Nazorat uchun savollari:
1. “Yoshlar ittifoqi” ijtimoiy harakati to’g’risida nimalarni bilasiz?
2. “Yoshlar ittifoqi” ijtimoiy-siyosiy faoliyati nimadan iborat?
3. “Yoshlar ittifoqi” ma’naviy-ma’rifiy sohadagi faoliyati nimadan iborat?
4. “Yoshlar ittifoqi” ijtimoiy harakati a’zolarining qanday huquq va burchlari bor?
5. “Yoshlar ittifoqi” ijtimoiy harakatiga pedagogik ko’mak berish shart-sharoitlari nimalardan iborat?
5-MAVZU: SINF RAHBARINING O’QUV FAOLIYATI SAMARADORLIGINI OSHIRISH YO’LLARI
MA’RUZA MASHG’ULOTI REJASI:
O‘quvchilarga tarbiyaviy ta’sir etish usullari.
O'quvchilarning o‘quv samaradorligini oshirish usullari
O’quvchilarni bilimga bo’lgan qiziqishlarini oshirish usullari.
Sinf rahbarining tarbiyasi og’ir bolalar bilan ishlash usullari.
Sinf rahbarining rag’batlantirish usullari.
Sinfda intizomni mustahkamlash usullari.
Tayanch so’zlar: sinf rahbari, o’quv yili, tarbiyaviy ta’sir, individual xususiyat, ijtimoiy mehnat, munosabat, o’quvchilar jamoasi, milliy dunyoqarash, o’zlashtirish, kundalik o’zlashtirish, yagona talab, pedagogik bilim, o’qituvchining shaxsiy fazilatlari.
1. O‘quvchilarni o‘rganish usullari
Sinf rahbarining faoliyati ko‘p qirrali va sermazmundir. U o‘zi rahbarlik qilayotgan sinf o‘quvchilarini tarbiyalash bilan bir qatorda o‘quv yili yoki chorak davomida nimalar qilish kerakligi bolalar hayotini nima bilan band qilish va tanlangan ish turini qanday amalga oshirishni bexato aniqlash kabi ancha murakkab muammoni yechadi. Bu borada sinf rahbariga turli xil manbalar yordam beradi. Tarbiyaga kompleks yondashish, biror o‘quvchini ham e'tibordan chetda qoldirmaslik sinf rahbari uchun alohida masaladir. Tarbiyalash uchun sinf rahbari tarbiya obyekti bo‘lgan bolani yaxshi bilishi, uni yaxlit idrok etishi kerak. Ko‘pchilik sinf rahbarlari bolani darsda o‘quvchi, musobaqada sportchi sifatida, ya'ni har bir aniq ish sharoitidan kelib chiqib idrok etadi va shunga ko‘ra muomala qiladi, bola shaxsining boshqa tomonlari esa hozircha hisobga olinmaydi. Ammo har bir bolaning o‘z tajribasi, o‘z emotsional madaniyat darajasi, qadrlaydigan narsalar, ehtiyojlari, talablari, umidlari, aloqalar, munosabatlari kabi butun bir dunyosi bor. Tarbiyada ana shular hisobga olinishi kerak. Sinf rahbari o‘z o‘quvchisining ichki dunyosini, kechinmalarini, xulqida vujudga kelayotgan holatlarining sababini, irodasini yaxshi bilsagina uning qalbiga yo‘l topa oladi va bolaga ta'sir etishning to‘g‘ri yo‘lini aniqlaydi. Ana shunday sifatlarga e'tibor bergan sinf rahbari tarbiyada yetakchi o‘rinni egallaydi. Shuni ham unutmaslik kerakki, bolaga tarbiyaviy ta'sir etuvchi omillar hozirgi davrda g‘oyat darajada ko‘paydi, xususan, oila, keng jamoatchilik, radio, televideniye, kino, teatr, kitob, jurnal , musiqa va boshqalar.
