Navoiyning ilmiy asarlari Alisher Navoiy qomusiy bilimlar egasi edi. SHuning uchun ham u fanning ko‘plab sohalarida yirik kashfiyotlarni amalga oshirdi. U tilshunos, adabiyotshunos, tarixchi, faylasuf, mutasavvuf, musiqashunos olim sifatida qator ilmiy asarlarni bunyod etgan.
Navoiy – adabiyotshunos olim «Majolis un-nafois»da 459 ta shoir, yozuvchi, ijodkor haqidagi ma’lumotlar jamlangan. Bu asar o‘zbek adabiyoti va madaniyati tarixi uchun noyob manba sifatida katta ahamiyatga ega. «Bu aziz kitob hazrati xoqoni SHohruh Mirzo podshohligi davridan boshlab, shu zamonga qadar er yuzini ravshan vujudalari bilan bezagan va bezab turgan olim va shoirlardan ko‘plarining ba’zi sifatlaridan va ahvollaridan bayon qiladi»4,– deb bildiradi Xondamir.
Asar sakkiz majlisdan iborat qilib tuzilgan. Asarning birinchi (Qosim Anvor, Mavlono Kotibiy, Mavlono Ashraf, Imom G‘azzoliy...), ikkinchi (Mavlono SHarafiddin Ali YAzdiy, Xoja Fazlulloh Abullaysiy, SHayx Kamol Turbatiy, Mavlono YAqiniy...), uchinchi (Abdurahmon Jomiy, Amir SHayxim Suhayliy, Binoiy...) majlislari xronologik tartibda, ya’ni vaqtning qadimdan shoirning zamonasigacha bo‘lgan yo‘nalishi qamrovida olingan. To‘rtinchi majlisda bevosita shoirligi bilan mashhur bo‘lmasa-da, she’riyat borasida («nazm tariqida»)gi nodir voqealarga (Pahlavon Muhammad, Mirxond, Xondamir...) aloqadorligi nazarga olingan. Beshinchi (Amir Davlatshoh, Mir Haydar) va oltinchi (Ahmad Hojibek, Mavlono Ahliy...) majlislar esa ijodkorlarning yashash joylariga ko‘ra tuzilgan, ya’ni bunda mintaqaviy (geografik) prinsip amal qilgan. Ettinchi majlis Temur va temuriylarga (Temur Ko‘ragon, SHohruh Mirzo, Xalil Sulton, Ulug‘bek Mirzo, Bobur Mirzo, Abdullatif Mirzo...) bag‘ishlangan. Sakkizinchi majlis birgina Husayn Boyqaroga atalgan.
Asar faqat adiblarning hayoti va ijodiga oid materiallar bilan cheklanib qolmagan. Unda adabiyot nazariyasi, she’r san’atlari, madaniy hayot voqealari ham o‘ziga xos tarzda aks etgan. Ayrim maqolalarda adiblarning shaxsiy fazilatlari, alohida xususiyatlari ham ochib berilgan. Masalan, mashhur shoir YAhyo Sebak haqida shunday deydi: “Xuroson mulkining rangin fozili erdi, ko‘p ulum va fununda mohir erdi. Sanoe’ va aruz fanida barcha el ani musallam tutar erdi... Bu faqir aruz fanida vosita bila Mavlononing shogirdimen”. Biz Navoiyning aruz ilmini Darvesh Mansurdan o‘rganganligini yaxshi bilamiz. Darvesh Mansur esa YAhyo Sebakdan tahsil olgan. Bu erda mana shu “vosita” nazarga olingan.
