Alisher Navoiy she’riyatni “Tengri ehsoni” deb ta’riflagan bo‘lsa, Fuzuliy uni “Rutbai she’r” (“She’r martabasi”) deb tavsiflaydi. Ushbu muqaddima ma’lumotdan so‘ng, Allohdan madad tilab, Fuzuliyning o‘tli, oshiqona g‘azallaridan birining sharhiga kirishamiz. 1. Manda Majnundan fuzun oshiqliq iste’dodi vor, Oshiqi sodiq manam, Majnunning anjaq odi vor. “Menda Majnunning ishqidan ortiq oshiqlik iste’dodi – qobiliyati bor. Haqiqiy oshiq menman, Majnun faqat oshiq deb nom chiqargan, xolos”, deydi shoir.
2. N-o‘la, qon to‘kmakda mohir o‘lsa chashmim mardumi, Nutfayi Qobildurur, g‘amzang kibi ustodi vor. “Ko‘zum qorachig‘i yig‘lab qon to‘kmaklikda mohir bo‘lsa, nima bo‘libdi? Axir, bu Qobilning nasli – avlodidur, yana sening ko‘zu kipriklaringdek qotil ustodi bor!” Bu baytda ko‘p ma’nolar jamlangan. “Chashmai mardumi” degan ibora ko‘z qorachig‘i degan ma’nodan tashqari, ko‘zimning odami, ko‘zimdan qon to‘kuvchi, meni o‘ldiruvchi ma’shuqam degan ma’noda ham kelayotir. “Nutfai Qobildurur” iborasi esa, “Qabul qiluvchi, qobiliyatli, itoatli” degan ma’nolar bilan birga Odam alayhissalomning farzandi bo‘lmish Qobilning zurriyoti ma’nosida ham kelgan. 3. Qil tafoxurki, saning ham vor mandak oshqing, Laylining Majnuni, Shirinning agar Farhodi vor. “Sen iftixor qilginki, agar laylining Majnuni, Shirinning Farhodi bo‘lsa, sening ham mendek oshig‘ing bor!” Bu bayt matla’ni, ya’ni ilk baytni yanada rivojlantiradi va ishq qiyosi yana Majnuni Farhodga bog‘lanadi. Yana mazkur bayt hassos adib Abdulla Qodiriy “Mehrobdan chayon” asariga shohbayt qilib olingan: “Agar Farhodning Shirin, bo‘lsa Majnunlarning Laylosi, Nasib o‘lmish menga gullar aro gullarning Ra’nosi” Degan misralarni ham esga soladi.
4. Ahli tamkinam, meni bengzatma, ey gul, bulbula,