Sinf rahbarining bolaga tarbiyaviy ta'sir etishda yetakchilik, birdamlik rolining tarbiyaviy ta'sirini saqlab qolish g‘oyat qiyinlashib boryapti. Ba'zan bolaga tarbiyachidan ko‘ra o‘rtog‘i, qo‘shnisi, ko‘chadagi do‘stlari kuchliroq ta'sir etish hollariga duch kelamiz. Ammo buning aksi bo‘lgan taqdirdagina tarbiyada muvaffaqiyatiga erishiladi. Bunga esa tarbiyaning ham o‘z ta'siri borligini ko‘rsatadi. Chunki har bir bolada ma'lum kurtaklar: yaxshilik va poklik bilan bir qatorda salbiy, faollik va passivlik sifatlari mavjud. U munosabatlarga e'tibori jihatidan ham har xil sifatlarga ega. Agar tarbiyachi unga optimistik nuqtayi nazardan yondashsa, bola yaxshilikka intilib, uning umidini oqlaydi va aksincha, bolaga oldindan noshud, yalqov, tartibsiz deb qaralsa, u holda tarbiyalanuvchi o‘zini xuddi shunday qilib ko‘rsatadi. Natijada u bu borada ham tarbiyachining umidini oqlaydi.
Sinf rahbari bolalarni yaxshi bilishi uchun ularni o‘rganishi darsda, darsdan tashqari vaqtlarda, umuman, bolaning hayoti o‘tadigan barcha sharoitlarda amalga oshiriladi. Bolani o‘rganish bilan sinf rahbari uning individual xususiyatlari haqida aniq ma'lumotga ega bo‘ladi. Bolaning individual xususiyati uning xulqiga, o‘zlashtirishiga, munosabatlariga, jamoadagi o‘rniga ta'sir etadi. Shu boisdan ham jamoadagi individlar tarbiyalanayotganda alohida o‘quvchini unutish yaramaydi. Chunki sinf rahbari ko‘pgina tashkiliy ishlarni uyushtirishda kimga suyanish, kimga qanday vazifa yuklash, kimga mustaqillik berish va kimga muntazam yordam berish kerakligini faqat ularning individual xususiyatlarini yaxshi bilish tufayligina bexato aniqlaydi. Demak, individual munosabat bolaga tarbiyaviy ta'sir etishning eng samarali yo‘lini topish imkoniyatini beradi. Tarbiyaviy ishlar jarayonida sinf rahbari butun sinf jamoasini ham o‘rganishi kerak. Sinf rahbari o‘ziga berilgan sinfni qabul qilib olish bilan bolalar haqida ko‘pgina ma'lumotlarni aniqlaydi. Bu ma'lumotlar bolaning oilasidan, o‘qituvchilardan, o‘rtoqlaridan olinadi va tarbiyada yagona ta'sir birligi ham shu asosda vujudga keladi. Mana shu o‘rinda bolalar, ota-onalar va o‘qituvchilar o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar masalasiga alohida e'tibor berish lozim. Bu uchlik markazida bola, ya'ni o‘quvchi turadi, maktab va oila esa unga ikki tomondan ta'sir etadi. Ayni vaqtda bola maktab bilan oilasidagi aloqani ta'minlovchi vosita rolini ham bajaradi. Lekin uning maktab haqidagi oilaga yetkazadigan ma'lumotlari hamisha ham haqiqatga to‘g‘ri kelavermaydi va u hatto kundalik orqali beriladigan axborotlarni ham o‘ziga talqin etib boradi.
Ko‘pincha oila bilan maktab o‘rtasida vujudga keladigan anglashilmovchilik ham mana shu tufayli ro‘y beradi. O‘quvchi kattalarning o‘zi bilan muomala qilayotgan vaqtdagi pozitsiyasini solishtirib ko‘rish orqali ma'lum xulosaga keladi va o‘ziga hukm chiqaradi. Xuddi shu hol uning xulqida o‘z aksini topadi va u bir gal o‘qituvchining, boshqa vaqt ota-onasining tarbiyasini oladi. Hatto eng vijdonli bolada ham bu holning ro‘y berishi tabiiydir. Ana shu holatning vujudga kelmasligi uchun ota-onaga yordam berish, o‘qituvchi bilan ota-ona o‘rtasidagi hamkorlikning to‘g‘ri bo‘lishida oila tarbiyasiga rahbarlik qilish zarur. Buning uchun u har bir oilani guruh va har tomonlama o‘rganish kerak. Sinf rahbarining oilaviy sharoitni individual munosabat uchun u quyidagilarni o‘z ichiga olgan dasturga ega bo‘lishi kerak:
1. Oila haqida umumiy ma'lumot, oila tarkibi, kattalarning ish joyi, kasbi, oilaning moddiy jihatdan ta'minlanganlik darajasi, uy joy sharoiti.
