Tarbiya jarayonining mohiyati va ahamiyati. Tarbiya



Yüklə 45,06 Kb.
səhifə15/15
tarix09.02.2023
ölçüsü45,06 Kb.
#83589
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   15
Tarbiya 1-mavzu(1)

Musobaqa (arabchadan tortishuv, bellashuv) metodi – shaxslarda ma’naviy-axloqiy (shu jumladan, irodaviy), jismoniy, estetik sifatlarni shakllantirish, uning dunyoqarashini boyitish maqsadida tashkil etiladigan, kim oʻzish, yaxshiroq natijaga erisha olish xarakteridagi bellashuv.
Tarbiya jarayonida ragʻbatlantirishning quyidagi turlaridan foydalaniladi:


1) Oʻquvchining zimmasiga mas’uliyatli vazifani yuklash;
2) Maqtash (ota-onalar, oʻquvchilar jamoasi oldida);
3) Estalik sovgʻasini berish (badiiy kitoblar, oʻquv qurollari va b.sh.);
4) Maqtov yorligʻi bilan taqdirlash;
5) Maxsus stipendiyalar tayinlash;
6)Qoʻllab-quvvatlash;

7) Fotosuratni hurmat taxtasiga qoʻyish;


8) Jamoa nomidan minnatdorchilik bildirish;
9) Safda birinchi oʻrinda turishini ta’minlash;
10) Musobaqalarda bayroqdor boʻlishiga imkoniyat yaratish;
11) Nomini maktab devoriy gazetasi yoki radiosi orqali qayd etish.
Tarbiya jarayonida ragʻbatlantirish metodlarini samarali qoʻllay olish uchun ragʻbatlantirishning mavjud pedagogik talablarga muvofiq boʻlishi; ketma-ket boʻlmasligi; oʻquvchini yoki uning xatti-harakatlarini haddan oshirib maqtamaslik; ularni boshqa oʻquvchilarga taqqoslab koʻrsatmaslik; oʻquvchini kamsitmaslik; talabchanlikni boʻshashtirmaslik kabilarga e’tibor qaratilishi lozim.
Tarbiya jarayonida jazolash metodini qoʻllashda quyidagi jazo choralari qoʻllaniladi:
* tanbeh berish;
* ogohlantirish;
* uyaltirish;
* hayfsan berish.


Tanbeh berish eng muhim jazo chorasi boʻlib, oʻqituvchi oʻquvchiga yuzma-yuz turib tanbeh beradi va buni kundaligiga yozib qoʻyish mumkin.

Ogohlantirish – sodir etilishi mumkin boʻlgan muayyan xatti-harakatlarning oldini olish maqsadida qoʻllaniladigan tarbiyaviy usul.

Uyaltirish – oʻquvchining ma’lum xatti-harakatlariga jamoa yoki uning tarbiyasi uchun mas’ul boʻlgan subyektlar (ota-onalar, vasiylar, jamoatchilik vakillari va boshqalar) oldida baho berish usuli. Bolalarni tarbiyalashda shu his-tuygʻularni ehtiyotkorlik bilan oʻstirish lozim, lekin hadeb uyaltiraverish, qizartiraverish yaramaydi.

