Bahoriston („bahor mamlakati“ yoki „bahor bogʻi“ degan maʼnoni anglatadi) — Abdurahmon Jomiy tomonidan yozilgan axloqiy tarbiyaviy kitob. Unda hikoyalar, ertaklar, axloqiy nasihatlar, asosan, nasrda, shuningdek nazmda ham mavjud. “Bahoriston” sakkiz bob, muqaddima va xulosadan iborat. Uning har bir bobi „ravzat“ (arabchada jannat) deb ataladi
Jomiy bu kitobni 1487-yilda yozgan. Jomiy “Bahoriston”ning muqaddimasida bu kitobni Sa’diy Sheroziyning “Guliston” asari uslubida oʻsha paytda oʻn yoshga toʻlgan oʻgʻli Ziyouddin Yusufga bagʻishlab yozganligini ta’kidlagan. Bahoristonda tasavvuf va unga oid materiallar mavjud. Kitob 469 misrali she’r; 16 ta misrasi arab tilida, qolganlari fors tilida bitilgan. Bahoriston matnlarida sajʼ mavjud boʻlib, turi qofiyali nasr, ya’ni ritmik (vazn) yoʻsindadir.
Bahoristondagi har bir bob ma’lum bir mavzuga bagʻishlangan; masalan, yettinchi bobda ayrim shoirlarning hayoti va tarjimayi holi haqida soʻz boradi.
Qooniyning „Parishon“, Tamkinning „Muliston“ va shunga oʻxshash asarlarda „Bahoriston“ning ta’siri katta. Serbiyaning fors tilidagi soʻfiy shoiri Favziy (XVII asr) “Bulbuliston” asarini aynan “Bahoriston” uslubida yozgan.
“Bahoriston” lotin (1778), nemis (1935, 1964 va 1981), chex (1957), ozarbayjon (1964), rus (1964) tillariga tarjima va nashr etilgan. “Bahoriston” Tojikistonda 1966- va 2008-yillarda nashr etilgan.
“Zafarnoma”, “Salomon va Absol”, “Bahoriston”, “Hasht behisht”ning tarjimalari qoʻlyozmasi hanuzgacha topilmagan. Xorazm Maʼmun akademiyasiga topshirilgan nodir kitoblar orasida “Guliston”ning turkiy tarjimasi ham boʻlib, aynan oʻsha jildga bugungi oʻzbek manbashunosligi uchun nihoyatda muhim topilma – “Bahoriston”ning turkiy tarjimasi ham kiritilgani aniqlandi.
Ikki didaktik mazmundagi asar yagona muqova ichiga biriktirilgani bejiz emas, albatta. Abdurahmon Jomiyning “Bahoriston”i (1487) Saʼdiy Sheroziyning “Guliston”i (1256) taʼsirida bitilgan. Muallif asarni oʻn yashar oʻgʻli Ziyovuddin Yusuf uchun darslik-qoʻllanma sifatida yaratgan
Yangi topilgan toʻqqiz qoʻlyozmadan biri “Guliston”ning turkiy tarjimasi va Ogahiyning dastxati ekani toʻgʻrisida olimlar Komiljon Xudoyberganov, Abdulla Oʻrozboyev xulosa bergan. Nodir manbaning foto nusxasi maqola muallifiga yuborilgach, mazkur fikr yana bir bor tasdigʻini topdi.
Ogahiyning tarjima kitoblari roʻyxatida “Guliston”dan keyin “Bahoriston” keltirilgan, lekin haligacha birorta nusxasi topilmagan. Demak, bu asarning Shoislom Shomuhammedov tomonidan hozirgi oʻzbek adabiy tiliga oʻgirilgan variantini qoʻlyozmaning soʻnggi varagʻi bilan solishtirish kerak boʻladi.