2. Oilaning madaniy darajasi, oila a'zolarining ma'lumoti, oilaviy kutubxona bor-yo‘qligi, qanday matbuotga yozilishi, an'analari va oilaviy bayramlar.
3. Oilaning tarbiyaviy imkoniyatlari, ota-onaning bolaga va bolaning ota-onaga munosabati, ularning insoniy yetukligi va qiyofasi bolalarning o‘z ota-onalarining kasbi haqidagi tushunchalari, oilada salbiy ta'sirning bor- yo‘qligi.
4. Bolaga oiladan tashqarida ko‘rsatilayotgan ta'sirlar va ota-onalarning ularda munosabati, o‘rtoqlari, hovli, ko‘cha, qo‘shnilar, ota-onaning tanishlari, qarindoshlar va boshqalar.
Sinf rahbari tarbiyaviy ishning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan uning bolalar ichki dunyosiga chuqur singib kirishiga, ularning kechinmalari hamda xulq-atvorini tushunishiga bog’liqdir. O‘quvchining nima bilan yashayotganligini, uning qiziqishi va mayllari qandayligini, irodasining o‘ziga xosligi hamda xarakter- xususiyatlarini o‘rganish deganda uning qalbiga mumkin qadar ishonchli yo‘l topish, unga tarbiyaviy ta'sir etishning maqbul metodlaridan foydalanish tushuniladi.
Tarbiyachi o‘quvchining individual xususiyatlarini yaxshi o‘rgangach va tushungan taqdirdagina, bu o‘quvchi shaxsini muvaffaqiyatli tarbiyalab yetishtira oladi. O‘quvchilarni o‘rganish o‘qituvchining, ayniqsa, sinf rahbarining vazifasidir. U o‘quvchilarni faqat darsdagina emas, balki sinfdan tashqari vaqtda ham, ularga tarbiya berish vaqtida ham, o‘quvchilar uylariga borganda ham, har xil ekskursiyalar vaqtida ham o‘rganadi. Sinf rahbari sinfni qabul qilib olgandan keyin uning birinchi ishi, odatda, o‘quvchilarni o‘rganishi bilan bog’liq bo‘ladi. Bu ish uning o‘ziga biriktirilgan sinfdagi butun ish faoliyati mobaynida davom etadi va uning tarbiyaviy ish sistemasida muhim bir tomonni tashkil etadi. O‘quvchilarning o‘ziga xos xususiyatlari ularning xulqlari va mayllarini ular olgan tarbiya darajasini bilgan holda ma'lum maqsadga qaratilgan va ta'sirchan reja tuzish oson bo‘ladi.Ma'lumki, o‘quvchi shaxsining tarkib topishi va rivojlanishi bir tekis bormaydi. Sinf rahbarining mazkur o‘quvchi to‘g‘risida bilgan belgilari bugunga kelib yetarli bo‘lmay qolishi mumkin. To‘g‘ri, o‘quvchilarni o‘rganish ko‘p vaqt va ko‘p kuch talab etadi. Ammo keyinchalik bular hammasi katta natijalar beradi. Sinf rahbari o‘quvchilarni, ularning xususiyatlarini bilgan holda, ular bu jarayonni muvaffaqiyatli tarzda yo‘lga solib, yutug‘larga erishishi mumkin bo‘ladi. O‘quvchilarni o‘rganishga boshqa o‘quvchilar, yetakchilar va ota-onalar jalb etiladi.