Hayfsan berish oʻquvchining ma’lum xatti-harakatlarini qat’iy choralar asosida baholash boʻlib, u tanbeh va ogohlantirish kutilgan natijani bermagan holatlarda qoʻllaniladi.
Jazo puxta oʻylab qoʻllanilishi lozim, aksincha, jahl ustida jazolash mumkin emas. Jazolar yakka xarakterda, ya’ni, birgina usulni qoʻllash asosida, oʻquvchining aybiga mos, muvofiq boʻlishi, tez-tez qoʻllanilmasligi, jazolanuvchida jazoning toʻgʻri belgilanganligiga nisbatan shubha tugʻdirmasligi lozim, shundagina ular oʻz ayblarini sezadilar. Jamoada muhokama qilish va jamoa tomonidan qoʻllab-quvvatlangan holda jazo berish uning ta’sir kuchini yanada oshiradi.
Jazolash metodini qoʻllashda jismoniy jazoni qoʻllash, oʻquvchilarni urish, kaltaklash, qoʻrqitish, gʻazablantirish, jismonan va ruhan azoblash, tahqirlash, sha’nini yerga urish kabilar ta’qiqlanadi. Bu kabi usullarni qoʻllash salbiy natijalarga olib keladi, ya’ni, oʻquvchi qoʻrqqanda yolgʻon gapirishni oʻrganadi, ikki yuzlamachi boʻlib qoladi.
Oʻz-oʻzini tarbiyalash metodlari oʻquvchilarning oʻzini oʻzi idora qilishlari, turli oʻquvchilar organlari faoliyatida faol ishtirok etishlarini ta’minlash, ularning ijtimoiy mavqelarini oshirish maqsadida qoʻllaniladigan usullardir.
Oʻz-oʻzini tarbiyalash metodlarining tarbiyalovchilik xarakteri oʻquvchilarning oʻzini oʻzi idora qilishlar, oʻquvchilar organlari faoliyatida faol ishtirok etishlarini ta’minlash, shuningdek, ijtimoiy mavqeini oshirishning ta’sirchan vositasi ekanligida aks etadi. Mazkur metodlar oʻquvchilarni tashabbuskorlikka, mustaqillikka undaydi.

Oʻz-oʻzini tahlil (nazorat) qilish oʻz shaxsi, mavjud fazilatlari, xatti-harakati, xulq-atvorini tahlil qilish, mavjud sifatlarni boyitish yoki salbiy odatlarni bartaraf etishga qaratilgan faoliyat usulidir.

Oʻz-oʻzini baholash shaxs tomonidan mavjud fazilatlari, xatti-harakati, xulq-atvorini tahlil qilish orqali oʻziga baho berishga yoʻnaltirilgan faoliyat usuli boʻlib, u shaxsning qobiliyatini oʻz kuchi bilan yuzaga chiqishiga yordamlashishi zarur. Oʻz-oʻzini baholash qiyin, lekin shaxsni bunga bevosita tayyorlash mumkin. Oʻz-oʻzini baholash oʻquvchi uchun shaxsiy imkoniyatlarini hisob-kitob qilish, oʻziga obyektiv baho berish, oʻzidan qoniqishiga yordam beradi.

Izohlash tarbiyalanuvchiga hissiy-ogʻzaki ta’sir etish usuli boʻlib, uning muhim belgisi muayyan guruh yoki alohida shaxsga yoʻnaltirilganligidir. Oʻquvchilar bilan ishlaganda ma’naviy-axloqiy tushunchalarning ijtimoiy ahamiyati va ma’nosini izohlash zarur.
Izohlash quyidagi holatlarni yuzaga keltiradi:
1) yangi ma’naviy-axloqiy sifatlar yoki xulq koʻnikmalarini tarkib toptirish va mustahkamlash;
2) tarbiyalanuvchilarda sodir etilgan muayyan hodisa (masalan, sinf oʻquvchilarining ommaviy ravishda darsga kelmaganliklari)ga ongli munosabatni tarbiyalash.


Munozara tarbiyalanuvchilarga hissiy-ogʻzaki ta’sir koʻrsatish asosida ularda ma’naviy-axloqiy sifatlarni shakllantirishga yoʻnaltirilgan bahs-munozara usuli boʻlib, u siyosiy, iqtisodiy, madaniy, estetik va huquqiy mavzularda oʻtkaziladi. Munozara asosida turli qarashlar yotadi. Bahs ijobiy natija berishi uchun uni tashkil etishga jiddiy, puxta tayyorgarlik koʻrish talab etiladi. Munozara uchun 5-6 ta savol tayyorlanib, ular bilan ishtirokchilar oldindan tanishtiriladilar. Chiqishlar jonli, erkin va qisqa boʻlishi zarur. Pedagog ishtirokchilarga fikrlarini ixcham, asosli va dalillar asosida bayon etishga yordam beradi.

Tarbiya usullari – tarbiyalash, pedagogik ta’sir koʻrsatish xususiyatga ega xatti-harakatlar majmui boʻlib, ular yordamida shaxsning qarashlari, motivlari, harakatlarini oʻzgartirish orqali uning xulqi, pozitsiyasigatashqi ta’sir koʻrsatiladi.

