4. Gnetumsimonlar (Gnetopsida) sinfi. Bu sinfga 3 ta qabila (qizilchanamolar - Ephedrales, Velvichiyanamolar -Welwetschiales, Gnetumnamolar-Gnetales) 3 ta oila, 3 ta turkum va 70 dan ortiq tur kiradi. Ular O`rta Yer dengizi atrofidagi cho`llarda, Janubiy Osiyo, O`rta Osiyo, Shimoliy-Janubiy Amerika, Kavkaz, Sibir, Janubiy-G`arbiy Osiyo, Amerika va Janubiy Amerikaning tropik zonalaridan taqalgan.
Hayotiy shakli jihatdan bu sinf vakillari uncha katta bo`lmagan daraxt, buta va lianalardan iborat.
Bu sinf vakillari qubbasining atrofida gulqo`rg`on ko`rinishidagi o`ramasining bo`lishi va murtakda hosil bo`ladigan urug`ning tashqi tomonini (yarmidan ziyodini) o`rab oluvchi Yumshoq etli pardaning bo`lishi bilan ajralib turadi. Ikkilamchi ksilemasining haqiqiy naylari (traxeya)-larning bo`lishi, mikro va megostrobilning dixotomik Shoxlanganligi, yerkaklik ayniqsa urg`ochi gametofitning reduksiyalanganligi ularga xos belgi xisoblanadi. Bu sinf vakillaridan faqat qizilchanamolarda arxegoniy bo`ladi, qolgan qabila vakillaridan esa faqatgina tuxum hujayra bor. Erkaklik jinsiy hujayrasi - spermaning bo`lishi (qarag`aydoshlarga o`xshash), urug`ining ikkita palladan iborat bo`lishi uning qarag`aydoshlarga yaqinligini bildiradi.
5. Gnetumnamolar (Gnetales) qabilasi. Gnetumdoshlar (Gnetaseae) oilasi. Bu oilaga bitta turkum (Gnetum) va 30 ga yaqin tur kiradi. Ular asosan sernam tropik mamlakatlarda, Janubi Sharqiy Osiyo, Malayzia, Janubiy Amerika, Afrikada tarqalgan. Ular yirik liana, daraxt va butalardan iborat. Barglari qisqa bandli, qarama-qarshi o`rnashgan, yirik, qalin, butun.
Gnetumlar ham ikki uyli o`simliklardir. Har bir mikrostrobilda bittadan mikrosporofill bo`ladi. Gnetumlarning changlari shamol yordamida tarqaladi. Megostrobil (urug`chi) qubbalarining tashqi tomoni (qoplami) Yumshoq etli bo`ladi. Urug`chili (urg`ochi) gametofitga chang kelib tushgandan so`ng sperma tuxum hujayra bilan qo`shiladi va undan urug` hosil bo`ladi. Janubiy-Sharqiy Osiyoda gnetum madaniylashtirilgan. Ularning qubbalari, yosh barglari, murtagi iste`mol qilinadi.
Ayrim tropik mamlakatlarda gnetumlarning po`stlog`idan tola olinadi. Ba`zi bir turlaridan iste`mol qilinadigan moy olinadi. Gnetumlarning qubbalarini tekshirish Shuni ko`rsatadiki, ularning qadimgi ajdodlaridagi strobil 2 jinsli bo`lgan. Bunday 2 jinsli strobil bennetitlarda bo`lgan. Shuning uchun gnetumnamolar bennettitlardan kelib chiqqan degan fikr ham bor.