SHaxs psixologik jihatdan taraqqiy etgan, shaxsiy xususiyatlari va xatti-harakatlari bilan boshqalardan ajralib turuvchi muayyan jamiyat a’zosi bo’lib, uning shakllanishi ijtimoiy munosabatlar jarayonida kechadi. Mazkur jarayonda qatnashish asosida u jamiyat tomonidan tan olingan ma’naviy-axloqiy, shuningdek, huquqiy me’yorlar mohiyatini o’zlashtiradi. Jamiyatning a’zosi sifatida uning ijtimoiy va iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlovchi mehnat faoliyatini yo’lga qo’yadi. SHuningdek, shaxsiy ehtiyojlari, manfaatlarini qondirish yo’lida ham atrofdagilar bilan munosabatga kirishadi.
SHaxs ijtimoiy muhitdan uzilgan holda mavjud bo’la olmaydi. Buning misoli sifatida R.Kipling tomonidan yaratilgan asardagi Mauglini keltirish mumkin. Garchi, inson bolasi bo’lsada, ijtimoiy munosabatlar jarayonida ishtirok etish ko’nikma va malakalari shakllanmaganligi bois odamlar hayotiga moslasha olmaydi.
Bola yoshligidan o’yin, mehnat va o’qish faoliyatlarini tengdoshlari bilan birgalikda tashkil etish asosida ijtimoiy muhitga moslasha boradi. Ijtimoiy muhit bolaga borliqni anglash uchungina emas, balki o’zligini anglash uchun ham imkoniyat yaratadi. Bolaning doimiy ravishda jamoa orasida bo’lishi, uning jamoa ta’sirida shakllanishi unda ijtimoiy faollikni yuzaga keltiradi.
SHarq mutafakkirlari jamoaning shaxs kamolotini ta’minlashdagi o’rni va roliga alohida e’tibor berganlar. Xususan, Abu Ali ibn Sino ijtimoiy muhitning shaxsni shakllantirishdagi rolini yuqori baholaydi. Tashqi muhit va odamlar insonning borliq, unda kechayotgan o’zgarishlar, jarayonlar mohiyatini anglashgagina emas, balki uning xulqida yaxshi va yomon sifatlarning shakllanishiga ham sezilarli ta’sir etishi, shu bois bolalarni tarbiyalashda u mansub bo’lgan mikromuhit xususiyatini inobatga olishni ta’kidlaydi. Bolani yomon ta’sirlardan saqlash zarurligini uqtiradi.
SHuningdek, alloma o’qitish samaradorligini ta’minlashda bolalarga jamoa asosida bilimlarni berishni maqsadga muvofiqligini ta’kidlaydi.
Abu Nasr Forobiyning uqtirishicha, inson boshqalar bilan munosabatda bo’lish, ularning yordami va qo’llab-quvvatlashlarini his etish ehtiyojiga ega. Ana shu ehtiyojni qondirish yo’lidagi amaliy harakatlar insonni kamolotga yetaklaydi, deb hisoblaydi. Abu Rayhon Beruniy esa shaxsning rivojlanishida o’zaro yordam, hamkorlik, odamlarga nisbatan xayrihohlik uning ijtimoiy muhitdagi roli va o’rnini belgilab beradi.