Keng ommalashgan tarbiya usullari quyidagilardir:
1) Ijobiy vaziyatni yanada mustahkamlovchi tarbiya usullari;
2) Salbiy vaziyatni yanada kuchaytiruvchi tarbiya usullari;
3) Tarbiyalanuvchida ishonch hosil qiluvchi tarbiya usullari.


Ijobiy vaziyatni yanada mustahkamlovchi tarbiya usullari tarbiyalanuvchi va tarbiyachi (ota-ona, oʻqituvchi, mas’ul shaxs)lar oʻrtasidagi munosabatning yaxshilanishini ta’minlaydi. Bu turdagi tarbiya usullari sifatida tarbiyalanuvchi bilan birgalikda ma’lum faoliyatni tashkil etish (oʻyinchoqlarni birga yigʻishtirish, bolaga uning uchun murakkab sanalgan ishni bajarishda koʻmaklashish, bolani oʻylantirayotgan muammolar bilan qiziqish, unga katta ishonch bildirib, muayyan topshiriq berish) mumkin. Bu jarayonda bolaning koʻnglini koʻtaradigan, unda oʻziga nisbatan ishonchni hosil qildiradigan jumlalar (“Balli!”, “Barakalla!”, “Yashavor!”, “Juda zoʻr! Men senga ishongandim!”, “Bilaman, sen buni uddalaysan!”, “Oʻylaymanki, bu sen uchun qiyin emas!”, “Bu ishni birgalikda bajarsak qanday boʻlarkin?!” kabilar)ni ham qoʻllash maqsadga muvofiqdir.

Salbiy vaziyatni yanada kuchaytiruvchi tarbiya usullari tarbiyalanuvchi va tarbiyachilar oʻrtasidagi shunday ham yomon, salbiy munosabatni yanada yomonlashtiradi. Bu kabi tarbiya usullari sirasida tarbiyalanuvchini uning salbiy xatti-harakatlari uchun koyish, unga doʻq-poʻpisa qilish, jazolash kabilar keng qoʻllaniladi. Koʻpchilik ota-onalar ijobiy va salbiy vaziyatlarni kuchaytiruvchi tarbiya usullaridan ketma-ket foydalanadilar. Tarbiya usullarini samarali qoʻllashda eng muhimi – vaziyatni toʻgʻri baholay olish, bola holatini tushunishga harakat qilish sanaladi. Imkon qadar salbiy vaziyatni yanada kuchaytiradigan tarbiya usularidan foydalanilmagan ma’qul. CHunki, bu kabi usullar bolani ota-ona, oʻqituvchilardan uzoqlashtiradi. Bordi-yu, bola salbiy harakatlarni sodir etganda ham unga oʻz xatolarini anglashga imkon berish, ulardan toʻgʻri xulosa chiqarib olishini ta’minlash pedagogik jihatdan toʻgʻri yondashuv hisoblanadi.

Tarbiyalanuvchida ishonch hosil qiluvchi tarbiya usullari shaxsni ishontiradigan suhbatlar sanaladi. Bu usulni qoʻllash uchun tarbiyalanuvchilar yoshini chegaralab boʻlmaydi, aksincha, bu kabi suhbatlar barcha yoshdagi balogʻatga yetmaganlar uchun birdek samarali boʻladi. Ishonch hosil qiladigan suhbatlarning bolani oʻz xatti-harakatlari mohiyatini tushuntirishga, ular yuzasidan izoh berishga undash uchun xizmat qilishi muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, ota-onalar, oʻqituvchilarning kichik yoshdagi bolalar bilan suhbatlashishda “Mening oʻylashimcha, bu ishing toʻgʻri emas, bu haqida oʻzing nima deysan?”, “Ayt-chi, seningcha, shu ishing toʻgʻrimi?”, “Agar bordi-yu, shu ishni men qilgan boʻlsam, sen nima degan boʻlarding?”, “Agar Komil bunday qilganida sen xafa boʻlmagan boʻlarmiding?” kabi savollar asosida bolani oʻz xatti-harakatlari yuzasidan oʻylab koʻrishga undash maqsadga muvofiqdir. Bu oʻrinda bolaga shaxsiy harakatlarining mazmunini anglatish bilan birga, toʻgʻri xatti-harakat qanday boʻlishini tushuntirish, buning natijasida atrofdagilarning qanchalik xursand boʻlishlarini aytib oʻtish maqsadga muvofiqdir. Bunday suhbatlar hech qachon samarasiz boʻlmaydi. Biroq, suhbatlashish chogʻida bolaga zoʻrlik qilinsa, bu haqidagi ma’lumotlar bolaning miyasida uzoq vaqt saqlanib qoladi. Hatto bir necha yillar oʻtgandan keyin ham bola bu haqida oʻylaydi.

