Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda bolalar qarovsizligi masalasini tadqiq etish asosida O‘zbekistonda bolalar qarovsizligining shakllanishi, uni bartaraf etish xususiyatlari, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarning o‘ziga xos jihatlarini ochib berishdan iborat.
Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
O‘zbekistonda bolalar qarovsizligi shakllanishining tashqi omili to‘rt bosqichda namoyon bo‘lib, birinchi bosqich (1917–1918 yillar) – Birinchi Jahon urushi oqibatida Rossiyaning turli hududlaridan bolalarning mintaqaga kirib kelishi, ikkinchi bosqich (1918–1920 yillar) – mintaqadagi harbiy harakatlar oqibatida qarovsiz bolalarning yuzaga kelishi, uchinchi bosqich (1921–1923 yillar) – Volgabo‘yidagi qashshoqlik va ocharchilik natijasida mintaqaga qarovsiz bolalarning olib kelinishi, to‘rtinchi bosqich (1941–1945 yillar) – Ikkinchi Jahon urushi natijasida yetim bolalarning O‘zbekistonga evakuatsiya qilinishi asoslangan;
Sovetlar tomonidan O‘zbekiston hududida amalga oshirilgan turli ijtimoiy, siyosiy, iqtisodiy, madaniy o‘zgarishlar sabab aholi o‘rtasida shakllangan turli darajadagi muammolar mahalliy aholi vakillari orasida turmush daraja pasayishi va ota-onalar bolalarini boqish qobiliyati yo‘qolib borishi oqibatida qarovsiz bolalarning yuzaga kelishiga olib kelganligi isbotlangan;
Sovet hokimiyati tomonidan Turkiston o‘lkasi ochlarga yordam markazining Bolalar komissiyasi, Bolalarga yordam jamiyati va bolalar uylari ochilishi natijasida qarovsiz bolalar ushbu muassasalarga joylashtirilganligi va tarbiyalanganligi, biroq mazkur tashkilotlar doimiy tarzda davlat tomonidan moddiy jihatdan ta’minlanmaganligi hamda mavjud mablag‘larning talon-taroj etilishi natijasida qarovsiz bolalarning yashash ahvoli qoniqarsiz bo‘lganligi ochib berilgan;
Qarovsiz bolalarning soni ko‘payib borishi tufayli bolalar huquqbuzarligi va jinoyatchiligi o‘sib borganligi oqibatida Ichki ishlar bo‘limlari tomonidan bolalarni yig‘ish va vaqtincha saqlashga moslashgan bolalar qabulxonalari soni oshib borganligi aniqlangan.