porloq ziyosiga intilmog‘i kerak. Madaniyat ziyosiga yo‘l ochmoqning eng yaxshi omili matbuotdir”. M.Behbudiy “Taraqqiy” gazetasi Turkistondagi ilk milliy gazeta 1906-yil 14-iyun (yangi hisobda 27-iyun) kuni tatar taraqqiyparvari Ismoil Obidiy muharrirligi ostida chop etilgan “Taraqqiy” gazetasi hisoblanadi. Gazeta chiqishi munosabati bilan Ismoilbek G‘aspirali, Abdulla To‘qaylardek yirik taraqqiyparvarlar tabrik nomalarini yo‘lladilar, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniylarning maqolalari bu gazetaning xalq orasida yanada mashhur bo‘lishiga yordam berdi.“Taraqqiy”ning kirish maqolasi Ismoil Obidiyning “Toshkent 14-iyun” maqolasi bo‘lgan. Unda muharrir Turkiston musulmonlariga murojaat qilib, barchani o‘zaro nizolarga chek qo‘yib, birlikka chaqiradi. Gazetaning shiori ham maqsadidan kelib chiqqan holda “Najot: maslakda sabot; to‘g‘rilikni ijobat” deb belgilandi. Muallif millatning yorug‘ jahonda yashab qolish-qolmasligi, uning taraqqiyoti yoxud tanazzuli yolg‘izgina mana shu totuvlikka, millatning ilm-u ma’rifatiga bog‘liq, deydi. U Rossiya imperiyasida kechayotgan kurashlar va inqilob natijasida joriy etilayotgan demokratik islohotlardan faqatgina ma’rifatli millatlar foydalana olishini uqtiradi. Bu maqola turkistonlik taraqqiyparvarlar tomonidan juda qizg‘in qarshi olindi. Gazetaning ilk sonida Munavvar qori Abdurashidxonovning “Bizning jahl, jahli murakkab” maqolasi ham bosilgan. Bu maqolada butun Turkiston xalqlarining an’anaviy turmush tarzi tahlil etilgan. Unda mavjud illat, bid’at va xurofotlarning jamiyat taraqqiyoti uchun g‘ov bo‘layotganligi aytiladi, bularga qarshi kurashga butun millatni chorlaydi. Maqola o‘z vaqtida butun Turkiston elining ilg‘or qismini larzaga soldi va Munavvar qori g‘oyalaridan, uning aqliy dahosidan namuna o‘laroq, hali hamon sevib o‘qiladi.
“Taraqqiy”ning 3-sonida “Toshkent 22-iyun” deb nomlangan maqolani I.Obidiy Turkiston kelajagi uchun yagona najot yo‘li bo‘lgan ilm-u ma’rifatni ta’riflashdan boshlaydi. Biroq, maqola davomida muallif rus inqilobi va uning mustamlaka xalqlari foydasi uchun chiqarilayotgan ayrim imtiyozlarini, qonun va qarorlarini Turkiston tuprog‘iga ham joriy etish masalalarini muhokama qiladi. U muammolarni ochiqchasiga ko‘tarmaydi, chunki gazetaning ochilish jarayonida siyosiy masalalarga aralashmaslikka xat bergan edi. Shunga qaramay Turkiston xalqining siyosiy madaniyatini oshirish, ma’lum maqsadlar tegrasida tashkilotlar atrofida uyushish va siyosiy partiyalar zarurligiga ahamiyat qaratadi. Bu borada turkistonliklarning Yevropa ta’limini olgan mutaxassislarga, ilmga, tajribali yuristlarga muxtojligiga e’tibor qaratadi. Shu sonning o‘zida “Qalamkash” imzosi bilan yozilgan “Ul-bul narsalar” maqolasida masala yanada oydinlashtiriladi. Ya’ni, inqilob natijasida qo‘rquvga tushib qolgan Chor hukumatining siyosiy chekinishlaridan unumli foydalanib qolishga, bu yo‘lda mahalliy kuchlarni siyosiy birlikka chaqiradi.