Asarda Navoiyning shaxsiy hayotiga, tarjimai holiga aloqador ko‘plab fakt va voqealar ham aks etgan. Jumladan, ikkinchi majlisda Mavlono SHarafiddin Ali YAzdiy haqida gapirib turib, o‘zi bilan bevosita bog‘liq bir hodisani ham qayd etadi. Taqdir taqozosi bilan (Xurosondagi nomunosib shart-sharoit tufayli) Alisherlarning oilasi ham o‘z yaqinlari bilan Iroqqa yo‘l olishadi. Ular Taft shahrida bir muddat dam olish uchun to‘xtashadi. Bu shaharda mashhur tarixchi olim SHarafiddin Ali YAzdiy yashar erdi. Tasodifan, jamoa shu olim yashaydigan joy yaqinida to‘xtagan ekan. U kishi o‘ynab yurgan bolalardan birini chaqiradi. Bu bola yosh Alisher edi. “Faqir alar sari borurg‘a muvaffaq bo‘ldum. Har neki so‘radilar javob ayttim. Tabassum qilib tahsin qildilar, dag‘i so‘rdilarkim, maktabg‘a boribmusen? Dedimkim: boribmen. Dedilarki, ne ergacha o‘qibsen? Dedimkim, “taborak” surasig‘acha. Dedilarkim: bu jamoa atfoli (bolalari)din biz tilaganda, sen kelib biz bila oshno bo‘ldung. Sening uchun fotiha o‘quli (o‘qiylik) deb o‘z fotihalarig‘a musharraf qildilar. Hamul zamon faqirning volidi (otasi) va ul xayl ulug‘lari kelib, Mavlono xizmatida anvoyi niyozmandlig‘lar (iltijo va iltifotlar) qilg‘ondin so‘ngra, faqirg‘a andoq shuur hosil bo‘ldi angakim, “ne kishi erkandurlar”5.
Navoiy aruz ilmiga bag‘ishlab «Mezon ul-avzon» degan asar ham yozgan. Unda aruz vazning mohiyati, tuzilishi, bu vaznning turlari, juzv va ruknlari, bahrlari haqida ma’lumot beradi. Bu asarida tuyuq, qo‘shiq, chinga (yor-yor), muhabbatnoma, orzudoriy, turkiy singari she’riy shakl va janrlar haqida ham ma’lumot beradi.
Xondamir qayt etganiday: “Haqiqtdan, ul hazratning she’r nozikliklari to‘g‘risida mahoratlarining ko‘pligi bu risoladan anglanadi. CHunki o‘tmishdagi shoirlar sezgilarining nuri tushmagan bir qancha maqbul bahrni aruz doirasiga qo‘shganlarki u qimmatli nusxa mutolaa qilinsa, bu nukta ma’lum bo‘ladi.
Navoiy muammo haqida ham bir asar («Mufradot») yozgan.
Navoiy – tilshunos olim. Alisher Navoiy yirik va hassos tilshunos olim hamdir. Uning 1498 yilda yaratilgan «Muhokamat ul-lug‘atayn» asari tilshunosligimiz xazinasidagi bebaho gavhardir. Unda alloma adib, o‘z tili bilan aytganda «nazm gulistonining andalibi nag‘masaroyi» sifatida eski o‘zbek tilini, uning badiiy uslubini ilmiy-nazariy jihatdan har tomonlama asosladi, turkiy til imkoniyatlarini amaliy jihatdan isbotlab ko‘rsata oldi.
Alisher Navoiy tilning ijtimoiy hodisa ekanligiga alohida urg‘u qaratadi. O‘zbek tilidagi ifoda imkoniyatlarining boyligini namoyish qiladi. Har bir so‘zdagi ma’no nozikliklarini juda ishonchli tarzda, mantiqiy dalillar bilan ko‘rsatib beradi. U arab, fors, hindiy tillari qatorida o‘zbek tilining ham turkiy tillar oilasiga qatorida eng qadimiy tillardan biri kanligini aldohida ta’kidlaydi.
Fikrlarini qiyoslash usulidan foydalangan holda bayon etadi. Qiyos uchun u fors-tojik tilini jalb etadi. Biroq biror o‘rinda ham u xolislikdan chekinmaydi. Adib turkiy tildagi yuzta fe’lni keltirib, ularning ma’nosini anglatadigan so‘zlarning fors tilida mavjud emasligini ko‘rsatadi. YOki so‘z ma’nolari orasidagi tafovutlarga alohida urg‘u beradi.
Asarda yig‘lamoq fe’lining eng baland va doimiy ma’nosi qayd etiladi. Uning yonidagi yig‘lamsinmoq fe’lida esa ma’noning ozayishi hisobiga yangilanishi aks etadi. Ingramoq va singramak xam yig‘lash ma’nosini beradi. Faqat ularda «dard bila yashurun ohista yig‘lamoq» ma’nosi ustunroqdir. Siqtamoq esa «yig‘lamoqda mubolag‘adur». Turkiylarda «biyik un bila», ya’ni qattiq tovush chiqarib yig‘lash ham bor. Bunga «o‘kurmak» deyiladi. Adib fikrini davom ettirib shunday yozadi: «CHun o‘kurmak muqobalasida forsiy tilda lafz yo‘qtur».
