Tarix fanlari kafedrasi ummatov mirzohid zokirjonovich
KIRISH Mavzuning dolzarbligi. Milliy mustaqilligini qo`lga kiritgan O`zbekiston yangi yo`ldan taraqqiy eta boshladi. Mustaqillikka erishganidan so’ng O’zbekiston o’tgan yigirma bir yil ichida o’ta mashaqqatli va sharafli yo’lni bosib o’tdi. Buni oldindan yaxshi bilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov ozodlikka erishgan dastlabki kunlarimizda “O’z istiqlol va taraqqiyot yo’limiz – bu gul bilan qoplangan yo’l emas, bu totalitarizm merosidan xalos bo’lish va poklanish, mafkuraviylik illati yetkazgan ziyon-zahmatlarni bartaraf etishning qiyin, uzoq davom etadigan yo’lidir”, deb aytgan so’zlari zamirida qanchalik chuqur hayotiy ma’no borligini yana bir bor anglaymiz1.
Shu bilan birga, istiqlol O`zbekiston xalqiga ma`naviy uyg’onish, o`zlikni anglash, boy tarixiy o`tmishini o`rganishga imkon yaratib berdi. Mustaqillik tufayli o`zbek xalqining ko`p asrlik boy tarixiy, ilmiy, madaniy va ma`naviy merosini o`rganish, undan xalqning bebaho mulki sifatida foydalanishga keng yo`l ochildi. Ma`naviy boyliklar, qadriyatlar, davlat, millat, shaxsning bebaho xazinasi va taraqqiyot manbai hisoblanadi. Aynan ushbu ma`naviy va mafkuraviy asosni mustahkamlash hamda rivojlantirishda tarix fani alohida ahamiyatga egadir. Zero, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov ta`kidlaganidek “…tarix millatning haqiqiy tarbiyachisiga aylanib bormoqda. Buyuk ajdodlarimizning ishlari va jasorati tarixiy xotiramizni jonlantirib, yangi fuqarolik ongini shakllantirmoqda”2. Prezident tarixiy xotira to`g’risida fikrini davom ettirar ekan – “Tarixiy xotira tuyg’usi to`laqonli ravishda tiklangan, xalq bosib o`tgan yo`l o`zining barcha muvaffaqiyat va zafarlari, yo`qotish va qurbonlari, quvonch va iztiroblari bilan xolis va haqqoniy o`rganilgan taqdirdagina chinakam tarix bo`ladi,”3 – deya haqli ravishda qayd etgan.
Ma`lumki, toponimika yunoncha “topos” – “joy”va “onoma(yoki onima)” – “nom”so'zlaridan tarkib topgan bo`lib, shaharlar, qishloqlar, daryolar, ko'llar, tog'lar kabi geografik nomlarni, ularning kelib chiqishini, tarixini o'rganar ekan, bu fan tilshunoslarga ham, tarixchilarga ham boy ilmiy material beradi.
O`zbekiston hududi shaharlarga boy hisoblanadi. Yurtimizda Toshkent, Qo`qon, Samarqand, Namangan, Andijon, Buxoro, Xiva, Urganch, Termiz, Qarshi, Jizzax kabi qadimiy shaharlar bilan bir qatorda, Navoiy, Zarafshon, Olmaliq, Sirdaryo, Guliston, Quvasoy, Nukus, Angren, Oxangaron va boshqa ko`plab yosh shaharlar ham mavjud. Bu shaharlar nomlarining o`ziyoq bir tarix xisoblanadi. O`zbekiston shaharlari aksariyatining nomlanishi xaqida turli xil ma`lumotlar mavjud.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, O`zbekiston shaharlari toponomikasini o`rganish va tahlil qilib, xulosa chiqarish mavzuning dolzarbligini belgilaydi.