Bunda o‘qituvchilar hamda sinf rahbarlari ishidagi o‘zaro munosabat qoidalariga rioya qilish juda muhimdir. O‘quvchilarni o‘rganish natijalari bilan barcha o‘qituvchilarni tanishtirib borish zarur. Shu bilan birga ularning har qaysi o‘quvchi to‘g‘risida bilganlarini ham hisobga olish lozim. Bular o‘quvchilarga tarbiya berish jarayonida ularga bir xilda talablar qo‘yish va ularga bir xil muomala qilishga erishishga yordam beradi. O‘quvchilarni o‘rganish ularga individual yondashishni zarur shartidir. O‘quvchilarni ularga ta'lim va tarbiya berish jarayonida har qaysi o‘quvchiga individual yondashishga erishish maqsadida o‘rganmoq lozim. O‘quvchilar o‘z xarakteriga, qiziqishi va mayliga ko‘ra bir xil emas. Ulardan bir xillari bir muncha chaqqon, boshqa bir xillari esa sustkash, uquvsiz, ba'zi o‘quvchilar jasur va shijoatkor, boshqa birlari esa uyatchan va tortinchoq bo‘lishadi. Ba'zi bir o‘quvchilar o‘z tashkilotchiligi va qat'iyligi bilan ajralib tursa, boshqa birlarida esa bu xususiyatlar mavjud emas. Xullas, sinf bir-biriga o‘xshamagan , turli xususiyatdagi bolalardan tashkil topgan bir guruhdir. Sinfda tashqi ko‘rinish jihatidan bir-biriga o‘xshash bolalar bo‘lmagan singari o‘z ichki xususiyatlari jihatidan bir biriga o‘xshaydigan bolalar ham bo‘lmaydi. Ularning xarakteri, qiziqishlari, kayfiyatlari va xohishlari, ularning xulq-atvorlari, ko‘nikma va malakalari, odatda, turlicha bo‘ladi, har qaysi o‘quvchi o‘ziga xos, boshqalarga o‘xshamaydigan xususiyatga ega bo‘ladi. U alohida shaxs sifatida kamol topib boradi.
Odatda sinf rahbari sinfdagi barcha o‘quvchilarga nisbatan yagona tarbiyaviy vazifalar qo‘yadi va hal etadi. Masalan, u o‘zining barcha o‘quvchilarni mehnatsevarlikka, bir jon, bir tan bo‘lishiga, haqqoniylikka o‘rgatishga harakat qiladi. Ammo bu vazifalarning hal etish yo‘llari, vosita va metodlari o‘quvchilarning individual xususiyatlariga qarab turlicha bo‘lishi mumkin. Ularning ba'zilarini o‘z vaqtida rag’batlantirish, ba'zilariga buyurish, xulq-atvor qoidalarini buzgan o‘quvchilarni jazolash darkor. Binobarin, o‘quvchilarga to‘g‘ri tarbiya bermoq uchun tarbiya jarayonida ularga individual yondashishni amalga oshirmoq kerak. Buning uchun esa ularni chuqur va har tomonlama o‘rganmoq zarur. Sinf rahbari o‘z o‘quvchilarini bilmasa, u o‘quvchilarga yondashishda, pedagogik ta'sir ko‘rsatish metodlarini tanlashda katta xatolarga yo‘l qo‘yishi mumkin.
O‘quvchilarga individual yondashishning amalga oshirishi tarbiya va ta'lim berish prinsiplaridan biridir. Bu tamoyil o‘quvchilar va sinf rahbarlarining o‘quv-tarbiyaviy ish tajribalaridan bolalarni sevish va hurmat qilishning namoyon bo‘lishi asosida keng qo‘llanadi.
Tarbiyachi o‘quvchilar jamoasini tarbiyalar ekan, hech qaysi o‘quvchini nazardan chetda qoldirmasligi darkor, o‘quvchilarning xulq-atvori, tartib- intizomi, o‘zlashtirishi ko‘p jihatdan ularning individual xususiyatlariga bog’liqdir. Ba'zi bir o‘quvchi o‘zining o‘qishga bardoshsizligi tufayli darslarga ulgurmaydi, ikkinchi birining darsda yaxshi javob berishga o‘z jur'atsizligi, tortinchoqligi halaqit beradi, yana birining yaxshi o‘qimasligiga o‘zlashtimaganligining sabablarini bilgan taqdirdagina, uning oldini olish borasida, real va ta'sirchan tadbirlar qo‘llash mumkin bo‘ladi.
O‘quvchilarning individual xususiyatlarini hamisha va hamma holda hisobga olmoq zarur. O‘quvchilarga individual yondashish bu har qaysi o‘quvchining xususiyatlariga faol tarzda moslashish emas. Bu eng avvalo, har qaysi o‘quvchining individual xislatlarini, uning psixologik taraqqiyoti xususiyatlarini, uning shaxsiy tajribasini hisobga olgan holda unga tarbiyaviy ta'sir ko‘rsatishning yanada samarali yo‘llarini faol ravishda qidirib topishdir. Bunday yondashishga faqat tarbiyalash va o‘qitish qiyin bo‘lgan o‘quvchilargina emas, balki istisnosiz hamma o‘quvchilar muhtojdir, tarbiyachi-o‘qituvchining vazifasi faqat qoloqlarni va intizomsizlarni ilg‘orlar va intizomlilar qatoriga yetkazib olishdangina iborat emas, balki shu bilan barcha o‘quvchilarning, jumladan eng yaxshi intizomli, bilimli, san'atga havasmand bolalarning ham aqliy quvvatlarini, ham tashkilotchilik qobiliyatlarini har tomonlama rivojlantirishdan iboratdir.