Topshiriq berish  oʻquvchilarda mehnat, ijtimoiy xulq va hayotiy tajriba koʻnikmalarini shakllantirish maqsadida qoʻllaniladigan usul.

Tarbiya vositalari tarbiya jarayonining ta’sirchanligini oshirish maqsadida qoʻllaniladigan moddiy buyumlar, narsalar, ma’naviy omillar, faoliyat (oʻyin, oʻqish, mehnat, muloqot), hissiy yondashuv koʻrinishidir.

Tarbiya turlarining umumiy tavsifi. Tarbiya turlari turli sohalarga koʻra tasnif etiladi. Koʻproq umumlashgan tasnif oʻzida aqliy, mehnat, jismoniy tarbiyani qamrab oladi. Ta’lim muassasalaridagi tarbiyaviy ishlarning turli yoʻnalishlari bilan bogʻliqlikda fuqarolik, siyosiy, baynalmilal, axloqiy, estetik, mehnat, jismoniy, huquqiy, ekologik, iqtisodiy tarbiyaga boʻlinadi. Institutsional belgilariga boʻyicha oila, ta’lim muassasasi, ta’lim muassasasidan tashqari, diniy, bolalar, yoshlar tashkilotlaridagi tarbiya, maxsus ta’lim muassasalaridagi tarbiyaga boʻlinadi.
Tarbiya va tarbiyalanuvchilar orasidagi munosabatlar uslubiga koʻra avtoritar, demokratik, liberal, erkin tarbiya; turli falsafiy konsepsiyalar bilan bogʻliqlikda pragmatik, aksiologik, jamoaviy, individual tarbiya farqlanadi.
Tarbiya nazariyasi pedagogika fanining bir qismi boʻlib, u tarbiyaviy jarayonning mazmuni, metodi va tashkiletilishimasalalarini oʻrganadi. Jamiyatimizning yangilanishi, hayotimizning taraqiyoti oʻsib kelayotgan barkamol avlod tarbiyasi bilan bogʻliq jarayonni hamqaytadan koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.
Tarbiya nazariyasi Oʻrta Osiyo faylasuflarining tarbiya haqidagi fikrlariga va xalq pedagogikasining tarbiya borasidagi boy tajribalariga tayanadi. Tarbiya nazariyasi oʻz qoidalarini asoslash uchun falsafa, sotsiologiya, etika, estetika, fiziologiya, psixologiya fanlari ma’lumotlaridan foydalanadi. Tarbiya nazariyasi pedagogikaning boshqa boʻlimlari: pedagogikaning umumiy asoslari, ta’lim nazariyasi, maktabshunoslik bilan uzviy bogʻlangandir.
Hozirgi zamon pedagogikasida tarbiya tarbiyachining tarbiyalanuvchi shaxsiga oddiy ta’sir koʻrsatishi emas, balkitarbiyachilar va tarbiyalanuvchilarning aniq bir maqsadga qaratilgan,bir-biri bilan hamkorlikda qiladigan munosabatlari va oʻzaro ta’sir koʻrsatishi ekanligi alohida ta’kidlanadi.
Tarbiya aqlli, odobli, mehnatsevar, bilimli, sogʻlom, e’tiqodli, dili pok, ruhi komil, har tomonlama ma’naviy rivojlangan, vatanparvar, baynalminal, insonparvar barkamol shaxsni shakllantirishni koʻzda tutadi. Tarbiya mahalliy, ijtimoiy-iqtisodiy shart-sharoitlar, milliy an’analar va mintaqalararo xususiyatlarni hisobga olgan holda olib boriladi.
Tarbiya jarayonida kishining turli qobiliyatlari rivojlanadi, xarakteri, gʻoyaviy, axloqiy, irodaviy, estetik xislatlari shakllanadi, tabiatga, jamiyatga ilmiy qarashlar tizimi tarkib topadi, jismoniy kuch-quvvatlari mustahkamlanadi.