Bunday fikrlar keltirilar ekan, adib ularni ko‘pincha she’riy misralar vositasida tasdiqlaydigan misollarni ham keltiradi. Jumladan, qabog‘ so‘zining ma’nosi ko‘z va qoshlar orasini bildirishi bilan izohlanib, bu ma’noni ifodalaydigan alohida so‘zning fors tilida mavjud emasligini aytarkan, quyidagi baytni dalillovchi misol sifatida keltiradi.
Mengizlari gul-gul, mijalari xor,
Qaboqlari keng-keng, og‘izlari tor.
Alisher Navoiy ona tilidagi so‘zlarning barcha imkoniyatlaridan imkoni boricha to‘liqroq foydalanishga harakat qildi. Zamondoshlari tilidagi faol va nofaol so‘zlarni o‘z asarlariga kiritib, ularning bizning zamonamizgacha etib kelishini ta’minladi. O‘zi ko‘plab yangi so‘zlarni yaratdi, oldindan qo‘llanib kelayotgan so‘zlarning yangicha ma’no tovlanishlarini kashf qildi, tilning ifoda imkoniyatlarini amaliy jihatdan ham juda kengaytirdi.
Olimning sinonimlar, omonimlar, atamashunoslik borasidagi fikrlari ham qadrlidir. Asarda it, tush, yoq, bor, sog‘in, tuz singari so‘zlarning bir necha ma’nolarni ifodalay olish imkonini ko‘rsatuvchi misollar keltirilgan. Jumladan, ko‘k so‘zining osmon, kuy, kuylamoq, qadoq, sabza – o‘t-o‘lan ma’nolarida qo‘llanilishi ko‘rsatiladi. Ayrim so‘zlarning to‘rt, besh, olti ma’noda qo‘llanishiga misollar keltiradi.
Alisher Navoiy xassos tilshunos sifatida forsiy til amaliyotida turkiy tildan o‘tgan so‘zlarga ham e’tibor qaratadi. Masalan, tubichoq, arg‘umoq, yaka, yobu, totu singari ot turlarini, dastor, qalpoq, to‘ppi, shirdog‘, yog‘lig‘ singari bosh kiyimlarini, qo‘rchi, suvchi, qushchi, qo‘ruqchi, kiyikchi, kemachi, qo‘ychi singari kasb va hunarlarning nomlarini forsiylar ham turkiycha so‘zlar bilan yuritishi ko‘rsatiladi.
SHundan so‘ng adib «bu xalq orasida paydo bo‘lg‘on tab’ ahli salohiyat va tab’larin o‘z tillari turg‘och o‘zga til bila zohir qilmasa erdi» degan istakni bildiradi. YAna qo‘shib qo‘yadiki, «agar ikala til bila aytur qobiliyatlari bo‘lsa, o‘z tillari bila ko‘prak aytsalar erdi….. agar mubolag‘a qilsalar, ikala til bila teng aytsalar erdi»6.
Garchi asar ona tilining imkoniyatlari va qonuniyatlari borasida bahs yuritsa-da, unda adabiyotshunoslikka oid ko‘plab fikr va mulohazalarni ham ko‘rish mumkin. Xususan, so‘z ma’nolari orasidagi tafovutlar, qofiya, vazn, she’r tuzilishiga oid qaydlar shular jumlasiga kiradi. Unda Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Sa’diy, Hofiz SHeroziy singari ko‘plab buyuk so‘z ustalarining ijodlariga oid qaydlar ham mavjud.
Asarda Husayn Boyqaroning turkiy tilga alohida e’tibor bergani, uning rivojini ko‘zda tutib maxsus farmonlar chiqarganligi ham aytib o‘tiladi: «Va iltifot va ehtimom7 yuzidin ba’zi ma’nilar topib, nazm qilurg‘a hukmlar ham joriy bo‘ldi».
Olim «Sab’at abhur» («Etti dengiz») nomli bir lug‘at ham tuzgan. U arab tilining izohli lug‘atidir.
