Alisher Navoiy ijodi – o‘zbek mumtoz adabiyotining yuksak bosqichi A lisher Navoiy faqat o‘zbek emas, balki butun turkiy xalqlar adabiyoti, jahon xalqlari adabiyoti tarixidagi eng noyob hodisalar silsilasiga mansub bo‘lgan buyuk shaxsdir. U qoldirgan merosning soni va hajmiga ko‘ra emas, balki ularning mazmun va yuksak badiiyatiga ko‘ra ham tengsiz adibdir. Navoiyning kichik zamondoshi Zahiriddin Muhammad Bobur buni juda muxtasar tarzda ifodalab bergan edi:
«Alisherbek naziri yo‘q kishi erdi. Turkiy til bila to she’r aytibturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas. Olti masnaviy kitob nazm qilibtur, beshi «Xamsa» javobida, yana biri «Mantiq ut-tayr» vaznida «Lison ut-tayr» otliq. to‘rt g‘azaliyot devoni tartib qilibtur: «G‘aroyib us-sig‘ar», «Navodir ush-shabob», «Badoyi ul-vasat», «Favoyid ul-kibar» otliq. YAxshi ruboiyoti ham bor. YAna «Mezon ul-avzon» otliq aruz bitibtur….. Forsiy nazmda «Foniy» taxallus qilibtur. YAna musiqiyda yaxshi nimalar bog‘labtur. YAxshi naqshlari va yaxshi peshravlari bordur»1.
Navoiyning bolaligi. Alisher Navoiy 1441 – yil 9 – fevralda Hirot shahrida dunyoga kelgan. Navoiying oila a’zolari ma’rifat egalari edi. Xususan, otasi G‘iyosiddin temuriylar saroyida Kichkina Bahodir nomi bilan mashhur bo‘lgan. U temuriylar qo‘l ostida turli lavozimlarda ishlagan, jumladan, Sabzavor shahrining hokimi ham bo‘lgan edi. Tog‘alari Kobiliy va G‘aribiylarning ziyoli insonlar, e’tiborli shoirlar bo‘lib etishganiga qaraganda, onasining ham ma’rifatli oilaga mansubligini tasavvur etish mumkin.
Alisherning og‘asi SHayx Bahlulbek keyinchalik Xorazm hukmdori bo‘lgan, ukasi Darvishali, singillari ham bo‘lgan2. Darvesh Ali avval Husayn Boyqaro, keyinchalik Zahiriddin Muhammad Bobur xizmatida bo‘lgan. Ularning har ikkisida ham she’riy iqtidor kuchli bo‘lgan.
Alisher bolaligidanoq alohida iste’dod va salohiyat egasi sifatida ko‘zga tashlanadi. Bu uning atrof-olamga munosabatida ham, o‘z qobiliyatini namoyish etishda ham ochiq ko‘rinadi.
Alisher Navoiyning o‘qishga, kitobga mehri juda baland bo‘lgan. Bu undagi tug‘ma iste’dod va qobiliyat bilan ham bog‘liq edi. U 4-5 yoshlarida mashhur fors-tojik adibi Qosim Anvariyning she’rlaridan birini yoddan, buning ustiga nihoyatda ifodali va ta’sirchan tarzda aytib, katta yoshdagi ustozlar hayratini oshirgan.
U maktabda Husayn Boyqaro bilan birga o‘qiydi. Biroq 1449 yilda SHohruh vafotidan keyin mamlakatda o‘zaro ichki nizo va urushlar kuchayib ketgach, ko‘plab ziyolilar, jumladan, Alisherlarning oilasi ham Xurosondan Iroqqa ko‘chishga majbur bo‘lishadi. Yo‘ldagi to‘xtashlardan birida yosh Alisher buyuk tarixchi SHarofiddin Ali YAzdiy suhbatida bo‘lib, uning tahsiniga sazovor bo‘ladi.
1450 yilda mamlakatda nisbatan osoyishtalik o‘rnatilgach, ularning oilasi yana Xurosonga qaytadi. Alisher o‘qishni davom ettiradi. U ayniqsa, badiiy adabiyotga alohida zavq va e’tibor bilan qaraydi. SHayx Sa’diyning «Guliston» va «Bo‘ston», Farididdin Attorning «Mantiq ut-tayr» asarlarini maroq bilan o‘qiydi. Hatto oxirgi dostonni u qo‘lidan qo‘ymaydigan darajaga etadi. SHunda ota-ona bu kitobni o‘qishni ta’qiqlab qo‘yishadi. Ular kitobdagi ilohiy mavzular talqinining yosh ko‘ngilga salbiy ta’sir etishidan xavfsirashgan edi. Biroq bundan naf bo‘lmaydi, chunki Alisher o‘sha kitobni allaqachon boshdan oxirigacha yodlab bo‘lgan ekan.