Gazetaning 16-sonida “Turkiston 9-avgust” nomli maqolada muallif odatdagidek mutaassib ulamolarga qarshi emas, bu gal ma’murlarning kalondimog‘ligi, o‘z burchiga nisbatan sovuqqonligiga misollar keltiradi. Agar ma’murlarni xalqning o‘zi saylasa, albatta ular bu darajada tubanlashib ketmasdi, deb demokratik boshqaruvning ustivor jihatlariga e’tibor qaratadi. Shuningdek, “Umumiy o‘qituv” maqolasi muallifi ham Rossiya imperiyasining ruslashtirish siyosatiga qarshi dadillik bilan boshlang‘ich ta’lim, eng avvalo, mahalliy millatlarning ona tilida bo‘luvi lozim, degan qarorni ilgari suradi. “Turkiston 12-avgust” maqolasida muharrir Turkistonning shonli tarixidan gap boshlaydi. XIX asrning insoniyat boshiga ko‘plab tashvishlar keltirgani, ojiz millatlarning imperialistik zulm ostida qolgani yoziladi. Turkistonning mustamlakaga aylanishi sabablari tahlil etiladi. Ayniqsa, mahalliy millatlarning orasiga rahna solinishi, din va qadriyatlarning tahqirlanishi hamda kelajakda bu siquv yanada avj oldirilishi mumkinligiga e’tibor qaratadi. Shuningdek, Fansurulloxon Xudoyorxonovning xati bosilgan. U mahalliy boylarni xayriya jamiyati ochib, musulmonlarning yetim bolalarini homiylikka olish, ular uchun maktablar ochishga chaqiradi. Shuni ham aytib o‘tish mumkinki, mazkur gazeta faoliyati uchun ruxsat berishda ishtirok etgan Ostroumovning asl maqsadi kundan kun xalq orasida obro‘si ortib borayotgan taraqqiyparvarlarni mutaassib ulamolar qo‘li bilan yo‘q qilish edi. Shuning uchun muharrirlikni ham Turkiston taraqqiyparvarlariga emas, aynan o‘zining kantorasiga uncha uzoq bo‘lmagan Ismoil Obidiyga topshirgandi. Ismoil Obidiy o‘z maqolalarida eskilik bilan qattiq kurashib, qora guruh-ulamolarning xalq o‘rtasidagi e’tiborini tushurishga harakat qildi. Biroq, Munavvar qori va boshqa turkistonlik taraqqiyparvarlarning harakati bilan gazetaning mazmuni butunlay o‘zgarib ketdi. Unda millat, milliy ozodlik, milliy madaniyat uchun kurash, din va vatan haqidagi otashin maqolalar elning asriy uyqudan qalqishiga sabab bo‘ldi. “Taraqqiy” gazetasi Turkistondagi ilk jadid gazetasi bo‘lishiga qaramay, butun mintaqani jadid g‘oyalari atrofida jipslashtirishga erishdi. Hatto, Ismoil Obidiyning nomini ham “Taraqqiy” deb atay boshladilar. Maqsadiga yeta olmagan hukumat gazetani siyosatga aralashgan degan ayblov bilan yopadi. Uning 20-soni so‘nggisi bo‘ldi. Hukumat gazetaning mulklarini musodara etib, muharririni qamoqqa oldi.