Navoiy – tarixshunos olim. U 1485-1488 yillar orasida Tarixi anbiyo va hukamo» («Payg‘ambarlar va hakimlar tarixi») kitobini yozadi. Bu kitobda payg‘ambarlar tarixi Odam Atodan boshlab yoritilgan. Ikkinchi qism obidlar (xudoga toat – ibodat qiluvchilar), uchinchi qism esa hakimlar haqida. Bu qismda Luqmon, Fishog‘urs (Pifagor), Jomosb, Buqrot (Gippokrat), Suqrot, Jolinus (Galen), Batlimus (Ptolemey), Buzurjmehr va boshqalar haqida ma’lumotlar berilgan. Muhimi, ular haqida o‘kuvchilarda dastlabki tasavvurni uyg‘otish uchun ularga xos bo‘lgan eng muhim fazilatlar, xususiyatlar sanab o‘tiladi.
1488 yilda «Tarixi muluki Ajam» («Ajam shohlari tarixi») yaratiladi. Bu asarlar adibning tarix ilmini juda chuqur bilganligining yorqin nishonasidir. Unda tarixiy shaxslarning, hakimlarning hikmatlaridan namunalar keltiriladi: Buqrot hakim «debturkim, umr qisqadur, ish uzun. Oqil uldurkim, bu qisqa umrni bir nimaga sarf qilg‘aykim, zaruratroqdur, ya’ni oxirat maslahati va tengri taolo rizosi» (192). YOki, «Aristotilis hakim Aflotunning shogirdidur, Iskandarning vaziri erdi. Aning so‘zlaridin budurkim, podshoh ulug‘ rud (soy, daryo)ga o‘xshar va atboi (tobelari, tarafdorlari, izdoshlari) arig‘larg‘akim, ul ruddin ayrildilarkim, ud rud suyig‘a har hol bo‘lsa, arig‘larg‘a hamul holdur. Ul chuchuk bo‘lsa, bular chuchuk; ul achig‘ bo‘lsa, bular achig‘; ul sof bo‘lsa, bular sof; ul loy bo‘lsa, bular loy. Pas, podshohg‘a vojibdur – g‘oyat hikmat va e’tidol (o‘rtachalik, yarashiqlilik, to‘g‘rilik) bila, to mulk barqaror bo‘lg‘ay. Yo‘qki, barchag‘a nima bergay beetidolliq (nomavzunlik, yarashiqsizlik) bila, to mulk buzulg‘ay»8. (193)
Navoiyning diniy mavzularda qalam tebratgani ham yaxshi ma’lum. «Siroj ul-muslimin» («Musulmonlik chirog‘i»), «Arba’in» («Qirq hadis»), «Munojot» («Tavba-tazarru») shular jumlasidan. Navoiyning «Nasoyim ul-muhabbat min shamoyim ul-futuvvat» («Ulug‘lik xushbo‘yliklarini taratuvchi muhabbat shabbodalari») asari tasavvuf tarixiga bag‘ishlangan. Bu kitob aslida Abdurahmon Jomiyning «Nafahot ul-uns min hazarot ul-quds» («Pok zotlar huzuridan esgan do‘stlikning xush islari») kitobining erkin tarjimasidir. Bu kitobda tasavvuf tarixi, uning nazariyasi, buyuk so‘fiylarning hayoti va faoliyati yoritib berilgan. Hoja Ahmad YAssaviy, Adib Ahmad (YUgnakiy), SHayx Fariduddin Attor, Nizomiy, Xusrav Dehlaviy, SHayx Kamol Xo‘jandiy, Nosir Xusrav, Mavlono Lutfiy, Mavlono Ashraf, Sayyid Nasimiy, SHamsuddin Muhammad Hofiz SHeroziy singari buyuk adiblarning hayoti va ijodiga oid lavhalar ham shu kitobdan o‘rin olgan. Kitob tasavvufga oid hikmatli so‘z va o‘gitlarni ham jamlagan. Ularning ayrim namunalari bilan tanishishimiz mumkin:
Har bir narsaning zangi bo‘ladi, qalb nurining zangi esa, to‘yib ovqatlanishdir. Abu Sulaymon Doroniy.
Igna bila tog‘ni qozmoq takabburni ko‘ngullardin chiqarmoqdin osonroqdur (Abuhoshim So‘fiy).
«Maxfiyroq va qattiqroq parda – nafsni ko‘rish va unga tadbir qilish, ya’ni jilovlashdir»9 (Zunnuni Misriy).