O‘quvchilarga tarbiya berish jarayonida ularga individual tarzda yondashish har qaysi o‘quvchini o‘z nazar-e'tiborida tutishdan, uning xususiyatlarini bilishdan, uning ijobiy xislatlariga tayanishdan, unga og‘ir paytlarda muntazam yordam ko‘rsatib borishdan va uni yaxshi xatti-harakati uchun rag’batlantirib turishdan iboratdir. O‘quvchi shaxsini o‘rganish ham pirovard maqsad emas, balki ularga ta'lim-tarbiya berish uchun zaruriy shart-sharoitdir. Odatda, tajribali sinf rahbarlari o‘rganayotib tarbiya berish, tarbiyalayotib o‘rganib borish qoidasiga amal qiladilar, o‘quvchilarni o‘rganishi bu tarbiyachilar uchun muvaffaqiyatli tarbiyalashning zaruriy shart-sharoiti bo‘lib xizmat qiladi, tarbiyalash esa o‘z navbatida o‘quvchilarni kamol toptirish jarayonida ularni o‘rganishning asosiy yo‘llaridan biri sifatida foydalaniladi. O‘quvchilarni o‘rganish borasidagi ishlar shaxsini kamol topshirishning tabiiy tarzda faol ishtirok etish bilan, o‘quvchilarda zaruriy ma'naviy xislatlari va xarakter-xususiyatlarini tarkib topish bilan qo‘shilib ketadi.
Sinf rahbari o‘quvchilar xulq-atvoridagi ijobiy xislatlarini rivojlantirish, salbiy xususiyatlarga barham berishni loyihalashtiradi. O‘quvchilarni o‘rganishni rejali tarzda va muntazam olib borish darkor. O‘quvchi xulq-atvoridagi yakka-yarim uchraydigan va tasodifiy voqealarni emas, balki uning shaxsida juda ko‘p uchraydigan tipik xususiyatlarini o‘rganmoq kerak. Shuni hisobga olish kerakki, o‘quvchilar hamma vaqt o‘sib kamol topib boradilar. Ularning qiziqishlari doim o‘zgarib boradi, ularning ichki dunyolari doimo boyib boradi. Shuning uchun ham o‘quvchilarni faqat rivojlanishga o‘rgatmoq va bu rivojlanishni faol boshqarib borish zarur. O‘quvchilarni yanada yaxshi, har tomonlama o‘rgatmoq uchun qilinadigan ishlarning barcha imkoniyatlarida foydalanmoq lozim. Faqat o‘quvchilarning ayrim xatti-harakatlariga bu xatti-harakatlar namoyon bo‘lishlarini tashkil etish tajribalarini o‘rganish va tahlil qilish asosida o‘quvchilarni o‘rganishda amal qilishi lozim bo‘lgan talablarni shunday ifodalamoq mumkin.
Bolalarni o‘rganish ularga tarbiya va ta'lim berish sifatini oshirishga bo‘ysundirilmog’i lozim, o‘quvchilarni muntazam tarzda o‘rganish asosida boshlang‘ich jamoaga hamda alohida o‘quvchilarga tarbiyaviy ta'sir etishning yanada samarali usul va metodlarini tanlab olishga ijodiy yondashish mumkin bo‘ladi. O‘quvchilarning individual xususiyatlari, mayllari hamda qiziqishlarini qayd qilib berish bilangina cheklanib qolish noto‘g‘ri bo‘lar edi. Bu o‘rganish asosida o‘quvchilarnigng o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, bular bilan olib boriladigan tarbiyaviy ishini tashkil etish muhimdir. O‘z o‘quvchilarini yaxshi o‘rganish, demak, tashqi tomoniga emas, balki ular xulq-atvor sabablarini o‘rganishga e'tibor bermoq darkor.
Dostları ilə paylaş: |