Zararli odatlar Qo`l so`rish, burun kavlash, jinsiy a`zoga hadeb teginaverish, tirnoq tishlash va hokazo. Bolalarning yomon odatlari ro`yxatini ancha davom ettirish mumkin.
Zararli odatlar Qo`l so`rish, burun kavlash, jinsiy a`zoga hadeb teginaverish, tirnoq tishlash va hokazo. Bolalarning yomon odatlari ro`yxatini ancha davom ettirish mumkin. Ularni qanchalik jiddiy qabul qilish kerak? Nima uchun yuzaga keladi? Yo`qotish yo`llari bormi? Vaziyat naqadar jiddiy? Bola katta bo`lar ekan, u yoki bu odatni birdan ilib oladi, unga tez ko`nikadi va o`sha odatni xuddi shunday tezlikda unutishi ham mumkin. U barmog`ini so`rishi, tirnog`ini tishlashi, soch tolalarini chaynashi, burun kavlashi, xullas, ko`pdan ko`p xunuk ishlarni qilishi mumkin. Bundan tashvishlanish kerakmi yoki o`tkinchi narsa sifatida xotirjam qarash lozimmi?
Yomon odatlarga o`rganish bola rivojlanishining ma`lum bosqichiga xosdir. Ko`pincha ular bir umrga qolib ketmaydi, bu odatlarning ortida balki jiddiy muammo ham yo`qdir. Masalan, uch yarim yashar Javohir, negadir, yolg`ondakam yo`talib-yo`talib qo`yadigan odat chiqardi. Hech qanday shamollash ham, allergiya ham yo`q. Keyin ma`lum bo`lishicha, bog`cha tarbiyachisi shamollab bir-ikki kun yo`talib yurgan ekan, kichkintoy o`zi uchun nufuzli bo`lgan insonning bu ishini takrorlay boshlagan. Vaqt o`tishi bilan bu odati o`z-o`zidan qolib ketdi. Lekin u bola ruhiy holatidagi notinchlik yo boshqa muammolardan darak bo`lishi ham mumkin. Shu sababli vaziyatni baholash uchun bola o`sayotgan muhitni yaxshilab kuzatish lozim.
Sababi nima? Bolaning yomon odatlari manbaini taftish qilar ekanmiz, avvalo, ota-ona, kattalar o`zlariga tashqaridan nazar tashlashlari kerak. Masalan, burun kavlash, ruchka yo tirnoq tishlashni kichkintoy kattalarda ko`rgan bo`lishi ehtimoli yuqori.
Yomon odatlarning qanday kelib, qanday yo`qolganini ba`zida ota-ona ham, bolaning o`zi ham sezmay qoladi. Bundan kelib chiqadiki, o`sha odatlarga duch kelganda qattiq vahima qilmaslik kerak. Lekin beparvo qarab turish ham yaramaydi. Asosiysi, kichkintoyni bu odati uchun urishish, jerkish mumkin emas. Chunki «Barmog`ingni og`zingga solma» yoki «Nega hadeb burningni kavlayverasan?» degan tanbehlar, ayniqsa, ular ko`pchilik orasida aytilsa, farzandingiz ruhiyatiga yomon ta`sir o`tkazadi. Natijada yo bola bu odatini umuman tashlamaydi, yoki o`rniga undan-da xunukroq boshqa bir qiliq chiqaradi.
U bu odatni kimdadir ko`rib, shunchaki bolalikka xos taqlidchilik bilan takrorlayaptimi yo buning zamirida boshqa chuqur psixologik muammo bormi? Bu savolga javob topish uchun oiladagi muhitni ota-ona bir tanqidiy nazardan o`tkazishi kerak. Agar uyda hammasi joyida bo`lsa, muammoning ildizini bog`cha yo maktabdan qidiring: bog`cha opasi yoki tengdoshlari tomonidan tazyiq yo bosim o`tkazilmayaptimi, birov uning ustidan kulmayaptimi, umuman, bolangiz sizdan biror sir bekitmayaptimi? Agar bu savollarga ham «Yo`q» javobini olsangiz, demak, bu oddiy taqlidchilik.