«Nazm ul-javohir» («Gavharlar tizmasi») ham axloqiy-didaktik g‘oyalar targ‘ibiga bag‘ishlangan. U ayrim hadisi shariflarning she’riy talqinidir. Unda hadislardagi asosiy tushuncha va tamoyillar nihoyatda sodda va tushunarli, ta’sirchan tilda, she’riy shaklda talqin qilinadi. Masalan, «Ro‘a aboka yuro‘uka» («Otangga riot qil – bolangdan qaytadi») hadisi uchun quyidagi ruboiy keltirilgan:
Farzand ato qullig‘in chu odat qilg‘ay,
Ul odat ila kasbi saodat qilg‘ay,
Har kimki, atog‘a ko‘p rioyat qilg‘ay,
O‘g‘lidin anga bu ish siroyat10 qilg‘ay.
Adib otaga xizmat qilishning sharofatini birinchi ikki misrada ko‘rsatib bermoqda. Keyingi misrada esa yana shu fikrga qaytilgandek ko‘rinadi, ammo endi natijada ayirma bor. Har kim ekkanini o‘radi, deganlaridek, otaga qilingan hurmat va ehtirom, albatta, qaytadi, ammo uni qaytaruvchi odam mutlaqo boshqa bo‘ladi. Mana shu boshqa odam esa keyingi avlod vakili – otasiga yaxshi munosabatda bo‘lgan o‘g‘ilning farzandlaridir. Misralardagi qofiyalar: odat: saodat:rioyat:siroyat ayni mazmunni ro‘yobga chiqarishda, shu mazmunning ohangdor tariqada ifodalanishigi xizmat qilmoqda. Radifdagi «qilg‘ay» fe’lining takrori esa bu harakatlarning bardavom va muntazam bo‘lishini maxsus ta’kidlash uchun xizmat qilayotir.
Insoniy fazilatlar mavzusida boshqa bir to‘rtlik yaratiladi:
El qochsa birovdin el yomoni bil oni,
Ahvolida idbor11nishoni bil oni,
Fe’l ichra ulus baloyi joni bil oni,
Olam elining yamon yamoni bil oni.
Demak, ko‘pchilik («el») bir fikr bildirar ekan, bu tasodifiy bo‘lmaydi. Ular bir kishidan o‘zini olib qochsa, o‘sha odam elning yomoni bo‘ladi. Buning sababi esa o‘sha kishining fe’l-atvori («ahvolida idbor nishoni»)dir. Bunday odamning yomonligi faqat o‘zi uchun emas, balki barcha uchun ham zararlidir. Adib uni «ulus baloyi joni», ya’ni «elning joniga bitgan balo» sifatida ta’riflamoqda. Tugal xulosa esa oxirgi misrada ifodalangan. Bunday odam o‘zi yoki o‘zi mansub bo‘lgan elninggina emas, balki butun «olam elining yomoni»dir. SHoirning «yamon» so‘zini ikki marta qo‘llashi orqali aytmoqchi bo‘lgan fikri alohida ta’kidlanmoqda. Bunda birinchi «yomon» birlikda qo‘llangan bo‘lishiga qaramasdan, kuchli umumlashtiruvchi xususiyat kasb etmoqda. Uning belgisiz qaratqich kelishigidagi shakli esa mana shu birlikdagi otning umumlashma xususiyatini kasb etishiga turtki bo‘lmoqda. SHunga ko‘ra, mazkur birikmani biz «yomonlarning yomoni» tarzida tushunish imkoniga ega bo‘lmoqdamiz.
Navoiy tarixiy-memuar ruhidagi qator asarlarning ham muallifidir. Bu silsilada «Vaqfiya», «Xamsat ul-mutahayyirin», «Holoti Sayid Hasan Ardasher», «Holoti Pahlavon Muhammad» asarlarini eslash mumkin.
Alisher Navoiy nihoyatda ichki intizomga rioya qilar edi. SHuning uchun ham u hatto o‘z maktublarini ham tartib bilan saqlab qo‘ygan. Natijada u 1499 yilda «Munshaot» («Maktublar») degan kitobini tuzgan edi. Maktublar turli kishilarga yozilgan. Xususan, Husayn Boyqaroning katta o‘g‘li Badiuzzamon Mirzoga, o‘g‘ilxoni Mir Ibrohimga yozilgan maktublar yuksak saviyasi, go‘zal badiiyati va katta tarbiyaviy jihatlari bilan e’tiborlidir.