Umumta’lim g‘oyasi. Komenskiy yashagan davrda hammani o‘qishga tortish shart emas, qobiliyatli kishigina o‘qishi kerak, degan g‘oya mavjud edi. Komenskiy esa o‘qishga hammaning tortilishini, hamma o‘z ona tilida umum boshlang‘ich ta’lim olishi kerakligini uqtiradi. Umumta’lim to‘g‘risida gapirganda ayollarni ham hisobga oladi. O‘sha davrda xotin-qizlar uchun o‘qish juda katta muammo edi, shunga qaramay, u bu masalani ilgari surdi.
Komenskiyning pedagogik nazariyasining yana bir qimmatli tomoni o‘quvchilar bilim olish tushunchasiga ega. Oynani qanchalik chang bosgan bo‘lsa ham, baribir kishi o‘z aksini ko‘rishi mumkin, albatta, toza oyna kishi aksini toza ko‘rsatadi. O‘qituvchining vazifasini oynadagi changni artib tashlash, ya’ni bilimni bola ongiga yetkazish, ani aqliy tomondan o‘stirishdir, degan edi.
Komenskiy o‘z asarlarida tarbiyaning maqsadini ko‘rsatadi. Tarbiyaning maqsadi kishini mangulik dunyosiga tayyorlashdan iboratdir. Buni uch xil tarbiya orqali amalga oshirish mumkin:
Aqliy tarbiya.
Axloqiy tarbiya.
Diniy tarbiya.
Bu maqsad bolaning tug‘ilganidan to 24 yoshigacha amalga oshadi, bu davr ichida bola to‘rt maktabni o‘qib tugatishi, har birida 6 yil o‘qishi kerak, deb hisoblaydi.
Komenskiyning bolani yosh davrlarga bo‘lishi. Bunda u tabiiylik prinsipiga amal qilib, bola yoshini 4 davrga bo‘ladi.
1. Tug‘ilganidan 6 yoshgacha — ona maktabi. Bu davrda bolaning sezish organlarini o‘stirishga, bolaning qabul qilishini, atrofdagi dunyo bilan tanishtirishga katta ahamiyat beradi. Bolani mehnatga o‘rgatish, o‘z-o‘ziga xizmat qilishga jalb etish kerak. Ona boladagi axloqiy tarbiyaning asoslarini, to‘g‘rilik, haqqoniylik, mehnatni sevish va boshqalarni vujudga keltiradi. Ona maktabi bog‘cha yoshidagi bola tarbiyasini ko‘zda tutadi.
2. 6—12 yoshgacha — xalq maktabi yoki ona tili maktabi. Bunda o‘quvchi esda saqlashi, so‘zlashga o‘rganishi, yozish, boshlang‘ich maktab ko‘nikmasini hosil qilishi kerak bo‘lib, buning uchun geometriya, geografiya, tabiiyot fanlarini o‘rganishi lozim.
3. 12—18 yoshgacha — gimnaziya. Bu o‘quv yurtining vazifasi bola tushunchasini, tafakkur qobiliyatini o‘stirishdan iborat bo‘lib, unda klasik tillar, tabiiyot bilimlari, axloq, ilohiy fanlar o‘qitilishi kerak.
4. 18—24 yoshgacha — Universitet. Akademiya. Bu o‘quv yurtlari o‘quvchining irodasini, shaxsini bir butun o‘stirishi kerak.
SHunday qilib, maktab Komenskiy qarashicha o‘quvchilarni o‘ylashga, harakatlantirishga, masalalarni amalda mustaqil yecha bilishga, o‘quvchilarni so‘zlashga, o‘z fikrini to‘g‘ri ifoda qilishga va isbotlab berishga o‘rgatishi kerak. Mehnat kishini ulug‘laydi, deydi Komenskiy. SHuning uchun mehnatga ham yoshlikdan o‘rgatish kerakligini ilgari suradi.
Komenskiyning pedagogik nazariyasida ta’lim-o‘qitish, ya’ni didaktika katta o‘rinni egallaydi. Bunda u tabiiylik usulini asos qilib oladi. Bu usulning mohiyati shundan iboratki, bunda bolaning yoshi, bilim darajasi, psixologik xususiyatlari hisobga olinib, darsni tabiat borlig‘iga moslab olib borish kerak, degan g‘oya ilgari suriladi.
Masalan: Qush o‘ziga uya yasaydi, uya isiq va yumshoq bo‘lishi kerak. Maktab ham xuddi shunday bo‘lishi kerak.
Komenskiy o‘zining «Buyuk didaktika» asarida maktabda o‘qitish tizimini amalga oshirishda quyidagi didaktik tamoyillarga amal qilishni tavsiya etadi.
Ko‘rsatmalilik tamoyili;
Onglilik tamoyili;
Izchillik va tizimlilik tamoyili;
Mashq qilish, bilim va malakalarni puxta egallash tamoyillari.
Komenskiy materialni mustahkam, asosli o‘zlashtirib olishlariga katta ahamiyat berib, «mustahkam asos» vujudga keltirish, o‘qitilayotgan narsalarni bir-biriga bog‘lagan holda olib borish lozim, deydi. Har bir mavzu qisqa, aniq qoidalar asosida berilishi kerak. O‘tilgan materialni mashq qildirish va takrorlatish o‘quvchilarning materialni mustahkam o‘zlashtirishiga olib keladi. Takrorlangan dars materiali esda yaxshi saqlanib qoladi. Ovoz chiqarib takrorlashning foydasi ko‘pligini ko‘rsatadi. Mashqlar o‘rnida bir qancha qoidalarni belgilab, takrorlash yo‘llarini aniqlab beradi. O‘qitishda taqrib bilan tahlilni bir-biriga qo‘shib olib borish kerakligini ko‘rsatadi.
Komenskiy maktablarda mashq qilish bilan yozishni, nutqni mashq qilish bilan gapirishni, ashulani mashq qilish bilan ashula aytishni, xulosalar chiqarib berish yo‘li bilan xulosalar chiqarishni va shu kabilarni o‘rgansinlar, toki maktab ishi qizib turgan bamisoli bir ustaxona bo‘lsin deydi. SHuningdek, u o‘quvchilarning bilish qobiliyatini o‘stirishga, bilimga bo‘lgan ishtiyoqini kuchaytirishga va ilm ishiga bo‘lgan g‘ayratini oshirishga intildi.
Komenskiy darslik qanday bo‘lishi to‘g‘risida qimmatli fikrlar aytib, o‘z zamonasi uchun namunali bo‘lgan bir necha darsliklar yozdi. O‘zining nazariy fikrlarini darsliklarida amalga oshirdi. Darslikda o‘quv materiali yetarlicha bo‘lishi, qisqa, mazmunli, tushunarli, izchil berilishi kerak. Darslik oddiy, bolalarga tushunarli tilda yozilishi, rasmlarga boy bo‘lishi kerak. Darslikdagi material muntazam tartib bilan joylashtirilishi, bolalarning yoshiga qarab ravshan bayon etilishi shart, deydi. Bu fikrlarni o‘zining «Tillar va hamma fanlarning ochiq eshigi» va «Hislar vositasi bilan idrok qilinadigan narsalarning suratlari» kabi darsliklarida bayon etadi.
«Tillar va hamma fanlarning ochiq eshigi» darsligini o‘zining didaktik tamoyillariga amal qilgan holda tuzdi. Darslik turli sohalarda bolalar tushuna oladigan bilimlar bilan tanishtiradi.
«Hislar vositasi bilan idrok qilinadigan narsalarning suratlari»ni boshlang‘ich bilimlarning bolalar uchun yozilgan ensiklopediyasi deyish mumkin. 150 ta suratlar bilan berilgan qisqa maqolada tabiat haqida (olam, geografiyaga doir, o‘simliklar, hayvonlar, inson tanasi haqida), odamning faoliyati haqida (kasb-hunar, qishloq xo‘jaligi, madaniyat), ijtimoiy hayot haqida (davlat boshqarmalari, sud haqida) ma’lumotlar beradi. Bu kitob ko‘p tillarga tarjima qilindi, boshlang‘ich ta’lim uchun 150 yildan ko‘proq yaxshi darslik sifatida xizmat qiladi.
Dostları ilə paylaş: |