27-modda. Mahalliy davlat hokimiyati organlarining ta'lim sohasidagi vakolatlari Mahalliy davlat hokimiyati organlari:
ta'lim muassasalari faoliyatining mintaqalarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ehtiyojlariga muvofiqligini ta'minlaydilar;
ta'lim muassasalarini tashkil etadilar, qayta tashkil etadilar va tugatadilar, (respublika tasarrufida bo‘lgan muassasalar bundan mustasno), ularning ustavlarini ro‘yxatga oladilar;
o‘z hududlaridagi ta'lim muassasalarini vakolat doirasida moliyalash miqdorlarini va imtiyozlarni belgilaydilar;
ta'lim sifati va darajasiga, shuningdek pedagog xodimlarning kasb faoliyatiga bo‘lgan davlat talablariga rioya etilishini ta'minlaydilar;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshiradilar.
28-modda. Ta'lim muassasasini boshqarish Ta'lim muassasasini uning rahbari boshqaradi. Ta'lim muassasalarida qonun hujjatlariga muvofiq faoliyat ko‘rsatadigan jamoat boshqaruvi organlari tashkil etilishi mumkin.
29-modda. Ta'lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari bilan nodavlat ta'lim muassasalari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar Ta'lim sohasidagi davlat boshqaruvi organlari nodavlat ta'lim muassasalarida ta'lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qiladi. Nodavlat ta'lim muassasalari ta'lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzgan taqdirda, akkreditatsiya qilgan organlar ularning faoliyatini qonun hujjatlariga muvofiq to‘xtatib qo‘yishga haqli. Nodavlat ta'lim muassasalariga qabul davlat o‘quv yurtlari uchun belgilangan tartibda va muddatlarda amalga oshiriladi.
V. YAKUNLOVChI XULOSALAR
30-modda. Ota-onalar yoki qonuniy vakillarning vazifalari
31-modda. Ta'limni moliyalash
32-modda. Ta'limni rivojlantirish fondlari
33-modda. Xalqaro hamkorlik
34-modda. Ta'lim to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
30-modda. Ota-onalar yoki qonuniy vakillarning vazifalari Voyaga yetmagan bolalarning ota-onalari yoki qonuniy vakillari bolaning qonuniy huquqlari va manfaatlarini himoya qilishlari shart hamda ularning tarbiyasi, maktabgacha, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi olishlari uchun javobgardirlar.