“SADOI FARG‘ONA” GAZETASI
Jadid matbuotining yirik nashrlaridan biri 1914-yil 3-aprelidan Qo‘qon shahrida chiqa boshlagan “Sadoi Farg‘ona” gazetasidir. Uning egasi va muharriri tog‘-kon muhandisi Obidjon Mahmudov bo‘lib, gazeta uning xususiy matbaasida bosilgan. Gazeta xalqni jaholatga qarshi kurashga, foydasiz rasm-rusum va bad’atlarni tugatishga, ularga sarflanadigan mablag‘larni esa millat bolalarini o‘qishi uchun ishlatishga chaqirdi. “Sadoi Farg‘ona” ilk sonlaridanoq xalqning sevimli gazetasi va muhokama minbariga aylanib ulgurdi. Gazeta Turkiston jadidlarining afkor ommasi sifatida ta’limni isloh etishni bosh masala sifatida o‘z oldiga qo‘ydi va “usuli jadida” maktablarini targ‘ib etdi. Uning 9-sonida “Muallim afandilarga ochuq maktub” nomli xabarda jadid maktablari muallimlarining mehnatlariga va imtihonga tayyorgarliklariga tashakkur izhor etadi. “Sadoi Farg‘ona”ning 13-sonida 5-may kuni Qo‘qonning Xonaqoh mahallasidagi “Maktabi Muhammadiya”ning, 17-sonida Yahyo qorining Shahrixon jadid maktablarida o‘tkazilgan imtihonlarda o‘quvchilarning ilmidan mag‘rur bo‘ladi va muallimlarni alqaydi. “Sadoi Farg‘ona”ning 44- va 47-sonlarida Obidjonning “Usuli jadidni ixtiro qilib turub, yana boshqalardan shikoyat qiluvchilarg‘a taajjub” maqolasida maktab va madrasalarda ta’lim berish usulini mujtahidlar ilgari ham isloh qilgani haqida yozadi. Usuli jadida endi o‘ylab topilgan narsa emas, eski maktabni isloh qilishga qarshi turuvchilar bir oz mulohaza qilsinlar, hozirgi voqelik, ijtimoiy turmushning mohiyatiga yetmay, ularning johilligi tufayli aziyat chekayotganlar bor. Bunga qaysi biri – usuli qadimmi yoki usuli jadid maktablari aybdormi, deb o‘z fikrini xulosalaydi. Gazetaning 76-sonida qo‘qonlik H.H.N. imzosi ostida (Hamza) “Muallim afandilarimiza ulug‘ rajomiz” sarlavhali murojaatida turkistonlik musulmonlarning hayotda tuban va xor bo‘lib yashayotganlariga zamonaviy bilimlardan chetda qolayotgani sabab bo‘lmoqda, deydi. Hamzaning “Maktabi “dor ul-aytom”, yangi yetimlar maktabi” maqolasida esa ota-onasi yo‘q, ko‘cha-ko‘yda qolgan bolalarni o‘qitish masalasi ko‘tarilgan. “Sadoi Farg‘ona”ning 61-sonida Mahmudxo‘ja Ahmadxo‘ja o‘g‘lining “Kecha maktabi ochilur” maqolasida kechki maktablarni ochish masalasining dolzarbligi va unda o‘qitiladigan bilimlar batafsil bayon qilinadi. “Sadoi Farg‘ona”ning 93-sonida “Hunar maktabi” nomli xabarda Andijonda Sartaroshlik maktabi ochilgani va hunar egalarining ish bilan ta’minlanishi haqida yoziladi. Shuningdek, “Sadoi Farg‘ona”ning 7-sonida bosilgan “Rusiyada yahudiy maktablari” nomli maqolada “Rusiya yahudiylari musulmonlarning choragidan ham kam bo‘lib, hammasi 6 million miqdoricha bordir. ...1914-yilgi hisobotga qaraganda. Yahudiylarning o‘z din va tillarini o‘rgatadirgan milliy maktablari Rusiyada rasmiy 10 000 dan ortiq ekan. Ulardan besh barobar ortuq musulmonlarning eski va yangi maktab madrasalari bilan bari qo‘shilib ham 9000 ga yetmaydur, deyilgan. “Sadoi Farg‘ona” gazetasining 44-sonida e’lon qilingan “Buxoroda maktablar yopilmoq” nomli maqolada 1914-yil 5-iyul, shanba kuni Buxoro qozikaloni va Qo‘shbegisining Buxoroda 3 ta (Govkushon 70 nafar, Bozori Kafsh 20 nafar, Labi Hovuz 35 nafar) yangi usul maktablarining yopilib, o‘qituvchilardan xat olinganligini ma’lum