(1917-YIL 23-MART – 1917-YIL IYUN) “Najot”ning shiori “Musovvat, hurriyat, adolat” bo‘lib, Turkiston musulmonlari markaziy sho‘rosining nashri sifatida dunyoga kelgan. Munavvar qori Abdurashidxonov muharrir bo‘lgan bu gazeta, Avloniyning yozishicha, Chor hukumati zulmidan qutilish uchun “Najot” deb nomlangan. Gazetaning maslak va maqsadini ifodalovchi “Xitobnoma”sida “Bizning shiorimiz – musulmonlar birikingiz. Biz musulmonlar aksari “demokrat”, ya’ni avom atalgan xalqdan iboratdir... Sinflarning farqlari musulmonlar orasida juda zaif, bizning kamolotimiz shundadir. Kamchiligimiz ham shunda, sinflarning farqlari siyosiy hayotni juda kuchaytiradir, uning fazilati shundadir. Lekin ul millatni bo‘ladir – oning kamchiligi shundadir, biz fazilatimizni orttiraylik, kamchiligimizni tugallataylik. Yashasin zo‘r islom dunyosi” deyilgandi. Gazetada Munavvar qori, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Avloniy, Salohiddin Muftizoda, Abdulla Qodiriy, Shokirjon Rahimiy, Laziz Azizzodalarning maqolalari, Kamiy va Tavallolarning she’rlari bosilgan.Shu o‘rinda “Najot”ning mavjud sonlarini varaqlaymiz. Uning 10-sonida Salohiddin Muftizodaning “Sukut qiling! Sohibi sarvatlarning nidosi” maqolasiga raddiyasi bosilgan. Maqola muallifi mavjud iqtisodiy qiyinchiliklardan foydalanib, bolsheviklarning tashabbusini o‘z qo‘llariga olishga chaqiradi, kambag‘al qatlamlarni boylarga qarshi gij-gijlaydi. S.Muftizoda buning oqibatini oldindan ko‘rgani holda, davlatmand insonlarga murojaat etib, xalq orasida notinchlik va hukumatga ishonchsizlikning tarafdori bo‘lgan kuchlarning g‘arazli maqsadidan ogohlantiradi. Bozorlarni arzonlashtirish, xalqning eng zaruriy muammolarini zudlik bilan hal etishga chaqiradi. “Najot”ning 12-sonida S.Muftizoda “Tahqiqsiz sadjoqat” maqolasini “Men “Turon” jamiyati a’zosiman, taraqqiyparvarman. Taraqqiyparvarlik din va shariat ila qoyimdir” deb boshlaydi. Shundan so‘ng maqsadga o‘tib, gazetaning avvalgi sonida o‘zini taraqqiyparvar deb tanishtirgan Husayinovning “Туркистанский куръер” gazetasini taraqqiyparvarlarga xizmat qilgan gazeta sifatida tanishtirishiga qarshi chiqadi. Aksincha, bu gazetaning Turkistondagi missionerlik faoliyatiga oid maqolalarini misol keltirib, Husayinovning o‘zini tanazzulparvarlikda ayblaydi. “Najot”ning 15-soni xabarlar ruknida “...10-may kuni mundan ketgan mardikorlarning bir guruhi Namanganga keldilar. Ular qizil bayroqlar ko‘tarib, bir necha yerlarda yig‘inlar tashkil etadilar va ular xalqqa hurriyat haqida ma’ruzalar qilib, boylarga tegizib so‘ylandilar” deb yozadi. Gazetaning tashvishi mardikorlikdan qaytganlarning bir qismi allaqachon bolsheviklar ta’siriga tushib qolganida edi. “Qardoshlik hissi” nomli xabarda Andijondagi “Aynul Islom” jamiyati 5-may kuni Yettisuvdagi ochlikni muhokama etib, 4 