TARBIYA TIZIMI JTIMOYILASHTIRISH TARBIYA TIZMIDA INNOVATSIYALAR
16-Mavzu: MAHALLA, OILA VA MAKTAB HAMKORLIGINING UZVIYLIGINI TA’MINLASH 1. Mahalla tarixi Mahallalar qadim-qadimdan ezgulik beshigi, tarbiya o‘chog‘i, yashash tarzi, milliy udumlar, urf-odat va an’analar shakllangan maskan bo‘lib kelgan. Odamlarni bir-biriga mehr-oqibatli, muruvvatli, saxovatli qilib qo‘yishda, o‘ziga xos jamoani shakllantirishda mahallalar juda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zotan, bugungi kunda mahallalar davlat boshqaruvining birinchi bo‘g‘inlari, asosiy ustunlari sifatida e’tirof etilayotgani ham bejiz emas. Mahalla — yurtimizda asr-asrlar mobaynida shakllangan tamoman o‘ziga xos, butunlay sharqona o‘zini o‘zi boshqarish tizimidir. O‘rta osiyo muhitida jamoa, mahalla bo‘lib, bir-biriga mehroqibatli bo‘lib yashaydigan insonlar, davr qanchalik o‘zgarmasin, tarix sinovidan o‘tgan o‘z qadriyatlariga sodiq bo‘lib yashashni ma’qul ko‘rar ekan, buni zamonoviy fikrlaydigan, dunyoga teran nazar tashlaydigan odam to‘g‘ri tushunishi, tan olishi va uni hurmat bilan qabul qilishi lozim. Azaldan o‘zbek mahallalari chinakam milliy qadriyatlar maskani bo‘lib kelgan. O‘zaro mehr-oqibat, ahillik va totuvlik, ehtiyojmand, yordamga muhtoj kimsalar holidan xabar olish, yetim-yesirlarning boshini silash, to‘y-tomosha, hashar va ma’rakalarni ko‘pchilik bilan bamaslahat o‘tkazish, yaxshi kunda ham, yomon kunda ham birga bo‘lish kabi xalqimizga xos urf-odat va an’analar, avvalambor, mahalla muhitida shakllangan va rivojlangan.
Muhtaram Prezidentimiz Islom Karimov „Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch“ asarlarining birinchi bobidagi „Ma’naviyatni shakllantiradigan asosiy mezonlar“ deb nomlangan faslida mahalla boshqaruvi, uning ma’naviyatimizni shakllantirishdagi o‘ziga xos o‘rni va mavqeyiga alohida to‘xtalib o‘tadilar. Bu asarda mahallaning azaldan milliy qadriyatlar maskani bo‘lib kelgani aytilib, jumladan, shunday yoziladi: „Xalqimizga xos o‘zini o‘zi boshqarish tizimining bu noyob usuli qadim-qadimdan odamlarning nafaqat tilida, balki dilida, butun hayotida chuqur joy egallagani bejiz emas. Biz „Mahalla — ham ota, ham ona“ degan hikmatli naqlni ana shu hayotiy haqiqatning ifodasi sifatida qabul qilamiz“.
Shuningdek, muallif mustaqillik yillarida mahalla hayoti bilan bog‘liq ko‘plab qadriyatlar, udum va an’analarimiz qayta tiklanib, zamon talablari asosida boyib borayotganini alohida qayd etadilar. „Mahalla“ tushunchasining Konstitutsiyamizga kiritilishi esa, Yurtboshimiz tarafidan siyosatning xalqchilligiga dalolat sifatida tilga olinadi, bunga „Kuchli davlatdan — kuchli
jamiyat sari“ degan tamoyilning amaliy ifodasi sifatida qaraladi. Milliy tariximizga xolis baho berishga kirishdik. Bir vaqtlar hukmron mafkura badnom qilgan ne-ne zotlar nomi tiklandi. Bular orasida sohibqiron Amir Temur, buyuk avliyolarimiz —
Xoja Abdulxoliq G‘ijduvoniy, Xoja Ahmad Yassaviy, Xoja Bahouddin Naqshband, Xoja Ahror Valiy va boshqalar, buyuk islom olimlari — Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va boshqalar, sho‘ro qatag‘oniga uchragan, asarlarni o‘rganish taqiqlab qo‘yilgan Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Cho‘lpon va boshqalar bor.