Bola kattalarning tajribalarini sust holda emas, balki faol ravishda oʻzlashtiradi: bu oʻzlashtirishda uning ongli harakati, tirishqoqligi ahamiyatga ega boʻladi. Tarbiyalanuvchilar muayyan darajada faol faoliyat koʻrsatmasalar tajriba va bilimni oʻzlashtira olmaydilar. Bolaning yoshi ulgayib borgan sari bu faollik tobora koʻproq mustaqillik xususiyatlariga ega boʻlib boradi: tarbiyalanuvchilar oʻzlarida dunyoqarashni tarkib toptirishga, oʻz-oʻzini takomillashtirish, tabiat, jamiyat va turmushda uchraydigan hodisalarni tushunishga hamda idrok etilgan narsalarga tanqidiy munosabatda boʻlishga koʻnika boradilar.
Hamma davrlarning ilgʻor kishilari tarbiyaga yuqori baho berganlar. Xalq donishmandlari va mutafakkirlaridan Abu Nasr Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali Ibn Sino, Mirzo Ulugʻbek, Alisher Navoiy, Zavqiy, Furqat, Avaz Oʻtar, Hamza, Abdulla Avloniy inson kamolotini ilm-fan va tarbiyada deb bildilar.
Tarbiya jarayonida kattalar, tarbiyachilar va tarbiyalanuvchilar jamoasi oʻzaro munosabatda boʻladi. Bu munosabat oʻzaro tushunish, ishonch, hamkorlik asosida qurilishi lozim.
Maktab butun tarbiya ishini hayot bilan hamohangi, oʻquvchilarga oʻtmish, tarix, san’at haqidagi ma’lumotlarni chuqur oʻrgatishi, xalq pedagogikasi asosida ish yuritishi, buyuk allomalarning farzand tarbiyasi borasidagi pedagogik qarashlari, inson ruhini chuqur oʻrganib, sharqona urf-odatlar, an’analar asosida yoshlarga mehnat malakasini singdirishi lozim.
Tarbiya jarayonining qonuniyatlari.
Tarbiyaning maqsadini pedagoglar ham, ota-onalar ham yaxshi bilishlari lozim.
Umumta’lim maktablarida tarbiyaning asosiy maqsadi sifatida shaxsning har tomonlama kamolotga erishuvi asos qilib olinadi. Shaxsning har tomonlama kamolotga erishuvi, bu uning ayrim qirralari yoki hislatlarining toʻlaqonligi, jismoniy, axloqiy, siyosiy, estetik qarashlari yigʻindisini oʻz ichiga oladi.
Tarbiya moddiy boyliklarni ishlab chiqarish usuliga, jamiyatning ijtimoiy tuzilishiga, siyosiy tizimga, mafkuraga bogʻliqdir.
Tarbiyaning shaxs rivojlanishi bilan birligi va oʻzaro bogʻliqligi uning muhim qonuniyati hisoblanadi.
Shaxsning rivojlanishi tarbiyaning sifatiga bogʻliqdir. Ayni chogʻda tarbiyaning mazmuni, shakli va metodlari shaxsning rivojlanish darajasiga bogʻliq. Tarbiya jarayoni murakkabdir. Shuning uchun ham u tarbiyachidan bolaning ruhiy holati, aqliy va jismoniy imkoniyatlarini hisobga olib, mehribonlik bilan yondoshishni talab qiladi. Tarbiyachi tarbiyalanuvchi shaxsini diqqat bilan oʻrganishi, ularni tushunishi, hurmat qilishi lozim.
Tarbiyalanuvchilarning hayotiy faoliyati jamiyat uchun qanchalik foydali, maqsadga muvofiq va ularning munosabatlari oqilona tashkil qilinar ekan, tarbiya jarayoni shunchalik samarali amalga oshiriladi.