kishilik komissiya qirg‘iz qardoshlar uchun iona yig‘gani va 12-may kuni “Aynul Islom” raisi mullo Zahriddin A’lam 427 so‘mni pochta orqali muhtojlarga yo‘llaganini xabar beradi. Shuningdek, Mullo Abdurahmon Abdulqayyum o‘g‘li Xo‘jandda Hoji Homid mullo Qosim o‘g‘lining bozorga urug‘lik chiqarib tekinga tarqatgani, Toshkentdagi “Guliston” jamiyatining maktab va madrasalarda o‘qiyotgan moddiy ham ma’naviy yordamga muhtoj yoshlarga ko‘makka tayyorligi haqida xabar beradi.Qo‘qonda Imomnazar qori Ali Nazar o‘g‘lining Misr, Istambul, Bayrut, va tatar nashrlaridan chiqqan yangi kitoblarni olib kelib “Zamon” nomli kutubxona ochgani va 3-may kuni Qo‘qonda “Hurriyat” nomida nashriyot shirkati ta’sis etilgani haqida yozadi. Shokirjon Rahimiyning “Sh.R.” imzosi ostida yozgan “Hurriyatdan nechuk foydalanamiz” maqolasi “Ostroumov boboy missioner Turkistonni qalin ko‘rpaga o‘rab uxlatishda o‘ziga “qadimchi ulamolar”ni do‘st etdi” degan xulosasi bilan ahamiyatli bo‘lsa, G‘uljalik Toshmuhammad al Noamiyning maqolasi “... hech bir xayolimizga kelmagan ushbu shodlik va hurriyat ila jumla dindosh va vatandoshlarimizni chin ko‘nglimdan tabrik qilaman. Bizim Turkiston ziyolilaridan o‘tinamanki, har xususda xizmatlarini ayamay vatanimiz bo‘lgan Turkiston uchun har bir foydalik ishlarni ishlashga, shundog‘ vaqtda har bir minutni zoye qilmasdan mumkin qadar tezlik ila vatanimizga eng zaruriy bo‘lgan har bir kamchiliklarimizni to‘ldirmoq va shul maqsadda hurriyatdan foydalanmoq yo‘llarini qidirsalar. Aholini hurriyatdan ogohlantirib, hurriyatning nima ekanligini va qancha yildan beri tortisha-tortisha nihoyatta ko‘p qon to‘kilganidan keyin kelib chiqqan bul hurriyatning qadrini bilib, zamonaga muvofiq ishlar qilishga yo‘lboshchi bo‘lsalar. Ham mumkin qadar xizmatlarin ayamay xalq orasinda birlik fikrini tarqatib birlashtirmak hamda shul birlashuv orqasinda har bir diniy va milliy ishlarni yo‘lga solmoq, maktab va madrasalarimizni eski ko‘yicha qoldirmay, zamonaga muvofiq keng programmali qilib isloh qilmoq, milliy matbuot xususida har bir bo‘lgan og‘riqlarni yo‘q qilib, gazeta jurnallar nashriga kirishmakdir. Vatanimizning milliy matbuotining nimaligini tushunib hamda tashna bo‘lib turganda chiqqan gazeta, jurnallar InshaaAlloh, burungi mushtariysizlik balosidan qutulib, aholi qo‘lidan kelgan yordamni hech qizg‘onmas deb bilaman. InshaaAlloh, bundan keyin chiqadirgan gazetalarimiz, vatanimiz bo‘lgan Turkistonga har bir foydalik ishlar xususinda yozib, xalqimizni oqartirmoq yo‘lini tutsalar kerak” degan fikrlari bilan ahamiyatlidir. Xullas, bu gazeta bor yo‘g‘i 20 son chiqqan. Undan ham yomoni 5 ta soni ancha abgor holda bo‘lsa ham, kutubxonalarimizda mavjud. Umid qilamanki, yaqin kelajakda uning qolgan sonlarini jamlab tadqiq etishga muyassar bo‘lamiz.
“HURRIYAT” GAZETASI