qiladi. Ko‘chada qolgan bolalarning yig‘lab yurgani haqida yozadi. Turkiston o‘lkasidagi taraqqiyparvarlik harakatini qo‘llab-quvvatlab, Turkmanistonning Chelikin ovulida ochilgan jadid maktabi muvaffaqiyatlari, Qoshg‘arda ochilgan jadid maktabi haqida xabar beradi. “Sadoi Farg‘ona” sahifalarida oliy ta’lim muammolari, ayniqsa madrasa ta’limini isloh etish bilan bog‘liq munozaralarga keng o‘rin ajratilgan. “Sadoi Farg‘ona”ning ilk sonida Shokir Muxtorovning “Islohni nimadan boshlarg‘a?” maqolasida tarbiyani, eng avvalo, ibtidoiy maktablarni isloh qilishdan boshlash kerak, deydi. Gazetaning 3-sonida mulla Abdullabek Musobek hoji o‘g‘lining “Isloh ul-isloh” maqolasi ham shu mavzuga bag‘ishlangan. U Sh.Muxtorovni tanqid etib, mavjud madrasalarni tanqid qilish deb, ularni yoppasiga yerga uraverish kerak emas, negaki, hozircha ushbu madrasalarimizdan boshqa oliy tahsil oladigan muassasalarimiz yo‘q, deydi. Buning ustiga, alloma darajasiga ko‘tarilgan buyuk ajdodlarimizning barchasi madrasalardan chiqqan. Faqat qadimda mudarrislar to‘y, ziyofat, ta’ziya va hakozo deb darsni tashlab ketmaganlar. Agar vijdon bilan yondashilsa, hozirgi madrasa ta’limi dasturidagi barcha fanlarni o‘zlashtirish mumkin, deydi. Gazetaning 7-sonida Sh.Muxtorovning “Mo fi isloh ul-isloh” maqolasi yuqoridagi fikrlarga javob shaklida yozilgan bo‘lib, muallif “ulumi qadima”ni inkor etmasligini, faqat talabalarga dunyoviy ilmlar bo‘yicha asl manbalarni emas, hoshiyalarni o‘qitishga, eng mo‘tabar va kerakli kitoblar o‘rniga “Rivoyati mutanoqaza”, “Jome’ ar-rumuz” kabilarni o‘qitishga qarshiman, deydi. Darhaqiqat, keng muhokama etilgan bu munozaralar jamoatchilikda ijtimoiy fikrning uyg‘onishiga, ziyolilarimiz, xususan, ulamolarimizning o‘z faoliyatlariga bir oz bo‘lsa-da tanqidiy yondashishlariga sabab bo‘lgan edi. “Samavarda mullabachchalar” maqolasida talabalarning axloq-odoblari va ko‘chada bekor yurmasliklari, o‘zlarining odob va axloqlari bilan xalqqa o‘rnak bo‘lishlariga chaqiradi. “Sadoi Farg‘ona” o‘z sahifalarida siyosiy xabarlarga ham keng o‘rin bergan. Muhimi, bu materiallar to‘g‘ridan-to‘g‘ri mustamlakachi manfaatini emas, aksincha, Turkiston xalqlarining qiziqishlarini ifoda etgan. “Sadoi Farg‘ona”ning 44-sonining ilk sahifasida bosilgan “Avstriya-Serbiya ixtilofi” maqolasi urush mavzusiga bag‘ishlanadi. Unda urush harakatlari haqida o‘quvchilarga batafsil ma’lumot beriladi. Gazetaning 52-sonida Nuriyning “Ovro‘pa urushi” maqolasida urush endi jahonning barcha mamlakatlarini qamrab olganligi va barcha katta mamlakatlarni qurshab olayotganiga e’tibor qaratadi. E’tiborli tomoni shundaki, muallif qardosh Turkiya mamlakatining urushga kirishi kutilayotganidan tashvish bildiradi. U aslida Turkiyaning do‘sti yo‘q va uning bataraf turgani yaxshi edi, deb xulosa bildiradi. “Sadoi Farg‘ona” gazetasining 77-sonida “Ranniy utro” gazetasidan olingan maqola berilib, unda Turkiyaning urushga kirishi va uning harbiy ahvoli haqida o‘quvchilarga xabar beriladi. Bu, avvalo, o‘quvchilarning talablari natijasi bo‘lib, jahon urushida Turkiston xalqining Turkiya mamlakatiga nisbatan hamdard munosabatidan dalolat beradi. Gazetaning 82-sonining “Targ‘ib iona” maqolasida urushning insoniyat boshiga solayotgan kulfatlari haqida to‘xtalib, aholini jabrdiyda