Insonni uning atrofini qurshab turgan vositalar: oila, ota-onasi, maktab, doʻstlari, atrof-muhit, ommaviy axborot vositalari, san’at, adabiyot, tabiat va hokazolar tarbiyalaydi. Shaxsning rivojlanish va shakllanish jarayonini boshqarib borish kerak. Shaxslararo munosabatlarda insonparvarlik, pedagoglar va oʻquvchilar oʻrtasida bir-biriga hurmat munosabatlari, bolalar fikriga e’tibor berish, ularga mehribonlarcha munosabatda boʻlish lozim.
Shunga ahamiyat berish lozimki, amalda tarbiyaviy jarayon umumxalq ishi va uzluksiz boʻlsin, barcha yoshdagi bolalarni qamrab olsin, turli ijtimoiy, jamoat va davlat institutlari va muassasalarining shaxs kamolotini shakllantirish borasidagi harakatlari mujassamlashishi ta’minlansa maqsadga muvofiq boʻladi.
Tarbiyada inson shaxsini oliy ijtimoiy qadriyat deb tan olish, har bir bola betakror va oʻziga xosligini hurmatlash,uning ijtimoiy huquqi va erkinligi e’tiborda tutilishi zarur.
Tarbiya muayyan maqsad bilan rejali ravishda amalga oshiriladigan davomli ishdir. Yosh avlodga har bir tarixiy davrdagi jamiyatning oʻziga xos ishlab chiqarish metodi va ijtimoiy munosabatlarga muvofiq tarbiya beriladi. Bu tarbiyaning asosiy qonuniyatidir.
Tarbiya jamiyat hayoti bilan bogʻliq, jamiyat oʻzgarib rivojlanishi bilan tarbiya ham oʻzgarib, rivojlanib boradi.
Tarbiya jarayoni hayotiy, amaliy xususiyat kasb etmogʻi lozim. Tarbiyaviy jarayonning barcha qatnashchilari; pedagoglar, ota-onalar, jamoatchilik, yoshlar tashkilotlari va mehnat jamoatlari – hamma kasbiy-pedagogik tayyorgarlikka ega boʻlishlari lozim.
Tarbiya jarayoni qonuniyatlari va qoidalari.
Tarbiya nazariyasida ham pedagogika fanida boʻlgani kabi, yangi vujudga kelayotgan qarashlar bilan eskirib borayotgan qarashlar oʻrtasida kurash ketgan. Tarbiya nazariyasidagi va amaliyotidagi muhim yoʻnalishlarni tanqidiy oʻrganmay turib, tarbiya nazariyasining asosiy masalalarini tushuna olish qiyin. Keng tarqalgan turi avtoritar (boshqalarga koʻr-koʻrona boʻysunish) tarbiya nazariyasi edi. Avtoritar tarbiya XVI asrda paydo boʻlib, hozirda Ispaniyada, Lotin Amerikasining ba’zi mamlakatlarida yaqqol ifodasini topgan. Avtoritar tarbiyani ilmiy ravishda asoslab berishga uringan nemis pedagogi Fridrix Gerbart (1771-1841) bola tugʻilganda «yovvoyi shoʻxlikka» xos boʻlish fikrini olgʻa suradi. Shu bilan u tartib buzgan oʻquvchilar uchun jarima jurnalini tashkil etishni taklif etadi. U tartib buzgan oʻquvchilarni ovqatsiz qoldirish, burchakka turgʻizib qoʻyish, kartserga qamash, jarimaga tortish kabi jazolashni turlarini joriy etadi.
Avtoritar tarbiyani birinchi boʻlib J.J.Russo tanqid qildi va oʻzi erkin tarbiya nazariyasini ilgari surdi.
Oʻzbek maktablarida ta’lim-tarbiya bir-biridan ajralmas deb hisoblanadi. Sinfdagi har qanday ish doimo tarbiyaviy ishdir, biroq tarbiyaviy ishlarni ta’lim berish bilan cheklash mumkin emas.
Yüklə 45,06 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   7   8   9   10   11   12   13   14   15




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin