Muammoning echimi qaerda? Kichkintoy bilan ruhan yaqin bo`lish, uning ichki dunyosi va ruhiyatini anglash, yashirin istaklarini aniqlab, ularni yo ro`yobga chiqarish yoki ulardan voz kechishga ko`ndirish — mana shular muammoning echimidir. Bundan tashqari, farzandingizdan yoshiga va salohiyatiga munosib narsani talab qilish kerak. Falonchining o`g`li 5 yoshda o`qishni o`rgangan bo`lsa, bu sizning farzandingiz ham albatta, shu yoshda buni eplashi, eplay olmasa, kelajagi porloq emasligidan dalolat ekani kabi qarashlar umuman noto`g`ri. Insonning aqliy rivojlanishi fazalar bilan kechadi. Va faollik fazasi hammada ham bir xil yoshda bo`lavermaydi. Balki 7 yoshda o`qishni o`rgangan bolangiz 15 yoshida o`sha o`zidan aqlliroq ko`ringan tengdoshini ortda qoldirib ketar. Shu sababli kichkintoyga individual yondashish, tarbiyani poygaga aylantirmaslik kerak. Aks holda, kichkintoy ruhiyati bunga o`zi bilgan va eplagan tarzda qarshilik ko`rsata boshlaydi, bu qarshilik ba`zida arzimas barmoq so`rishdan tortib to tunda o`rnini qo`llab qo`yishgacha bo`lishi mumkin.
Birgina barmoq so`rish odatini olaylik. So`rish bolaning tabiiy instinktidir, aynan shu instinkt tufayli u tug`iliboq onasining ko`kragini ema boshlaydi. Ammo ayrim bolalar yoshlari katta bo`lgach ham, so`rg`ich yo barmoqni so`rishda davom etaveradilar. Ba`zilar esa chaynashni yaxshi ko`rishadi: ruchkani, sochni, yoqa yoki engni. Nimanidir so`rish yoki chaynash odati bola ruhiyatining xotirjam emasligi, uni nimadir bezovta qilayotgani bilan bog`liq bo`lishi mumkin. Shu sababli, avvalo, uning asabiy holatini yaxshilash, tinchlantirish lozim. Olaylik, ona kechki payt bolasi karavoti yoniga o`tiradi va unga shirin allalar yo ertaklar aytib beradi. Ba`zida shunchaki dildan suhbatlashish ham mumkin. Shuningdek, ikki yarim-uch yoshlik bolalarga yumshoq o`yinchoqlar ham tinchlantiruvchi vazifasini bajaradi.
O`ziga ishonchi ortsin Bola ulg`aygani sayin uni yomon odatlardan qaytarish qiyinlashib boraveradi. Shuning uchun yoshi kattaroq bolalarga shunchaki ona mehrining o`zi kamlik qiladi. Endi kichkintoyga o`ziga ishonishni, sobitlikni o`rgatish lozim. Farzandingizni me`yorida maqtang, bu maqtovni faktlar bilan mustahkamlang (quruq «asalim-shakarim» emas, «menga yordam beradigan dastyorim» tarzida). Unga oz-ozdan o`zi qilishni istagan uy ishlarini topshiring. Masalan, o`g`lim piroglar pishirayotganimda masalliqlarni aralashtirishni yoqtiradi. Men unga garchi to`kib yuborish xavfi bo`lsa-da, bu ishni ishonib topshiraman. To`kilsa, o`rni to`lib ketadi, bolamning o`ziga bo`lgan ishonchi ortgani qoladi, deyman-da.