musulmonlarga yordam tariqasida ionalar yig‘ishga chaqiradi. Shuningdek, 84-sonida “Hind musulmonlariga murojaat” nomli xabarda musulmonlarning urushga nisbatan pozitsiyasi qanday bo‘lishi kerakligi aytiladi. Jumladan, islom mamlakatlarining yetakchisi bo‘lgan Turkiyaning urushga kirishi oxirida har qanday holatda uning ziyoniga o‘ynashi va davlatning imperialistlar tomonidan bo‘lib olnishiga olib kelishi aytiladi. Darhaqiqat, urush yakunlanishi bilan Turkiya o‘z hududlarining deyarli 80 foizidan ayrilgan edi. “Sadoi Farg‘ona”ning 94-sonida N.Donchenkoning “Русская слова” gazetasida e’lon qilingan “Urush maydonidagi turkmanlar” maqolasida turkiy yigitlarning azaldan jasoratli bo‘lgani, bu dasht arslonlari Chingizxon, Amir Temur qo‘shinlarida dunyoning eng qudratli armiyalarini barpo etganini esga oladi va turkman yigitlarining tug‘ma bahodirliklarini, otlarining chidamliligi, sardorlari askarlar bilan teng yashashlari hamda jangda yagona kuchga aylanishi va ularni hech qanaqasiga yutib bo‘lmasligini yozadi. Bu maqola mustamlaka zulmi ostida ahvoli zabun, milliy armiyadan mahrum xalqning g‘ururini tiklashga qaratilgan bo‘lib, milliy istiqlol uchun birinchi zaruriy shart bo‘lgan milliy armiya orzusining ifodasi edi. “Sadoi Farg‘ona”ning 96-sonida e’lon qilingan “Insoniyat qahramoni betaraf qiz” haqidagi maqolada urush maydonlaridagi hayot qalamga olinadi va insoniyat uchun urush hech qachon foyda keltirmasligi aytib o‘tiladi. Bu Turkiston jadidlarining urushga nisbatan yakdil pozitsiyasini ifodalar edi. “Sadoi Farg‘ona” gazetasining sahifalari dunyoda kechayotgan jarayonlarni aynan milliy manfaatlar va intilishlar yuzasidan aks ettirgan. Jumladan, Yaponiyada tatar teatri qo‘yilishi, Yaponiyada musulmon deputati va ayollar huquqi masalalariga ham o‘rin ajratdi. Xullas, “Sadoi Farg‘ona”ning oxirgi – 123-soni 1915-yilning 6-iyunida chiqdi. “Sadoi Farg‘ona” gazetasi o‘z davrining siyosiy-ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy, maishiy muammolarini dadil ko‘tara olgan nashr sifatida o‘zbek jurnalistikasi tarixidan munosib o‘rin egalladi. Turkistondagi boshqa jadid matbuoti gazetalaridan “Sadoi Farg‘ona”ning yana bir farqli jihati shu ediki, u o‘zining sahifalarida ulamolar uchun ham keng o‘rin ajratdi va hech qachon keskin ziddiyatga sabab bo‘luvchi maqolalarni chop etmadi. Mana shu mo‘tadil siyosati tufayli gazeta Turkiston ulamolarining ham, jadid taraqqiyparvarlarining ham birday sevimli minbariga aylana oldi. Ikkinchi tomondan, gazeta ijod ahli uchun ham bag‘rikenglik qildi. Gazeta sahifalarida So‘fizoda, Tavallo she’rlari, yosh Cho‘lpon, Ibrohim Davronlarning ilk ijodiy namunalari e’lon qilindi. Aytish mumkinki, “Sadoi Farg‘ona” keyinchalik Turkistondan ko‘plab ijodkorlarning, jurnalistlarning yetishib chiqishida ham katta rol o‘ynadi. “Sadoi Farg‘ona” o‘z sahifalarida siyosiy axborotlar uchun ham keng o‘rin ajratgan. Bu materiallar asosan Birinchi jahon urushi bilan bog‘liq bo‘lsa-da, Turkiston jadidlarining ma’lum maqsadlarini ifodalashi bilan ahamiyatga molikdir. “Sadoi Farg‘ona” o‘z davrida xalqimizning siyosiy ongini, siyosiy madaniyatini oshirishda bemisl xizmat qildi. Va keyinchalik ilk siyosiy tashkilotlar, siyosiy partiyalarning paydo bo‘lishida ham xizmati katta bo‘ldi.
“NAJOT” GAZETASI