiga matematika, astronomiya, mexanika va tabiatshunoslik kabi tabiiy-ilmiy fanlarni kiritadilar.
Allomalar bolaga hurmat bilan munosabatda bo’lish g’oyasini ilgari suradilar, sxolastik o’qitish va qattiy intizomga qarshi chiqadilar. Ularning fikricha, o’qish bolada bilimlarga qiziqishni uyg’otishi kerak.
Muhammad Tarag’ay Ulug’bekning (1394-1449 yillar) Samarqanddagi faoliyati XIV-XV asrlarda madrasalarning fanlar rivojini ta’minlovchi markazlari vazifasini bajarganligini ko’rsatadi. Muhammad Tarag’ay Ulug’bek Samarqandning hukmdori bo’lishi bilan birga astronom, matematik va tarixchi sifatida mashhur bo’lgan. Shuningdek, allomaning mohir pedagog ham bo’lganligini tarixiy dalillar qayd etadi. Chunonchi, alloma ko’plab iste’dodli yoshlarni tarbiyalagan. U odamlar, ayniqsa yoshlarning ilmiy bilimlarni o’rganishlariga katta ahamiyat bergan.
Alloma o’z davlatida ta’lim sohasida jiddiy islohotlarni tashkil etdi. U madrasalarni davlat ta’minotiga o’tkazdi, mudarris (o’qituvchi)larga oylik ish haqi belgilagan, shogird (talaba)larga stipendiya ajratgan.
Muhammad Tarag’ay Ulug’bek madrasa o’quv rejasiga quyidagi fanlar: arab tili, adabiyot, Qur’on, Hadis, ritorika, mantiq, falsafa, fiqh (qonunchilik), metafizika, matematika, astronomiya, tibbiyot, geografiya, tarix kabi fanlarni kiritadi.
Mutafakkir tomonidan barpo etilgan hamda o’zi bevosita ta’lim bergan madrasalarda o’qish quyidagi bosqichlardan iborat bo’lgan:
1. “Anda” (kichik) – o’qish muddati 2 yil.
2. “Aust” (o’rta) – o’qish muddati 3 yil.
3. “A’lo” (oliy) – o’qish muddati 3 yil.
Bunday yondoshuvda bugungi kun nuqtai nazaridan aytganda bakalavriat va magistratura ko’zga tashlanadi. Ayni vaqtda ular o’rta asr yevropa universitetlari uchun ham xos bo’lgan.
Buyuk iste’dod egasi sifatida alloma o’z davridan bir necha asrlarga o’zib ketgan. Deyarli 600 yil avval Muhammad Tarag’ay Ulug’bek quyidagi aksiomani ilgari surgan: bilim olishga intilish davlat ravnaqiga yo’l demakdir. Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarning hozirgi tajribasi mazkur fikrni to’la tasdiqlaydi.
Yevropa uyg’onish davri (XIV-XVI asrlar) ma’rifatparvarlari XVIII-XIX asrlarda ham shaxsning barkamol rivojlanishi g’oyalarini ilgari surganlar. Misol uchun, Italiya ma’rifatparvari V. de Feltre (XV asr) “Quvonch maktabi”ni tashkil etadi. Bu maktabda bolaga erkin jismoniy va aqliy rivojlanish imkoni berilgan. J.J.Russoning erkin tarbiya nazariyasi, I.G.Pestalossining odamni faol hayotiy faoliyatga jalb etish yo’li bilan uni rivojlantirish haqidagi g’oyasi XX asr pedagogikasining rivojiga o’z ta’sirini ko’rsatdi.