5-bob
KICHIK FONUSNING ICHIDAGI BUYUK INSON
Ikki qavatli 20 ta krovat qator joylashtirilgan yotoqxonaga
oʻxshagan bir joyda edilar. Oʻrtada uyoqdan buyoqqa yurgan
odamlarni koʻrishlari bilan tushundilar: bu yer qamoqxona edi.
Baʼzilar yotoqda uxlab yotar, uygʻoq boʻlganlar esa u yerdan bu
yerga yurib nimanidir kutishardi.
- Shularni bir kuzataylik, - dedi Kendin. Gapini tugatishga
ulgurmay, boʻlmaning temir eshigi oldida yuzlari bujmaygan bir
odam paydo boʻldi. Hayoti davomida hech ham kulmagan
odamning jiddiyligi bilan:
- Tushliiik..., - deb baqirdi. Bitta odamdan tashqari qolgan barcha
tushlikka ketdi.
Katta boʻlmada yolgʻiz qolgan u inson oldidagi gʻijim daftarga
nimalarnidir yozardi. Vaqti-vaqti bilan orqa sahifalarga koʻz
yugurtirib, bir narsalarni tekshirar, soʻngra yana kelgan joyidan
davom etardi. Yozish davomida baʼzan jilmayib qoʻyar, baʼzan
gʻamgin boʻlib qolar, baʼzan esa yigʻlamoqdan beri boʻlib,
xoʻrsinib qoʻyardi. Qalbidan nimalar oʻtardi, bilib boʻlmasdi,
ammo yozayotganlari oʻta muhim narsalar ekani ayon edi. Qalam
bilan oldidagi daftarga tinmay yozar, nigohi dunyodagi eng
buyuk qoʻshinni boshqarayotgan sarkardaning qarashlarini
eslatardi. U qoʻshinni idora qilib turganida, boshqalar ovqatdan
qaytib, yotoqdagi joylarini egalladilar.
Ikki kishi xat yozish uchun stolga yaqinlashdi, biri koʻzlarini
uzmay qoʻlida mahkam ushlab turgan qizchaning suratiga qarab
turardi. Yana ikki kishi esa goʻyo shu orqali kimdandir qasos
olayotgandek tez-tez uyoqdan buyoqqa yurardilar. Bo’lma
devorlarini inobatga olmasangiz, ularni bemor otasiga zudlik
bilan qon yetkazish uchun shoshilayotgan solih farzand deb
28
oʻylardingiz. Qolganlar esa krovatga choʻzilib, uxlab qoldilar.
Ularni butun diqqati bilan kuzatayotgan Kendinning bekorga vaqt
yoʻqotishiga monelik qilish maqsadida Jin shoshib gapira
boshladi:
- Bu uxlayotganlarni kuzatib turishing shart emas! Ular faqat
ovqat vaqti uygʻonadilar, qolgan vaqtlarini esa uxlab
oʻtkazadilar. Shu usulda goʻyo jazo muddatlarining tezroq
tugashiga ishonadilar. Uygʻoq boʻlganlarida esa ozodlikka
chiqqach, hech qachon uxlamaslikka ont ichadilar. Ammo
bilmaydilar yoki bilsalarda tushunmaydilarki, ichkarida yohud
tashqarida boʻlish oʻrtasida hech qanday farq yoʻq. Chunki har
bir inson hayotini bir fonus ichida yashab oʻtkazishga majbur.
Fonusni kattalashtiradigan faqat miyadir, inson oʻzi sigʻgan har
qanday fonusga miyasi ham sigʻadi, shubhasiz.
Kendin Jinni diqqat bilan eshitar, soʻzlari uni oʻziga sehrlab
qoʻygandi. Goʻyoki u hamma narsani bilardi, butun
universitetlardagi ilmni oʻzida jam qilgandek tuyuldi. Jin davom
etdi:
- Agar borar yeringning oxiri boʻlsa, agar qoʻlingdan kelgan
ishlarning chegarasi boʻlsa, agar bir kun kelib umring bitsa,
demak umring davomida bir fonus ichida yashaysan. Bu oʻrinda
"Inson u fonusning ichida har doim eng afzali boʻlish uchun
yashaydi" deya bemalol ayta olamiz. Yaʼni, zindonda yoki
ozodlikda boʻlishning farqi yoʻq. Shunday ekan, qayerda boʻlsa-
da, qanday boʻlsa-da, inson doimo qoʻldan kelgan eng afzal ishni
qilishi kerak.
- Tushundim, - dedi Kendin. Jin yozayotgan odamga oʻgirilib:
- Hozir shu fonusning ichida boʻlgan bir inson eng yaxshisi
boʻlish yoʻlida harakat qilyapti. Oradan yillar oʻtib, har bir inson
unga oʻxshashni orzu qiladi, chunki, u insoniyatning eng
29
afzallaridan biriga aylanadi. Shuni bilgani uchun ham uning
ishtahasi yoʻq, shuning uchun uyqusidan voz kechdi, shuning
uchun u faqatgina bir martagina mahbus boʻlib yashaydi, - dedi.
Kendin oyogʻining uchida turdi va Jinning chap yelkasiga osilib,
yozib oʻtirgan odamga tikildi. Jin:
- Yaxshiroq qara! Uni taniysan, - dedi. Kendin u insonni tanidi.
Uni bilmagan inson dunyoda bormikin? Axir, u Dostoyevskiy
edi!
|