SHu o‘rinda yosh Alisherning yodlash qobiliyatini alohida ta’kidlash o‘rinli bo‘lar. Olimlarimiz Farhod haqida aytilgan:
Agar bir qatla ko‘rdi har sabaqni,
YAna ochmoq yo‘q erdi ul varaqni.
Ne so‘znikim o‘qib ko‘ngliga yozib,
Dema ko‘ngliki, jon lavhiga qozib.
O‘qib o‘tmak, uqib o‘tmak shiori,
Qolib yodida sahfa-sahfa bori…
– so‘zlarini muallifning o‘ziga ham nisbat berishadi. U «Muhokamat ul-lug‘atay» kitobida 18-20 yoshlaridayoq ellik mingdan ortiq baytni yoddan bilishini yozgan edi (“yigitligim zamoni va shabob ayyomi avonida ko‘prak she’rda sehrsoz va nazmda fusunpardoz shuaroning shirin ash’ori va rangin abyotidin ellik mingdin ortuq yod tutupmep”)3.
Hirot taxtini (1452) Abulqosim Bobur egallaydi va Alisherni o‘z himoyasiga oladi. U yosh shoirdagi katta iste’dodni juda qadrlar, uning parvarishi bilan ham jiddiy shug‘ullanmoqchi edi. Abulqosim Bobur G‘iyosiddin Kichkinani Sabzovor shaxriga hokim qilib (1953) tayinlaydi. Oila Sabzovorga ko‘chadi. Alisher o‘qishni shu erda davom ettiradi. SHu erda u Darvish Mansurdan aruz, Xoja YUsuf Burxondan musiqa ilmiga oid saboq oladi. Ayni chog‘da u she’riyatda ham dovruq qozona boshlaydi. 1457 yilda Abulqosim Bobur vafot etadi. Alisher endi o‘qish-o‘rganish ishlarini Mashhad shahrida davom ettiradi. Bu erda u matematika, falsafa, ilohiyot ilmlarini o‘rganish bilan band bo‘ladi. Tabiiyki, bu paytda uning eng sevimli sohasi – badiiy ijodga bo‘lgan rag‘bati ham tobora kuchayib borayotgan edi.
SHu erda u mashhur alloma shoir Kamol Turbatiy, shuningdek, hattot va shoir Hojimuhammad Astrobodiylar bilan tanishadi. Bu tanishuvlar adibning e’tiroficha, keyinchalik uning dunyoqarashi va ijodiga kuchli ijobiy ta’sir o‘tkazadi.
Alisher Navoiy 1464 yilda Hirotga qaytadi. U paytda Hirotda Abu Said Mirzo hukmronlik qilar edi. Alisher Navoiy uning e’tiboridan chetda bo‘ladi. Buning sabablari bor edi.
Ma’lumki, 1457 yilda Husayn Boyqaro toj-taxt uchun Abu Said Mirzoga qarshi kurashgan, shu paytda Alisherning tog‘alari Mirsaid Qobiliy va Muhammad Ali ham Husayn Boyqaro tarafida bo‘lishgan. Buning ustiga Alisher Navoiyning Husayn Boyqaro bilan yaqinligi ham yaxshi ma’lum edi. Bularning barchasi sabab bo‘lib, Abu Said Mirzo Navoiyni poytaxtdan uzoqroqqa – Samarqandga (1467) jo‘natib yuboradi, Bobur tili bilan aytganda «ixroj qiladi». «Ixroj»ning ma’nosini «chiqarib yuborish», «badarg‘a qilish», yanada aniqrog‘i «surgun» deb tushunish mumkin.
Samarqand hokimi Ahmad Hojibek yaxshigina shoir ham bo‘lib, «Vafoiy» taxallusi bilan ijod qilgan. U, shuningdek, Darvish Muhammad Tarxon Alisher Navoiyga katta e’tibor va hurmat bilan qarab, uni moddiy jihatdan quvvatlab turishgan.
Samarqandda u yirik fiqhshunos olim Hoji Jaloliddin Fayzulloh Abulays madrasasida shu olimdan ikki yil davomida ta’lim oladi. Fayzulloh Abulays “har vaqt u zotning ta’bidagi o‘tkirlikni maqtar va boshqa talabalardan uni ortiq ko‘rardi”.
«Xamsat ul-mutaxayyirin» kitobida ko‘rsatilishicha, Alisher Navoiy arab tili grammatikasini ustozi Abdurahmon Jomiydan o‘rgangan.